Yangi Orleandagi fojia: hujum qilgan shaxs haqida nimalar ma’lum?

Jahon 11:16 / 03.01.2025 11464

Nima bo‘lgandi?

2025 yil 1 yanvarga o‘tar kechasi Yangi Orleanda Ford F-150 Lightning rusumli elektr pikap haydovchisi fransuz kvartalidagi Burbon-stritda yangi yilni nishonlayotgan odamlarni bosib ketdi — bu shahardagi doimo odamlar bilan gavjum bo‘ladigan va sayyohlar orasida mashhur markazlardan hisoblanadi. Shundan keyin haydovchi mashinadan chiqib, atrofdagilarni o‘qqa tuta boshlagan. Politsiya javoban o‘q uzgan, otishma vaqtida ushbu shaxs o‘ldirilgan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Jabborning o‘zi bilan birga jami 15 kishi halok bo‘lgan, kamida 35 kishi yaralangan.

Politsiya haydovchi harakatini qasddan amalga oshirgani va maksimal darajada zarar yetkazishga uringanini qayd etgan. Federal qidiruv byurosi Yangi Orleandagi ommaviy qotillikni terrorchilik akti sifatida tekshirmoqda — mashinadan IShID bayrog‘i topilgan — va uning ehtimoliy sheriklarini qidirmoqda.

Burbon-strit hududidan qo‘lbola portlovchi qurilma ham topilgan va zararsizlantirilgan.

Ammo hozircha IShID ham, boshqa tashkilot ham ushbu hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmagan.

Hujum qilgan shaxs haqida nimalar ma’lum?

FQB haydovchining shaxsiga aniqlik kiritgan: bu 42 yoshli Shamsuddin Jabbor bo‘lib, u Texas shtati Bomont shahrida tug‘ilib o‘sgan.

2004 yil avgustida Jabbor AQSh harbiy-dengiz kuchlarini tayyorlash markaziga o‘qishga kirgan, ammo bir oy o‘tib dasturni tark etgan.

2007 yil martidan 2015 yil yanvariga qadar Jabbor AQSh armiyasida kadrlar tayyorlash bo‘yicha mutaxassis va axborot texnologiyalari sohasi mutaxassisi sifatida xizmat qilgan. 2009 yil fevralidan 2010 yil yanvariga qadar Jabbor Afg‘onistonda komandirovkada bo‘lgan.

Uning ukasi, 24 yoshli Abdur New York Times gazetasi muxbiriga Shamsuddin nima ish qilishini bilmasdan, armiyaga ketganini aytadi.

2015 yildan 2017 yilgacha Jabbor Jorjiya shtati universitetida o‘qib, kompyuter axborot tizimlarida biznes boshqaruvi bo‘yicha diplom oladi.

Talabalar gazetasiga bergan intervyusida u fuqarolik hayotiga moslashish qiyinchiliklari haqida gapirgan. Xususan, o‘qishga to‘lov qilish uchun faxriylar stipendiyasini olish yo‘lidagi byurokratiyadan hamda armiya jargonlaridan qutula olmayotganidan noligan.

Faol xizmatdan bo‘shaganidan keyin ham, 2015 yildan 2020 yilga qadar armiya zaxirasida qolgan. Times nashri yozishicha, Jabbor 82-havo-desant diviziyasining 1-brigada jangovar guruhida axborot texnologiyalari guruhini boshqargan. Bu bo‘linma «Iblis brigadasi» deb atalgan.

Jabbor armiyadagi karerasini katta serjant maqomida yakunlagan.

Unda ov va baliqchilik uchun litsenziya bo‘lgan, shuningdek ko‘chmas mulk agenti uchun berilgan litsenziyaga egalik qilgan, uning muddati 2023 yilda tugagan.

Jabbor ikki bor uylangan. Birinchi rafiqasi bilan 2012 yilda ajrashgan; ularning ikki qizi bor. U 2017 yilda yana uylanib, ikkinchi oilasi bilan 2022 yilgacha yashagan, uning bu nikohidan bir o‘g‘il tug‘ilgan.

Abdurning so‘zlariga ko‘ra, aka-ukalar xristian oilada o‘sgan, ammo Shamsuddin ancha yillar islom dinini qabul qilgan. «Bilishimcha, u hayotining ko‘proq qismini musulmon sifatida o‘tkazdi. Uning o‘zini tutishi esa islomni ifodalamasdi. Bu dindorlik emas, qandaydir radikallashuv edi», — degan u New York Times nashriga.

Jabborning boshqa tanishlari ham New York Times bilan suhbatda unda islom diniga qiziqish o‘sib borganini qayd etishgan. Bir yilcha oldin Jabbor Texas shtatining Hyuston shahridagi musulmonlar mahallasidagi uyni ijaraga olib, ko‘chib o‘tgan.

Uning birinchi rafiqasining hozirgi turmush o‘rtog‘i nashrga ular Jabborga qizlari bilan ko‘rishishni taqiqlashgani haqida aytib bergan, chunki u so‘nggi vaqtlarda o‘zini tushunarsiz, «aqldan ozgandek tutgan, o‘z sochlarini kesib tashlagan».

Jabborning taniganlarning yana bir qanchasi u tinch hayot kechirganini aytadi. U bir necha bor qonunbuzarlik qilgan, ammo bular zo‘ravonlik bilan bog‘liq emasdi: CNN ma’lumotiga ko‘ra, 2002 yilda o‘g‘irlik qilganida qo‘lga tushgan, 2005 yilda — haydovchilik guvohnomasisiz avtomobil boshqargan, 2015 yilda esa alkogol ta’sirida rulga o‘tirgan.

2020 yilda ajrashish jarayoni vaqtida Jabborning ikkinchi rafiqasi uning o‘ziga yaqinlashishini taqiqlashni so‘ragan va sud uning iltimosini qanoatlantirgan. U ajrashish sababi sifatida ularning nikohi «ixtiloflar yoki shaxsiy mojarolar tufayli ortiq chidab bo‘lmas holatga kelgani»ni keltirgan.

Yutuyubdagi rolikda Jabbor o‘zini hyustonlik ko‘chmas mulk bo‘yicha professional agent deb tanishtiradi. Sud hujjatlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda u moliyaviy muammolarga uchragan. U Deloitte auditorlik kompaniyasida ishlagan va yiliga 120 ming dollar atrofida maosh olgan, ammo uning o‘z rieltorlik kompaniyasi Blue Meadow Properties — 28 ming dollar zarar ko‘rgan, shuningdek, Jabborning kredit kartalar orqali 16 ming dollar qarzi bor edi.

CNN jinoyatni tergov qilish jarayonidan xabardor bo‘lgan manbaga asoslanib, 1 yanvarga o‘tar kechasi, mashinada Texasdan Luizianaga ketayotganida, Jabbor qator videoroliklar yozgani haqida xabar bergan. Videolardan birida u o‘z oilasini o‘ldirish rejasi haqida gapiradi, boshqasida IShIDga qo‘shilishga ilhomlantirgan tushlarini aytib beradi.

Ijaraga olingan avtomobil va Las-Vegasdagi portlash bilan bog‘liqlik ehtimoli

Jabbor Burbon-stritdagi hujumda foydalanilgan Ford F-150 Lightning elektr yo‘ltanlamasini Turo sayti orqali ijaraga olgan — bu servis mashinalar egalariga ularni ijaraga berish imkonini beradi.

Las-Vegas sherifi Kevin Makmahill (chapda) portlagan Cybertruck rulida armiya maxsus bo‘linmasi razvedka serjanti Metyu Alan Livelsberger (o‘ngda) bo‘lganini ma’lum qilmoqda. 

1 yanvar tongida Las-Vegasdagi Trump Hotel holdida portlab ketgan Tesla Cybertruck ham xuddi shu sayt orqali ijaraga olingan. Portlash oqibatida faqat haydovchining o‘zi halok bo‘lib, yana yetti kishi yengil tan jarohatlari olishgan. Elektrmobilda yonilg‘i kanistrlari va detonatorga ulangan feyyerverklar bo‘lgan.

Amerika hukumati ikki hodisaning o‘zaro aloqadorligi ehtimolini tekshirmoqda.

Payshanba kuni politsiya va harbiylar portlagan avtomobilda amerikalik harbiy xizmatchi, armiyadagi maxsus topshiriqli bo‘linmada xizmat qilgan 37 yoshli serjant Mettyu Livelsberger bo‘lganini tasdiqladi.

Tergovchilar uning biografiyasi va iste’fodagi harbiy Shamsuddin Jabbor biografiyasida bir necha parallellarni uchratishgan. Ammo Livelsberger va Jabbor o‘zaro tanish bo‘lgani to‘g‘risida hozircha ma’lumot yo‘q.

Las-Vegas sherifi Kevin Makmahill payshanba kuni jurnalistlarga yonib ketgan pikapda Livelsbergerning harbiy guvohnomasi va pasporti, shuningdek uning nomiga olingan bir necha kredit kartalari, ikkita to‘pponcha, ayfon va soatlar topilganini ma’lum qildi.

Yonib ketgan pikapda boshqa narsalar qatori Metyu Livelsbergerning pasporti ham topilgan

Sherif yakuniy rasmiy identifikatsiya uchun DNK tekshiruvi ham zarurligini, chunki Livelsbergerning tanasi tanib bo‘lmas darajada kuyib ketganini ta’kidlagan. Lekin uning jasadi qoldiqlarida ikki tatuirovka saqlanib qolgan —serjant Livelsbergerda ham aynan shunaqasi bo‘lgan.

Mahalli koroner (o‘lim sababini aniqlaydigan sudya) payshanba kuni Livelsberger o‘zini otib o‘ldirgan. Tergov u portlashdan bir necha soni oldin o‘z joniga qasd qilganini aniqlagan.

«Men ishonch bilan aytishim mumkinki, bu o‘z joniga qasd qilish, shundan keyin darhol bomba portlagan», — degan matbuot anjumanida sherif Makmahill.

Pentagon vakili Livelsberger maxsus topshiriqli bo‘linma razvedkachisi bo‘lganini tasdiqlab, u ta’tilda bo‘lganini bildirgan.

FQB portlashda gumonlanuvchining motivlari hozircha aniq emasligini bildirgan. U Cybertruck’ni o‘zi tug‘ilgan Kolorado shtatining Denver shahrida ijaraga olgan, bu shahar Las-Vegasdan ming kilometr masofada joylashgan.

Pikap portlashi oqibatida haydovchidan boshqa hech kim halok bo‘lmagan. Tergovchilar Cybertruck kuzovi portlash kuchi va alangani atrofga tarqatmay, yuqoriga ko‘targani tufayli shunday bo‘lganini taxmin qilmoqda.

1 yanvar kuni Las-Vegasda portlagan Tesla Cybertruck ham Yangi Orleandagi hujumda foydalanilgan yo‘ltanlamas bilan bitta saytda ijaraga olingan. Foto: Reuters

Yangi Orleandagi ommaviy qotillik va Las-Vegasdagi portlashdan keyingi soatlarda politsiya va FQB Jabbor va Livelsbergerni umumlashtiruvchi faqat bitta jihat haqida aytayotgandi: ularning ikkisi ham pikaplarni Turo sayti orqali ijaraga olishgan. Endi tergovchilar yana bir necha parallellar topishgan.

Ularning ikkisi ham Shimoliy Karolinadagi Fort Bragg bazasida (hozirgi Fort Liberty) xizmat qilishgan. Shu bilan bir vaqtda, tergovchilarda ular bir vaqtda bitta qismda bo‘lishgani yoki xizmat qilishgani haqida ma’lumot yo‘q.

Fort Liberty — ulkan harbiy baza bo‘lib, u yerda 50 mingdan ortiq kishi xizmat qiladi.

Bundan tashqari, Jabbor va Livelsberger 2009 yilda Afg‘onistonda bo‘lishgan. Ammo bu mamlakatda ularning yo‘llari kesishgani ma’lum emas.

FQB hozircha Yangi Orlean va Las-Vegasdagi hodisalar o‘zaro bog‘liq bo‘lmagan, Jabbor yolg‘iz harakatlangan deb hisoblamoqda.

Ko‘proq yangiliklar: