Doktoranturada o‘qish uchun pastroq darajadagi til sertifikati qabul qilinishi mumkinmi?

O‘zbekiston 19:51 / 17.11.2023 10371

Bir guruh talabgorlar Kun.uz’ga murojaat qilib, oliy ta’limdan keyingi ta’limda ilmiy izlanishlarini olib boruvchilar uchun til sertifikati darajasi talabi bo‘yicha takliflarini yozishgan. Murojaatchilar oliy ta’limdan keyingi ta’lim uchun B1 daraja sertifikati bor talabgorlarni shartli ravishda qabul qilinishini va bunda talabgorga 1-kursni tamomlagunga qadar B2 til sertifikati olish sharti qo‘yilib, tanlovda ishtirok etishga imkon berilishini so‘rashgan.

Qayd etish joiz, prezidentning 2021 yildagi tegishli qarorida oliy ta’limdan keyingi ta’limga hujjat topshirish uchun nofilologik yo‘nalishlar uchun kamida B2 darajadagi chet tilini bilish sertifikati talab qilinishi belgilab qo‘yilgan.

Kun.uz murojaat bo‘yicha Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi mutaxassislaridan javob oldi. Vazirlik vakili Barkamol Pirmatov doktoranturaga qabul bo‘yicha tegishli qaror borligini va hozircha hech qanday istisno holat kutilmayotganini ma’lum qildi.

Shuningdek, u bu qaror qabul qilinishi natijasida, ayrim ilmiy izlanuvchilarga noqulaylik tug‘dirgani sabab ularga ayrim yengilliklar berilayotganini ham qo‘shimcha qildi. “Masalan, doktoranturaga 2023/2024 yillar uchun qabul 15 sentabrdan 15 oktyabrgacha edi, lekin biz talabgorlarga ko‘proq imkon berish uchun ariza berish muddatini 10 noyabrgacha uzaytirdik. Bundan tashqari, imtiyoz asosida ham izlanuvchilar qabul qilinyapti”, – deydi Pirmatov.

Mutaxassis ayni damda vazirlikda doktorantura yo‘nalishlari uchun qabulda til sertifikatini tabaqalashtirish, ya’ni ayrim yo‘nalishlar uchun B1 daraja til sertifikati ham tan olinishi bo‘yicha normativ hujjatlar tayyorlanayotganini ma’lum qildi. “Bu taklifimiz tasdiqdan o‘tsa, keyingi yildan doktorantlarga yana yengilliklar berilishi mumkin”, – dedi u.

Kun.uz muxbiri vazirlik vakiliga doktorantura bo‘yicha kvota to‘lmay qolsa, keyinchalik kadrlar tanqisligi masalasi o‘rtaga chiqmaydimi, degan savol bilan murojaat qildi. Pirmatovning bergan ma’lumotiga ko‘ra, hozir doktoranturaga hujjat topshirishda bo‘sh o‘rinlar foizi past.

Umuman olganda bu yil doktorantura yo‘nalishida 91 foiz ariza kelib tushgan. Bu ko‘rsatkich, masalan, magistraturada 30-40 foizni tashkil qilgan. Lekin buni ham maxsus komissiya ko‘rib chiqadi. Ular ikkinchi qabulga ruxsat bersa, yana qabul bo‘ladi, bo‘lmasa, to‘lmay qolgan kvotalar puli budjet hisobida qolaveradi”, – deydi mutaxassis.

Ko‘proq yangiliklar: