Keksalikda mashg‘ulotlar bajarish mumkinmi – gerontolog tavsiyalari

Jamiyat 11:27 / 06.11.2023 19743

Bunday paytda sizning asosiy vazifangiz harakatlanishdagi oltin o‘rtaliqni topish va mashqlarni holdan toyguncha bajarmaslik lozim. Jismoniy faollikdan voz kechish esa zararlidir. Agar keksalar bir oy davomida jismoniy faoliyatdan cheklangan bo‘lishsa, bu vaqt oralig‘ida mushaklar 25% ga zaiflashar ekan. Kamharakatlilik, nafaqat, mushaklar faoliyatiga, balki butun organizmga o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Xususan, qon aylanish tizimi, yurak faoliyati, tomirlar, bosh miya, o‘pka, jigar, buyrak... Agar bu holatning oldi tezda olinmasa, salomatlik borasida jiddiy muammolar ham yuzaga kelishi mumkin. Shuning uchun ham harakatsiz hayot tarzini sog‘lom deb atash mumkin emas. Agar keksalikda ham o‘zingizni yaxshi his qilishni xohlasangiz, bu holatni o‘zgartirishingiz kerak.

Nima mumkin, nima mumkin emas?

Birinchi navbatda, sizga qanday mashg‘ulotlar mumkin yoki mumkin emasligi to‘g‘risida maslahatlashib oling. Agar mumkin bo‘lsa, mashqlarning miqdorini ham bilib oling.

Misol uchun, qon bosimi va yurak kasalliklari bor bo‘lgan keksalarga tosh ko‘tarish, oyoqda sakrash kabi mashqlar mumkin emas. Chunki bu mashqlar qon bosimining to‘satdan ortib ketishi va stenokardiya (yurak muskullarining qisilishi)ni keltirib chiqaradi.

Bog‘da jo‘yak tortish, o‘tov qilish, sabzavotlar ekish ham nuroniylarda qon bosimining ortib ketishiga sabab bo‘lishi mumkin. Chunki bu mashg‘ulotlar egilib ishlashni talab qiladi va insult xavfini ham oshiradi. Shuning uchun ham bog‘dorchilikka qiziqadigan insonlarga bunday yumushlarni o‘tirgan yoki tizzalab, cho‘kkalagan holda bajarish tavsiya etiladi.

O‘zingizga quloq solishni unutmang. O‘zingizni qanday his qilishingiz muhim: boshingiz og‘riyaptimi yoki aylanyaptimi, nafas olishingiz qiyinlashdimi, puls tezlashdimi? Demak, o‘sha kuni har qanday jismoniy faoliyatdan cheklanishingiz zarur. Dori qabul qiling-u, o‘ringa yoting. Ahvolingiz yaxshilangach, jismoniy harakatlar to‘g‘risida o‘ylayverishingiz mumkin.

Uyda yoki ko‘chada

Agar siz mashg‘ulotlar uchun pul to‘lashga tayyor bo‘lmasangiz, bundan tashvishga tushmang. Mushaklarni mustahkamlash uchun pul talab qilinmaydi. Ushbu mashqlarni uy sharoitida ham bajarish mumkin. Quyida bu borada bir qancha maslahatlar beramiz.

  • Yurish. Kun davomida hech bo‘lmaganda 30-40 daqiqa piyoda yuring;
  • Yengil mashg‘ulotlar bilan kun davomida 10-15 daqiqa shug‘ullaning. Bu mashg‘ulotlarni faqat ertalab bajarishingiz shart emas. Istasangiz kechqurun shug‘ullaning. Eng yaxshisi, kunda bir necha marotaba takrorlab turish kerak.
  • Davolovchi mashg‘ulot. Shifokor bilan maslahatlashing. Balki u sizga maxsus davolovchi mashg‘ulotlarni taklif etar. Bu kabi mashg‘ulotlar odatda yurak qon-tomir kasalliklari (yurakning ishemik kasalligi, gipertoniya), asab kasalliklari (osteoxondroz, umurtqa churrasi), o‘pka faoliyatining buzilishi (bronxial astma, o‘pkaning yallig‘lanishi)da buyurilishi mumkin.
  • Velosipedda sayr qilish. Velosipedda sayr qilish yurak mushaklarini mustahkamlaydi, o‘zingizga ma’qul bo‘lgan tarzda, tekis yo‘lda, o‘rtacha tezlikda harakatlansangiz kifoya.
  • Suzish. Agar yon-atrofingizda suv havzalari mavjud bo‘lsa, suzish ham foydali. U mushaklarni mustahkamlaydi (ayniqsa, qo‘l va yelka mushaklarini), qon aylanishini rag‘batlantiradi. Bunday paytda suvda mushaklarning zo‘riqishi eng past darajada bo‘lishi kerak.

Sport zalda

Siz maxsus sport zallarda shug‘ullanishni xohlaysizmi? Unda quyidagi maslahatlar siz uchun:

  • Yurak qon-tomir sistemasi uchun eng yaxshi mashg‘ulot apparatlari velotrenajor va yugurish yo‘lagidir. Ular yurak qon-tomir sistemasi faoliyatini yaxshilash uchun avvaldan shifokor tomonidan belgilab beriladi. Ammo pulsingizni kuzatib turishni unutmang.
  • Yoga tana mushaklarini mustahkamlaydi, bo‘shashtirishga yordam beradi. Biroq yurak qon-tomir kasalliklari bor bo‘lgan bemorlar qaltis harakatlardan saqlanishlari kerak.
  • Raqsga tushish. Raqskishiga zavq va quvonch ulashuvchi eng yaxshi mashg‘ulot. Ammo u bilan ham me’yorida shug‘ullanmoq kerak. agar qaysidir harakatlar siz uchun qiyinchilik tug‘jdirsa, uni turgan joyda yurish mashg‘ulotiga almashtirishingiz mumkin.

Mashg‘ulotlarda ana shu jihatlarni e’tiborga olgan keksa yoshli kishilar turli muammolardan yiroq bo‘lishadi. Shuni yodda tutingki, har qanday mashg‘ulot oz bo‘lsa-da doimiy ravishda takrorlab turilsa, tana ortiqcha zo‘riqishlardan xalos bo‘ladi va bu kishiga yengillik bag‘ishlaydi.

Maxsuma Oqqo‘ziyeva tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: