Qarib borayotgan Xitoy. Keksalar o‘z kunini o‘zi ko‘rishga majbur bo‘ladimi?

Jahon 15:34 / 04.04.2024 17597

Xitoyda keksalar soni ortib boryapti. Iqtisodiyotning sekinlashishi, davlat imtiyozlarining qisqarishi, o‘nlab yillar davom etgan bir bolalik siyosati demografik inqirozni keltirib chiqardi.

Pensiya qozoni qurib boryapti, mamlakatda esa soni ortib borayotgan qariyalarga g‘amxo‘rlik qilish uchun jamg‘arma yaratishga vaqt kam.

Keyingi 10 yil ichida hozir 50-60 yosh oralig‘ida bo‘lgan 300 mln xitoylik pensiyaga chiqadi va mehnat bozorini tark etadi. Bu mamlakatning eng katta yosh guruhi, qariyb butun AQSh aholisi soni bilan teng.

Ularga kim g‘amxo‘rlik qiladi?

Asrlar davomida Xitoyda qari ota-onaga qarash farzandlarning zimmasida bo‘lib kelgan. Biroq 1980 yildan to 2015 yilgacha bo‘lgan muddatda olib borilgan "Bir bolalilik siyosati" ota-onalar suyana oladigan farzandlarning kamayib ketishiga sabab bo‘ldi. Ularda 2-3 nafar emas, atigi bir nafar o‘g‘il yo qiz farzand bor.

Jadal iqtisodiy o‘sishlar sabab yoshlar ham ota-onalaridan uzoqroqqa ko‘chib ketishgan. Oqibatda, o‘z-o‘ziga g‘amxo‘rlik qilishi, hukumatdan yordam olishi kerak bo‘lgan keksalar soni oshgan.

Lekin pensiya fondi mablag‘lari 2035 yilga borib tugab qolishi mumkin. Bu Xitoy iqtisodiyotiga jiddiy ta’sir qilgan pandemiyadan oldingi, 2019 yilgi prognoz edi.

Bu vaziyatda Xitoy hukumati ham necha yillardan beri ko‘rib chiqilayotgan pensiya yoshini oshirish siyosatini amalga oshirishi mumkin. Hozirda Xitoy jahondagi eng past pensiya yoshi belgilangan davlatlardan biri. Mamlakatda erkaklar 60 yoshda, ofis xodimi bo‘lgan ayollar 55 yoshda, ishchi sinf ayollari esa 50 yoshda nafaqaga chiqadi.

Tajribadagi qariyalar uyi

"Uyimizga xush kelibsiz!" deydi qariyalar uyida yashaydigan 78 yoshli Feng buvi. U turmush o‘rtog‘i bilan birga yashayotgan Sunshine qariyalar uyi 1,3 ming rezident uchun moslab qurilgan. Bu yerda 20 nafar yoshlar keksalarga g‘amxo‘rlik qilish sharti bilan tekinga yashaydi. Ba’zi xususiy kompaniyalar mahalliy hukumatga tushadigan yukni kamaytirish uchun g‘amxo‘rlik markazini qisman moliyalashtiradi.

Bu Xitoy hukumatining qarilik muammosi bilan kurashish uchun sinab ko‘rayotgan tajribasi. Sunshine qariyalar uyi janubiy Xitoyda, Xanchjouda joylashgan.

Feng buvi bu yerda 8 yildan beri yashaydi. Qariyalar uyi uning uchun qadrdon joy, bu yerda sport zalida shug‘ullanishi, stol tennisi raketkasida qo‘shiq aytishi mumkin.

Sunshine qariyalar uyidagi keksalar.

Feng buvining aytishicha, umrning so‘nggi lahzalarini yaxshi joyda yashab o‘tish juda muhim. U va turmush o‘rtog‘i 50 yildan ko‘proq vaqtdan beri birga yashaydi. Nabiralari yuqori sinfni tugatgan paytda bu yerga ko‘chib kelishgan. Uylarini esa o‘g‘liga qoldirishgan.

"Bizning yoshimizda bizga o‘xshash fikrlaydiganlar kam. Menimcha, biz ko‘proq hayotdan zavqlansak kerak. O‘z uyi bo‘laturib biz yashayotgandek markazga pul to‘lashni xohlamaydiganlar fikrimizga qo‘shilmaydi", deydi ayol.

Bu juftlik uchun faqat pensiya kartalari yetarli.

Qariyalarning g‘amxo‘rlik markazidagi xonasi oyiga 2 ming yuan (276 dollar) turadi. Er-xotinning har ikkalasi ham davlat shirkatlarining sobiq xodimlari bo‘lishgani uchun pensiyalari bu pulni to‘lashga bemalol yetadi.

Biroq yetarlicha nafaqasi bor rezidentlari bilan ham Sunshine kabi g‘amxo‘rlik markazlari zarariga ishlaydi. Markaz direktoriga ko‘ra, bu kabi qariyalar uylarini ochishning chiqimi ko‘p, foydaga kirish uchun esa vaqt talab etiladi.

Boshqa Osiyo davlatlari, jumladan Yaponiya ham qarib borayotgan aholi muammosi bilan kurashyapti. Lekin Yaponiya iqtisodiy jihatdan Xitoyga qaraganda baquvvat.

Pensiya muammosi fonida Xitoyda esa o‘z kunini o‘zi ko‘rishga majbur bo‘layotgan keksalar ham paydo bo‘lyapti.

Mamlakatda mehnat yoshidagi va pensiyadagi odamlar nisbati ham o‘zgarib boryapti. 2020 yilda nafaqaga chiqqan bir nafar odamga 5 nafar ishchi to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, 2050 yilga borib 1 nafaqadagi odamga 1,6 nafar ishchi to‘g‘ri kelishi mumkin.

Masalan, 55 yoshli Shuishui o‘zining yangi karerasini topgan. Nafaqadagi sobiq biznes ledi endi model sifatida ijtimoiy tarmoqlar reklamasi uchun suratga tushyapti. Uning yonidagi yana 3 nafar ayolning hammasi ham 55 yoshdan kattalar.

Shuishui – chapdan birinchida

"O‘ylaymanki, biz qila olishimiz mumkin bo‘lgani: atrofimizdagi odamlarni pozitiv bo‘lishga va o‘rganishdan to‘xtamaslikka chorlash. Hammaning xo‘jalik daromadi har xil bo‘lishi mumkin, lekin har qanaqasiga ham pozitiv bo‘lishga harakat qilish – eng yaxshi tanlov”, deydi Shuishui.

Farzandi tirikchilik uchun boshqa hududga ko‘chib ketgan, o‘zi va rafiqasi qishloqda yashayotgan janob Kao esa 80 yoshga kirganda bolasi ular bilan yashash uchun qaytib kelishiga umid qiladi.

Janob Kao

Uning o‘zi esa shaharda yashashni xohlamaydi. To qo‘lidan kelmay qolguncha ishlab turishni reja qilgan. 

Ko‘proq yangiliklar: