Motivatsiyaning yetishmasligi nafaqat ish jarayonini, balki shaxsiy rivojlanishni sekinlashtirishi va hatto boshqalar bilan munosabatlarni ham buzishi mumkin. Agar siz ishtiyoq yo‘qolayotganini his qilsangiz, buning asosiy sababini aniqlash juda muhimdir. Ko‘pincha bu yettita omildan biri bo‘lishi mumkin.
1. Nimani xohlayotganligini bilmaslik
«Siz nima istaysiz?» — bu oddiy savol bo‘lib, u har qanday motivatsion nutqda birinchilardan bo‘lib eshitiladi. Afsuski, ko‘pchilik bu savolga aniq javob bera olmaydi. Ana shunda o‘zingizga boshqa savollar berishga harakat qiling: «Menga qanday natija kerak?», «Agar hamma narsa rejaga muvofiq bo‘lsa, mening hayotim qanday bo‘lishi kerak?» Javoblar ularni amalga oshirish uchun qilinishi kerak bo‘lgan istak va qadamlarni aniqlashga yordam beradi. Buning nima ekanligini bilmasangiz, motivatsiyani topish qiyin. Ushbu qoida qarama-qarshi yo‘nalishda ham qo‘llanadi. Biz nimaga muhtoj ekanligimizni tushunganimizda va maqsadlarimiz va intilishlarimizni batafsil tasvirlab berganimizda, ilhom o‘z-o‘zidan paydo bo‘ladi.
Futbol muxlisidan uning sevimli jamoasi haqida so‘rang. U bu savolga javoban klubning barcha o‘yinlari, o‘yinchilarning pozitsiyalari va ehtimol, necha yillar oldingi o‘yinning ikir-chikir tafsilotlarigacha aytib berishi mumkin. Agar siz o‘sha odamdan o‘zi haqida so‘rasangiz, u kecha nonushtada nima yeganini ham eslay olmaydi. Bu tafakkur yetishmasligi emas, balki e’tiborsizlik natijasidir.
Qanday bartaraf etish mumkin? Har bir yo‘nalishda aniq maqsadlarni belgilab oling: sog‘liqni saqlash, moliya, o‘z-o‘zini rivojlantirish, ish, munosabatlar. Kundaliklarga istaklarni yozib, ularni qanday amalga oshirish haqida reja tuzgan ma’qul. Ko‘rasiz, motivatsiya sizni ko‘p kuttirmaydi.
2. Tana “til”ini tushunmaslik
Tasavvur qilaylik, motivatsiyaga ega bo‘lmagan odam qanday ko‘rinishga ega bo‘lishi mumkin? Qanday o‘tiradi? Uning umurtqa pog‘onasi tekismi yoki notekis? Yelkalar tik holatdami yoki bukchaygan?
Endi maqsadi aniq bo‘lgan odamni tasavvur qiling. Aynan shu narsa ham motivatsiya berishi mumkin. O‘zingiz o‘xshashni xohlagan odamning holati va imo-ishoralarini takrorlash sizning ishtiyoqingizni oshirishga yordam beradi.
Qanday bartaraf etish mumkin? Harakat motivatsiyaga olib keladi, ya’ni agar siz ishtiyoqni his qilmoqchi bo‘lsangiz, tanangizni boshqarishni boshlang. O‘zingizni tomosha qiling va biror narsani kuchli darajada xohlaganingizda qanday harakat qilish va o‘zingizni tutishingizga e’tibor bering. Qolgani juda oddiy. Siz motivatsiyani yo‘qotayotganingizni his qilsangiz, ushbu harakatlarni takrorlang va miyangiz tezda tanaga ergashadi.
3. Katta maqsadlardan qo‘rqish
Biz nimaga erishmoqchi bo‘lsak: kitob yozish, ozish, yaqin odam bilan munosabatlarni yaxshilash — bizning xohishimizning kuchi uning amalga oshirilishiga bevosita ta’sir qiladi.
Ko‘pchiligimiz orzularimiz va maqsadlarimizni jiddiy ravishda cheklaymiz, bu holat motivatsiyasini “o‘ldiradi”. Biz o‘zimizga va boshqalarga bosh aylantirar darajadagi muvaffaqiyatga muhtoj emasligimizni aytamiz. Bu juda xavfli dunyoqarash. Bu nafaqat maqsadlarimizning shijoati va xilma-xilligini, balki ularga erishish uchun tayyor bo‘lgan harakatlarimizni ham susaytiradi.
Qanday bartaraf etish kerak? Ushbu muammoni hal qilish uchun ko‘paytirish qoidasini 10 ga oshirish kerak bo‘ladi. Uning mohiyati shundayki, siz xohlaganingizdan 10 baravar katta maqsadlarni belgilash va ularga erishish uchun 10 baravar ko‘proq harakat qilishingiz kerakligini anglatadi. Ushbu tamoyil sizga turli xil yondashuvlarni sinab ko‘rish va ko‘p maqsadlarni amalga oshirishga yordam beradi.
4. Maqsadlarning umumiyligi
Bunda motivatsiya tartibsiz va tezkor. Uni uzoq vaqt davomida bitta vazifada ushlab turish qiyin. Aytaylik, siz o‘zingizga juda oqilona maqsadlar qo‘ydingiz: masalan, erta tongda turish, ko‘proq sport bilan shug‘ullanish, to‘g‘ri ovqatlanish. Avvaliga sizda motivatsiya yetarlidek tuyuladi, ammo tez orada uning yo‘qligiga guvoh bo‘lasiz. Bu maqsadlar juda ham umumiy bo‘lganda sodir bo‘ladi.
Qanday bartaraf etish mumkin? O‘zingiz uchun aniq maqsadlarni belgilang va bundan ham yaxshisi — ularga erishish uchun bosqichma-bosqich reja tuzing. Masalan, har kuni soat 7:00 da uyg‘oning, dushanba, chorshanba va juma kunlari bir soat davomida sport bilan shug‘ullaning va ratsiondan shakarni chiqarib tashlang. Bunday odatlar sizni yanada e’tiborli qiladi va uzoq vaqt davomida motivatsiyani saqlab turishga imkon beradi.
5. Stress
Qachonlardir sizda ham charchoq va umidsizlik bo‘lganda o‘zingizga “hammasidan voz kechdim, qo‘limdan kelmaydi” deb aytgan bo‘lishingiz mumkin, Bunday holatlarning sababi nima bo‘lishidan qat’i nazar, stress holatida motivatsiyani saqlab qolish qiyin.
Qanday bartaraf etish mumkin? Ko‘paytirish qoidasi, albatta, yaxshi, lekin undan oqilona foydalanish kerak. Agar sizning boshingiz aylanib, bor kuchingizni yo‘qotgan bo‘lsangiz, eng oliy maqsadingiz va hozirgi imkoniyatlaringiz orasidagi oltin o‘rtaliqni toping.
Asl muammo shundaki, siz bir nechta vazifalarni birvarakayiga bajarishga intilgansiz. Yaxshisi, ularni navbati bilan bajargan ma’qul. «Ikki quyonni baravar ushlamoqchi bo‘lgan ovchi ularning ikkisidan ham ayriladi. Bir vaqtning o‘zida bir nechta vazifani boshlab qo‘yib, bittasini ham ko‘ngildagidek yakunlay olmagandan ko‘ra, asosiysini chiroyli qilib bajarish muhim.
6. Har bir ishni kechiktirish
U birdaniga namoyon bo‘lmaydi. Ko‘pincha biz nima qilishni va qanday vazifani bajarishni bilmaymiz. Noaniqlik keyinchalik dangasalik va kechikishni keltirib chiqaradi va ular motivatsiyani yo‘q qiladi.
Qanday bartaraf etish mumkin? Kechiktirish orqali ortga surilayotgan biror vazifani oling va uni bajarish uchun qaysi qadamni qo‘yish mumkinligini aniqlang.
Masalan, siz uyingizni tozalashingiz kerak, lekin o‘rningizdan turishni ham xohlamaysiz. Quruq gapdan ko‘ra, biror yumushni tanlang va boshlang. Shkafni tozalang, pollarni arting. Ehtimol, shundan keyin o‘zingizda harakat qilish istagini uyg‘otasiz.
7. Foydasiz odatlar
Motivatsiya yo‘qligining eng muhim va keng tarqalgan sababi oddiy: ilhomni doimiy ravishda his qilib bo‘lmaydi. Bizga haddan tashqari ta’sir qiladigan odamlar o‘zlarining kundalik odatlari sababli bizda shunday taassurotni yaratadilar.
Agar tanangiz vazifani bajarishga odatlangan bo‘lsa, har kuni ertalab soat beshda turish uchun ilhomlantiruvchi moslamalar kerak emas. Shunday qilib, motivatsiyaning siri aniq odatlarga bog‘liq. Ular bizga avtomatik ravishda maqsadlar tomon harakat qilish imkonini beradi. Biz buni qilishga odatlanib qolamiz.
Qanday bartaraf etish mumkin? Maqsadga erishishning oson yo‘li – quyidagi shablonga amal qilishdir.
Maqsadni tanlang. Kelgusi yilda qanday katta natijaga erishmoqchi ekanligingiz haqida o‘ylang.
Maqsadingiz tomon olib boradigan har bir bilimni o‘zlashtiring. Siz qanchalik chuqur kirib borsangiz, yo‘lingiz shuncha ravshan bo‘ladi.
Har kuni takrorlashingiz mumkin bo‘lgan foydali odatni toping. U shunday bo‘lishi kerakki, hayot tarzingizga aylantirish oson bo‘lsin. Shunday qilsangiz, asta-sekin bu hayotingizning bir qismiga aylanadi.
Sanab o‘tilgan yetti omildan qaysi biri sizning motivatsiyangizni “o‘ldirayotganligini” aniqlang va o‘z ustingizda ishlashni boshlang. Vaqt o‘tishi bilan eng qiyin vazifalarni hal qilish jarayonida ham g‘ayratli bo‘lish qanchalik osonligini sezasiz.
Maxsuma Oqqo‘ziyeva tayyorladi.