O‘zbek so‘mining yangi ramzi, 165 mln so‘mdan boshlanadigan avtoraqamlar va sohalar kesimida ochiqlangan oyliklar – “Iqtisodiy taymlayn”

Iqtisodiyot 13:18 / 29.10.2023 44183

O‘zbekistonliklarning o‘rtacha oylik maoshi ma’lum qilindi, inflatsiyani 5 foizga tushirish kamida 2-3 yilga cho‘ziladi, o‘zbek so‘mining yangi ramzini ishlab chiqish ustida ish boshlangan, tashqi savdo aylanmasida Xitoyning ulushi 21,1 foizga yetdi, «Poytaxtbank» sotiladi. Yakunlanayotgan haftaning shu va boshqa iqtisodiy yangiliklari – “Iqtisodiy taymlayn”da.  

2,9 mln so‘mdan 12,4 mln so‘mgacha

Sentyabr oyi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda o‘rtacha oylik ish haqi 4,4 million so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 18,1 foizga oshgan.

Hududlar kesimida o‘rtacha maoshning eng yuqori miqdori Toshkent shahri (7 mln 187 ming), Navoiy (5 mln 750 ming) va Toshkent viloyatida (4 mln 419 ming), eng kam miqdori esa Qashqadaryo (3 mln 200 ming), Namangan (3 mln 258 ming) va Samarqand (3 mln 298 ming) viloyatlarida qayd etilgan. 

Hisobot davrida faqatgina uchta ma’muriy hudud – Toshkent shahri, Toshkent va Navoiy viloyatlarida ish haqi darajasi respublikadagi o‘rtacha darajadan yuqori bo‘lib, qolgan barcha hududlarda bu ko‘rsatkich respublika darajasidan turli miqdorda past shakllangan.

Sohalar kesimida eng yuqori o‘rtacha oylik moliya va sug‘urta faoliyatida – 12 mln 797 ming so‘m, eng past ko‘rsatkich esa ta’lim sohasida – 3 mln 43 ming so‘m hamda sog‘liqni saqlash sohasida – 2 mln 917 ming so‘m.

Tashqi iqtisodiy aloqalarda Xitoyga bog‘liqlik ortmoqda

2023 yilning dastlabki 9 oyida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi qariyb 45 mlrd dollarni tashkil qildi. Bunda Xitoyning ulushi – 21,1 foizgacha oshgan. Xususan, ushbu mamlakatga eksport 14,3 foizga yoki 1,85 mlrd dollargacha qisqargan bo‘lsa, import hajmi 58,5 foizga yoki 7,6 mlrd dollargacha ko‘paygan. Bunday sharoitda Xitoy iqtisodiyotidagi ta’minot bilan bog‘liq uzilishlar O‘zbekistonga jiddiy ta’sir qilishi mumkin.

Tashqi savdo defitsiti ham o‘sishda davom etmoqda va bu ko‘rsatkich 9,27 mlrd dollarga yetgan. Yanvar-sentabr oylarida 5,6 mlrd dollar qiymatidagi oltin sotilgan. Bu umumiy eksportning 31,8 foizini tashkil etadi. O‘z navbatida oltin eksporti 2022 yilning mos davri bilan taqqoslanganda, 89,8 foizga ko‘paygan.

Budjet intizomi kuchaytiriladi

Shavkat Mirziyoyevga ko‘ra, endi davlat budjetining har bir satriga aniq mas’ullar biriktiriladi. Davlat rahbari budjet mablag‘lari hisobidan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar tuzishga yo‘l qo‘ymaslik, ochiq-oshkora tanlov va tenderlar o‘tkazish amaliyotini kengaytirish kerakligini aytdi. 2024 yilda yirik tarmoqlardagi tannarxni 15−20 foiz kamaytirish bo‘yicha dastur ishlab chiqiladi.

Ma’lumot uchun, yanvar-avgust oylarida O‘zbekiston davlat budjeti taqchilligi 39 trln so‘mga yetgani xabar qilingandi. Bu – 2022 yildagi umumiy konsolidatsiyalashgan budjet defitsitidan ham ko‘p. Hukumat prognozlarida 2023 yil yakunlari bo‘yicha 4,2 trln so‘mlik budjet profitsiti bo‘lishi kerak edi.

Inflatsiyani 5 foizga tushirish uchun yana 2-3 yil kerak bo‘ladi

2023 yilga reja qilingan 5 foizlik inflyatsion targetga erishish muddati uzaytirildi. Markaziy bankning asosiy ssenariysida bu muddat 2025 yil ikkinchi yarmiga to‘g‘ri kelishi, muqobil ssenariysida esa 2026 yil oxirigacha kechikishi prognoz qilingan. Bosh regulyator inflatsiya darajasi 2023 yilda 8,5–9,5 foiz, 2024 yilda 8–9 foiz atrofida bo‘lishini prognoz qildi.

Kelgusi yillarda tashqi iqtisodiy sharoitlarda joriy vaziyat keskin o‘zgarishlarsiz rivojlanishi va tarkibiy islohotlar faol davom ettirilishi asosiy ssenariy shartlari etib belgilangan bo‘lsa, noaniqliklar yanada kuchayishi va tashqi sharoitlarda xatarli shoklar yuzaga kelishi muqobil ssenariy shartlari sifatida qayd etilgan.

Elektr energiyasining erkin ulgurji bozori tashkil etiladi

Hafta davomida prezident huzurida energetika bozori regulyatori faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi.

Qayd etilishicha, 2024 yil oxirigacha elektr energiyasi yagona savdo maydonchasini yaratish, 2026 yilgacha esa erkin ulgurji bozorni joriy etish rejalashtirilgan. Rivojlanayotgan iqtisodiyot va aholining o‘sib borayotgan talabini qondirish uchun elektr ishlab chiqarish hajmini kamida 120 milliard kilovatt soatga yetkazish maqsad qilingan. Yangi quvvatlarni ishga tushirish va tarmoqlarni to‘liq modernizatsiyalashga 52 milliard dollar investitsiya kerak bo‘ladi.

Uy-joy bozoridagi “narx pufagi” kengayishda davom etmoqda

Ko‘chmas mulk bozoridagi talab va taklif o‘rtasida yuzaga kelgan nomutanosiblik oqibatida 2023 yil I yarim yilligida uy-joyning bozor narxi fundamental narxidan o‘rtacha 36 foizga ortiqcha baholanishi kuzatilgan

Ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda uy-joy bozor narxlari o‘sib borishi, amaldagi imtiyozli ipoteka kreditlari va subsidiyalar bo‘yicha qo‘shimcha davlat dasturlari aholining uy-joyga bo‘lgan talabini yanada rag‘batlantirib, ko‘chmas mulk sektorida talab hajmi bevosita ortishiga turtki bo‘lgan.

“Poytaxtbank” sotiladi

Tijorat banklarining kapitallashuv darajasini oshirish va resurs bazasini ko‘paytirish maqsadida ularning ustav kapitali 1 sentabrdan boshlab 200 mlrd so‘mdan kam bo‘lmasligi kerak edi. Toshkent shahar hokimligiga qarashli bo‘lgan “Poytaxtbank” bu talabni bajarmagan.

Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodovning izoh berishicha, bankni sotish bo‘yicha investorlar bilan muzokaralar olib borilmoqda. Shu sababdan ham “Poytaxtbank” litsenziyasi haligacha chaqirib olinmagan bo‘lishi mumkin.  

165 mln so‘mdan boshlanadigan avtoraqamlar

Chiroyli avtoraqamlar narxi yangilandi. Ba’zi davlat raqam belgilarining boshlang‘ich narxi 165 mln so‘m yoki yangi Lacetti-Gentra avtomobilining narxiga teng miqdordan boshlanadi. Xususan, 80X777XX avtoraqami xuddi shunday boshlang‘ich summada sotuvga chiqarilgan. 

Shuningdek, hafta davomida Yandex Go O‘zbekistonda yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tdi. Kompaniya yo‘lovchilarga fiskal chek berish masalasini ham ko‘rib chiqayotganini bildirgan. Avvalroq Soliq qo‘mitasi platformaga O‘zbekiston soliq rezidenti bo‘lish talabini qo‘ygandi.

O‘zbek so‘mining yangi ramzini ishlab chiqish bo‘yicha tanlov e’lon qilinishi mumkin. Markaziy bank rahbarining ta’kidlashicha, o‘tgan yili tanlangan o‘zbek so‘mi ramzi jamoatchilik tomonidan tanqidga uchraganidan keyin ekspertlar komissiyasi uni tasdiqlash jarayonini to‘xtatgan. Ayni paytda mavjud ramzni takomillashtirish yoki yangisini ishlab chiqish varianti ko‘rib chiqilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilgi tanlovda g‘olib deb topilgan belgi bir qancha xorijiy kompaniyalarning logotiplariga o‘xshashligi sababli tanqidga uchragandi. Shundan so‘ng jarayon to‘xtab qoldi. Hozirgacha o‘zbek so‘mida, boshqa valutalardan farqli ravishda ramz ko‘rinishidagi belgi yo‘q.

Ko‘proq yangiliklar: