Ko‘paygan oltin eksporti, uzoqroqqa ochilayotgan Yevropa bozori va ko‘chmas mulk bozorida pasayish - “Iqtisodiy taymlayn”

Iqtisodiyot 18:33 / 25.11.2023 28353

O‘zbekistonning tashqi savdosi 1 yil ichida 25 foizga oshdi, eksport va import o‘rtasidagi manfiy farq esa 10 mlrd dollarga yetdi. Ko‘chmas mulk bozorida pasayish kuzatilyapti. Energetika vaziri energotizim qishga tayyorligi haqida bayonot berdi. Endi yangi bog‘lar va parklar qayerlarda tashkil qilinishini ham fuqarolarning o‘zi hal qiladi. Yakunlanayotgan haftaning iqtisodiy yangiliklari “Iqtisodiy taymlayn”da.

Tashqi savdo: Oltin eksporti 2 barobarga oshdi

2023 yilning 10 oyi davomida O‘zbekistondan xorijiy mamlakatlarga mahsulot va xizmatlar eksporti o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 29 foizga ko‘paydi. Import hajmi esa 23 foizga oshgan. Bu haqda Statistika agentligi e’lon qilgan hisobotda ma’lum qilingan.

O‘zbekistonning 2022 yildagi tashqi savdo aylanmasi 50 mlrd dollar bo‘lgandi. 2023 yilda bu ko‘rsatkichga 10 oydayoq erishildi. Yanvar–oktyabr oylaridagi tashqi savdo aylanmasi 51 mlrd dollarga yetdi. Bunda, eksport hajmi 20,5 mlrd dollarni, import hajmi esa 30,5 mlrd dollarni tashkil etib, tashqi savdoning salbiy saldosi 10 mlrd dollarga yetgan.

Xitoy O‘zbekistonning eng yirik savdo sherigi sifatidagi mavqeyini mustahkamlab bormoqda – o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi salkam 11 mlrd dollarni tashkil qilmoqda. Bu – respublika umumiy tashqi savdo aylanmasi hajmining 21 foizi degani.

Tashqi savdodagi asosiy hamkorlar beshligidan Xitoydan keyin Rossiya, Qozog‘iston, Turkiya va Koreya o‘rin olgan.

Tashqi savdo aylanmasida MDH davlatlarining ulushi kamayib bormoqda. Bu ko‘rsatkich 2022 yilda 40 foiz bo‘lgan bo‘lsa, joriy yilda 33 foizgacha qisqargan.

Doimgidek, eksportning katta qismi oltin hissasiga to‘g‘ri keladi. Yanvar-oktyabr oylarida 6,87 mlrd dollar qiymatidagi oltin sotilgan. Bu – umumiy eksportning 33,6 foizini tashkil etadi. Oltin eksporti 2022 yilning mos davri bilan taqqoslaganda 2,3 barobarga ko‘paygan.

Statistikaga ko‘ra, 10 oy davomida O‘zbekiston 561 mln dollarlik gaz import qilgan, bu – 2022 yilning mos davri bilan taqqoslaganda 2 barobarga ko‘p. O‘z navbatida, gaz eksporti qariyb 48 foizga yoki 458 mln dollargacha qisqargan.

O‘zbekiston faol ravishda ko‘mir import qilmoqda, mamlakat chetdan 161 mln dollarlik ko‘mir sotib olib, import hajmini o‘tgan yilga nisbatan 73 foizga oshirdi. Elektr energiyasi importi 44 foizga, neft importi 2 foizga o‘sgan. Generatsiya oshib borishi fonida elektr energiyasi importi 2 foizga pasaydi.

GSP+ imtiyozlari muddati uzaytirildi

Tashqi savdo mavzusini davom ettiramiz. 2021 yilda O‘zbekiston Yevropa Ittifoqining GSP+ imtiyozlar dasturiga qabul qilingan 8-davlat bo‘lgan edi. Bu bilan O‘zbekiston kompaniyalari Yevroittifoq bozorlariga 6 mingdan ortiq turdagi mahsulotlarni bojsiz olib kirish imkoniga ega bo‘lgandi. 22 noyabr kuni bu dasturning amal qilish muddati 4 yilga – 2027 yil 31 dekabrgacha uzaytirildi.

Shu munosabat bilan Toshkentda matbuot anjumani o‘tkazgan Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrianning aytishicha, imtiyoz natijasida 2022 yilda O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqiga eksporti 2020 yilga nisbatan 2 barobarga oshib, 647 mln dollarga yetgan. O‘zbekiston Yevropaga asosan to‘qimachilik, kimyo, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati mahsulotlarini yetkazib beryapti.

Ma’lumot uchun, Yevropa Ittifoqi GSP+ dasturiga inson huquqlari, mehnat huquqlari, atrof-muhit himoyasi va oqilona davlat boshqaruviga doir BMTning 27 ta konvensiyasini qabul qilgan rivojlanayotgan davlatlarni qabul qiladi. Benefitsiar davlatlarning bu konvensiyalar talablarini bajarayotgani Yevroittifoq tomonidan monitoring qilib boriladi. Tashkilotning O‘zbekistonga navbatdagi kuzatuv missiyasi kelasi yili kelishi kutilyapti.

Ko‘chmas mulk bozorida pasayish

Oktyabr oyida O‘zbekistonda ko‘chmas mulk savdosi 10 foizga kamaydi. Sentyabrda 23 mingta oldi-sotdi bitimlari imzolangan bo‘lsa, o‘tgan oyda bu ko‘rsatkich 21 mingtaga tushgan. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi xabar bermoqda.

Markaz tahlillariga ko‘ra, ko‘chmas mulkni sotish hajmi o‘tgan yilga nisbatan 7 foizga kamaygan. Sotuvlar pasayishining eng yuqori sur’atlari Toshkentda – 27 foiz, Jizzaxda – 19 foiz va Sirdaryo viloyatida 15 foiz miqdorida qayd etilgan.

Ayni paytda, Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti olib borgan o‘rganishlar natijasiga ko‘ra, oktyabr oyida Toshkent shahrida uy-joy uchun ijara narxlari arzonlashgan. O‘rtacha ta’mirlagan xonadonlar uchun ijara narxlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6-14 foizgacha pasaygan.

Poytaxtda bir xonali xonadon uchun o‘rtacha ijara narxi 370 dollardan 348 dollarga tushgan bo‘lsa, ikki xonali xonadonlar uchun 474 dollardan 437 dollarga, uch xonali xonadonlar uchun 611 dollardan 526 dollarga, to‘rt xonali xonadonlar uchun 729 dollardan 633 dollarga arzonlashgan.

Dollarning rasmiy kursi ilk bor 12300 so‘mdan oshdi

O‘zbekistonda AQSh dollarining so‘mga nisbatan rasmiy kursi ilk marta 12 300 so‘mdan oshdi. Markaziy bank 24 noyabrdan boshlab Amerika valutasining milliy valutaga nisbatan rasmiy qiymatini bir kun oldingiga nisbatan qariyb 16 so‘mga oshirib, 12 304,98 so‘m deb belgiladi.

Shu tariqa, rasmiy kurs bo‘yicha hisoblaganda, o‘zbek so‘mi yil boshidan buyon AQSh dollariga nisbatan 9,4 foizga qadrsizlandi. Taqqoslash uchun, so‘mning dollarga nisbatan devalvatsiyasi 2022 yil davomida 3,9 foizni tashkil etgandi.

Dollar kursining ko‘tarilishi xorijdan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari va eksportdan valuta tushumlari kamayishi fonida ro‘y bermoqda. Yuqorida aytib o‘tganimizdek, yanvar–oktyabr oylarida tashqi savdodagi salbiy saldo 10 mlrd dollarga yetgan.

Ta’kidlash kerak, tijorat banklarida dollarning sotuv kursi 2 noyabrdayoq 12300 so‘mdan oshgan edi, oradan 3 hafta o‘tib regulyatorning rasmiy kursi ham bu miqdorga yetib keldi.

Belgilangan rasmiy kurs O‘zbekiston Respublikasi hududida buxgalteriya hisobi, statistika hisoboti va boshqa hisobot maqsadlari uchun, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi hududida bojxona va boshqa majburiy to‘lovlarni hisoblash uchun ishlatiladi. Markaziy bank xorijiy valutalarni o‘zi e’lon qilgan qiymatda sotib olish va sotish majburiyatini olmagan.

Energetika vaziri hisoboti: tizim qishga tayyormi?

Iqtisodiy yangiliklar lentasida energetika doimiy o‘ringa ega. Yil boshida kuzatilgan anomal sovuq va energetika inqirozi iqtisodiy ko‘rsatkichlarga salbiy ta’sir ko‘rsatmay qolmagandi. Shu hafta parlamentda hisobot bergan Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovning aytishicha, mas’ullar bu yilgi qishda ham o‘tgan mavsumdagi kabi anomal sovuq bo‘lishi ehtimolini inobatga olgan holda tayyorgarlik ko‘rgan. Butun respublika bo‘ylab tarmoqni yangilash uchun qiymati 14 trln so‘mga teng bo‘lgan ishlar amalga oshirilgan. Bunda 100 ta podstansiya, 11,5 mingta transformator va 34 ming kilometr tarmoqlar yangilangan. Katta miqdorda ehtiyot qismlar, ko‘mir va mazut zaxirasi tayyorlab qo‘yilgan.

Gaz masalasida esa, kuz-qish mavsumi uchun Rossiya va Turkmanistondan 5 milliard kubometr gaz sotib olish masalasi hal qilingan. Yerosti gaz omborlari yuz foizga to‘ldirilgan. Shu bilan birga, Energetika vaziri qattiq sovuq kuzatilgan kunlarda avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchalariga beriladigan tabiiy gaz miqdori 30 foizgacha kamaytirilishi mumkinligini istisno qilmadi.

Jo‘rabek Mirzamahmudov Toshkent shahriga alohida to‘xtalib, shaharda yuqori va past kuchlanishli elektr tarmoqlari yangilangani, aholi uchun mo‘ljallangan gaz tarmog‘iga ulangan issiqlik markazlariga alohida tarmoq tortib kelingani, issiqlik markazlarida o‘tgan yilgidan 7 barobar ko‘p mazut yoqilg‘isi g‘amlab qo‘yilganini aytdi. Chorshanba kuni prezident huzurida ham hisobot bergan vazir energetika tizimi 1 dekabrdan boshlab 24 soatlik ish tartibiga o‘tishini ma’lum qildi. Eslatib o‘tamiz, sinoptiklar bu yilgi qishda avvalgisi kabi o‘ta qattiq sovuq bo‘lishi ehtimoli pastligini aytmoqda.

“Yashil makon” – “Tashabbusli budjet”da

Olqishlarga sazovor bo‘lgan “Tashabbusli budjet” loyihasi kengayishda davom etyapti. Endilikda fuqarolarning yashil bog‘lar va istirohat parklarini tashkil qilishga oid takliflari ham “Tashabbusli budjet” doirasida moliyalashtiriladi.

23 noyabr kuni imzolangan prezident farmoniga ko‘ra, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishda davlat budjetidan har yili ajratiladigan mablag‘larning kamida 50 foizi “yashil bog‘lar” va “yashil jamoat parklari”ni tashkil qilish uchun “Ochiq budjet” axborot portali orqali jamoatchilik fikri asosida shakllangan “Mening bog‘im” loyihalarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

Bunda fuqarolar bog‘lar va parklarni qayerda tashkil qilish bo‘yicha tashabbuslarini portalga kiritib, taklif etilayotgan maydonning manzili va rasmlarini ko‘rsatishi kerak. Ko‘rsatilgan joyda bog‘ yoki park tashkil qilish xarajatlari 250 mln so‘mdan oshmasligi talab etiladi.

“Mening bog‘im” loyihalarini shakllantirish va ularga ovoz berish jarayoni har yili yanvar-fevral oylarida o‘tkaziladi.

Madina Ochilova tayyorladi
Operator – Mirvohid Mirrahimov,
Montajchi – Muhiddin Qurbonov.

Ko‘proq yangiliklar: