O‘zbekistonda yillik inflatsiya noyabr oyida 8,8 foizni tashkil etdi. Bu 2016 yil avgustidan keyingi eng past ko‘rsatkich. Humo ustav kapitalidagi davlat ulushi Markaziy bankdan olinib, Davaktivga o‘tkaziladi. MTRK olgan 22,5 mln yevro kreditning 93 foizi davlat budjetidan qoplanadi. Yakunlanayotgan haftaning iqtisodiy yangiliklari “Iqtisodiy taymlayn”da.
“Narxoz” va Moliya instituti shahar chetiga ko‘chirilishi mumkin
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Toshkent moliya instituti shahar markazidan Sergeli tumaniga ko‘chirilishi mumkin. Bu borada loyiha ishlab chiqilgan, ammo hali tasdiqlanmagan.
Kun.uz manbasiga ko‘ra, ta’lim muassasalarini markazdan boshqa joyga ko‘chirish va ikkita OTMni birlashtirish taklifi Iqtisodiyot va Moliya vazirligi rasmiylari tomonidan ilgari surilgan.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, ayni paytda ikkita OTM ham avvalgiday faoliyat yurityapti, loyiha hali tayyor emas. Bu borada yangilik bo‘lsa, qo‘shimcha ma’lumot beriladi.
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Islom Karimov shohko‘chasida, Moliya institutining bosh binosi esa Amir Temir shohko‘chasida joylashgan. OTMlarning bo‘shatiladigan binolarining keyingi taqdiri ma’lum emas.
MTRK'ning 22,5 mln yevrolik qarzini xalq to‘laydi
Milliy teleradiokompaniyaga zamonaviy uskunalar sotib olishi uchun 2016-2017 yillarda 10 yillik muddatga Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan 22,5 million yevro kredit ajratilgan. Shartnoma shartlarida qarz MTRK va davlat tomonidan teng ulushlarda -11,25 mln yevrodan to‘lanishi kerak bo‘lgan. Ammo o‘tgan yillar davomida korxona olgan qarzi uchun umuman pul to‘lamagan.
Prezident qarori bilan kredit muddati 10 yildan 13 yilgacha uzaytirilib, davlat budjetining qarzni qaytarishdagi ulushi 21,1 mln yevrogacha oshirildi.
Ma’lumot uchun, 2024 yilda MTRKga davlat budjetidan 560 mlrd so‘m ajratilishi rejalashtirilgan. Bu miqdor 2023 yil uchun 556 mlrd so‘mni, 2022 yil uchun 463 mlrd so‘mni, 2021 yil uchun 427 mlrd so‘mni, 2020 yil uchun esa 399 milliard so‘mni tashkil qilgan.
Humo Davaktivga o‘tkaziladi
Humo (“Milliy banklararo protsessing markazi” MChJ) ustav kapitalidagi davlat ulushi Markaziy bankdan olinib, Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkaziladi. Bu – 30 noyabr kuni imzolangan prezident qarorida ko‘zda tutilgan.
Qarorga ko‘ra, to‘lov tizimi operatorlarining ustav kapitali 2024 yilning 1 iyulidan boshlab kamida 50 mlrd so‘m bo‘lishi kerak. Shu sanadan e’tiboran to‘lov tashkilotining ustav kapitali bo‘yicha minimal talab 10 mlrd so‘m, 2025 yil 1 iyuldan esa 20 mlrd so‘m deb belgilanadi.
Avvalroq, 2023 yil 1 sentabrdan boshlab banklar ustav kapitalining eng kam miqdori 200 mlrd so‘mga oshirilgan, eng quyi chegara 2024 yil 1 apreldan boshlab 350 mlrd so‘mga, 2025 yil 1 yanvardan esa 500 mlrd so‘mga ko‘tarilishi belgilangan edi.
Shuningdek, onlayn firibgarliklarga o‘z vaqtida chek qo‘yish maqsadida Markaziy bankka shubhali operatsiyalar vaqtida bank kartalari va hisobvaraqlarni bloklash to‘g‘risida majburiy ko‘rsatma berish vakolati berildi. MB antifrod tizimlarini hayotga tatbiq etish, ketma-ket uch yoki undan ortiq o‘tkazmalar nazoratini avtomatlashtirish mexanizmlarini ham joriy etadi.
Yillik inflatsiya yangi epoxadagi eng past darajasiga tushdi
Yillik inflatsiya noyabr oyida 8,8 foizni tashkil etdi. Bu 2016 yil avgustidan (8,6 foiz) keyingi eng past ko‘rsatkichdir.
Statistika agentligiga ko‘ra, o‘tgan oyda oziq-ovqatlar 1,3 foizga, nooziq-ovqatlar 0,7 foizga, xizmatlar 1,5 foizga qimmatlagan.
Avvalroq, Markaziy bank oktyabr oyi uchun aholi va tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan sezilgan inflatsiya darajasini e’lon qilgandi. Unga ko‘ra, aholi tomonidan sezilgan inflatsiya darajasi 13,4 foizni tashkil qilgan. Hududlar kesimida inflatsiyaning eng yuqori darajasi Toshkent shahri – 17,2 foiz va Toshkent viloyatida – 14,2 foiz, eng past darajasi esa Qoraqalpog‘iston – 11 foiz va Navoiy viloyatida – 11,5 foiz sezilgan.
Tovar va xizmat guruhlari bo‘yicha benzin va yoqilg‘i, meva-sabzavotlar, kiyim-poyabzal, dorilar, yo‘lkira va tashishda eng yuqori narx o‘sishlari kuzatilgan.
O‘zbekistonga Rossiyadan neft import qilish oshadi
Qozog‘iston magistral neft haydash bo‘yicha milliy operatori «Qaztransoyl» 2024 yilda Rossiya neftining O‘zbekistonga tranzitini uch barobarga oshirmoqchi. Yetkazib berish hajmini 154 ming tonnadan 500 ming tonnagacha ko‘paytirish rejalashtirilgan.
“Sanoat Energetika Guruhi kompaniyasi (O‘zbekiston) «Kaztransoyl» AJga 2024 yil uchun 500 ming tonna Rossiya neftini O‘zbekistonga tranzit qilish bo‘yicha ariza berdi, bu ko‘rsatkichni 1 million tonnagacha oshirish imkoniyati mavjud", — degan kompaniyaning transportirovka bo‘yicha departamenti direktori Abay Beysembayev.
2023 yilda «Qaztransoyl» magistral neft quvurlari tizimi orqali Rossiya neftining O‘zbekistonga kutilayotgan tranzit hajmi 154 ming tonnani tashkil etadi. Yanvar-oktyab oylarida esa 104 ming tonna neft yetkazib berilgan.
Oltin narxi qimmatlashdi
Hafta davomida oltin kotirovkalari narxi 1 troy unsiyasi uchun 2000 dollardan pastlamadi va 1 dekabr kuni 2075 dollargacha ko‘tarildi. Dollar kursining pasayishi fonida oltinning investitsion jozibadorligi oshib bormoqda. Avvalgi rekord narxlar 2020 yil avgustda qayd etilgan edi – 2072 dollar.
O‘zbekiston oltin savdosi bo‘yicha dunyo yetakchilaridan biri sanaladi. Tabiiyki, qulay narxlar asosiy eksport tovari hisoblangan oltin eksportini yanada rag‘batlantiradi.
2023 yilning 10 oyida O‘zbekiston 6,87 mlrd dollar qiymatidagi oltin sotdi. Bu rekord ko‘rsatkich hisoblanib, o‘tgan yilga nisbatan 2,3 barobarga ko‘p. Ma’lumot uchun, O‘zbekiston 2022 yilda 4,1 mlrd dollarlik, 2021 yilda 4,1 mlrd dollarlik, 2020 yilda 5,8 mlrd dollarlik, 2019 yilda esa 4,9 mlrd dollarlik oltin sotgan.
Yakunlanayotgan haftada sodir bo‘lgan boshqa iqtisodiy yangiliklar:
- O‘zbekiston oktyabr oyida Xitoyga gaz eksportini biroz oshirdi. Shunday bo‘lsada, yil boshidan buyon ko‘k yonilg‘i yetkazib berishdan tushgan daromad ikki barobardan ko‘proqqa kamaygan.
- Toshkentda chiqindi olib ketish narxi qimmatlashadi. Xizmat bahosi aholi uchun oyiga 4500 so‘mdan 7500 so‘mga, budjet va xo‘jalik hisobidagi tashkilotlar uchun 53 ming 986 so‘mdan 89 ming 966 so‘mgacha oshgan. Yangi tariflar 14 dekabrdan amal qiladi.
- Jahon banki O‘zbekistonga IT sohasida ish o‘rinlarini yaratish uchun 50 mln dollar ajratdi. Loyiha O‘zbekistonning qishloq va chekka hududlarida yashovchi 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlarni o‘qitish va IT-kompaniyalar uchun ofis infratuzilmasini rivojlantirishni ko‘zda tutadi.