Karate milliy federatsiyasi negizida O‘zbekiston karate assotsiatsiyasi tashkil etiladi 

Sport 12:03 / 21.10.2023 17508

“Karate (WKF) sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasi e’lon qilindi.

Quyidagilar 2023–2026 yillarda karate (WKF) sport turini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilanadi:

  • karateni aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilish, bu borada yoshlarni sport klublari, sport maktablarining seksiyalari va to‘garaklariga keng jalb etish hamda shu orqali sportchilarning jinoyatlarni sodir etish va jinoiy guruhlarga qo‘shilib ketishining oldini olish;
  • iqtidorli sportchilar, shu jumladan sportchi-ayollarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya) hamda ularni professional sportchilar sifatida tayyorlashning barcha bosqichlarini raqamlashtirish orqali ushbu yo‘nalishda sportchilar tayyorlashning yangi tizimini yo‘lga qo‘yish;
  • maktabgacha yoshdagi bolalarda karatening “Kata” yo‘nalishiga qiziqish uyg‘otish orqali nafas olish, xotira va konsentratsiyani saqlash, vestibulyar apparatni chiniqtirish kabi sog‘lomlashtirish ishlarini olib borish, shuningdek, istiqbolda maktabgacha ta’lim muassasalarida xalqaro tashkilotlarning texnik ko‘mak loyihalarini jalb etish orqali “kids karate” loyihasini ishga tushirish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish;
  • aholining barcha qatlamlari, shu jumladan imkoniyati cheklangan shaxslarning karate bilan shug‘ullanishlari uchun hududlarda “Karate hamma uchun” dasturini ishlab chiqish va amalga oshirish;
  • zarur shart-sharoitlar mavjud bo‘lgan umumiy o‘rta ta’lim maktablarida sport maktablari va sport klublarining trenerlarini jalb etish orqali karate bo‘yicha darsdan tashqari alohida sport seksiyalarini tashkil etish;
  • karate bo‘yicha zamonaviy sport majmualarini barpo etish, mavjud moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularni zamonaviy sport anjomlari va jihozlari bilan ta’minlash;
  • hududiy terma jamoalarning asosiy tayyorgarligini olib borishlari uchun ularga Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi sportning yakkakurash turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktablarining inshootlarini asosiy baza sifatida biriktirish;
  • karatega o‘qitishning zamonaviy metodikalariga qaratilgan ilmiy-uslubiy va o‘quv-adabiyotlar bilan ta’minlash hamda tibbiy xizmatni rivojlantirish;
  • ommaviy axborot vositalarida sog‘lom turmush tarzining muhim tarkibiy qismi va bolalarni barkamol inson etib tarbiyalashga xizmat qiladigan sport turi sifatida karateni targ‘ib qilish.

O‘zbekiston karate milliy federatsiyasi negizida O‘zbekiston karate (WKF) assotsiatsiyasi tashkil etiladi.

Belgilanishicha:

Karate assotsiatsiyasi O‘zbekiston karate milliy federatsiyasining huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari, shu jumladan xalqaro shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi;

Karate assotsiatsiyasi Xalqaro karate federatsiyasi (WKF) tomonidan o‘rnatilgan talab va qoidalar asosida O‘zbekistonda karate sport turlari bo‘yicha barcha federatsiya va assotsiatsiyalar faoliyatini birlashtiradi hamda ular o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni tashkil etadi;

jismoniy imkoniyati cheklanganlar yoshlar o‘rtasida parakarateni rivojlantirish va ularning bu boradagi iqtidorini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston milliy paralimpiya qo‘mitasi tizimida parakarate bo‘limi tashkil etiladi.

Joylarda karate (WKF) sport turini rivojlantirish va muvofiqlashtirish, uslubiy qo‘llab-quvvatlash va monitoring qilish maqsadida O‘zbekiston karate (WKF) assotsiatsiyasining hududiy bo‘linmalari tashkil etiladi.

Ko‘proq yangiliklar: