«To‘yda guruh bo‘lib mashina boshqarib, onam tengi ayolning umriga zomin bo‘ldim» – haydovchining nadomatlari (Hayotiy hikoya)

Jamiyat 13:31 / 11.10.2023 24539

BMT hisobotiga ko‘ra, har yili dunyoda sodir bo‘layotgan turli yo‘l-transport hodisalari oqibatida 1,3 million odam halok bo‘lyapti. Yana bir necha million odam turli darajada tan jarohatlari olib, nogiron bo‘lib qolmoqda.

Dunyo bo‘ylab YTHlarda halok bo‘layotganlarning asosiy qismini 5 yoshdan 29 yoshgacha bo‘lgan odamlar tashkil etmoqda.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ham YTHlar oqibatida har yili 2,5-3 ming kishi halok bo‘lmoqda. Birgina 2023 yil avgust oyida 300 kishi «avariya»lar qurboni bo‘lgan.

2023 yilning 8 oyi davomida 1 415 nafar odam halok bo‘lgan, 5 448 kishi turli darajada jarohatlangan.

Elektron pochtamga kelgan navbatdagi maktub yo‘l-harakati qoidalarini buzgan holda mashina boshqarib, onasi tengi ayolning umriga zomin bo‘lgan yigitdan ekan. Qo‘yida uning boshidan o‘tshan voqealarni hikoya qilamiz.

«Otam tadbirkor bo‘lib, tumanimiz markazidagi kiyim bozorida ikkita do‘koni bor edi. Maktab o‘qib yurganimda darsdan bo‘sh vaqtlarimda men ham savdoga chiqib turardim.

Maktabda a’lo baholarga o‘qidim. Maqsadim maktabni bitirgandan so‘ng o‘zim qiziqqan soha bo‘yicha oliy ta’lim olish edi. Biroq otam bunga rozi bo‘lmadi.

11-sinfni bitirganimdan so‘ng o‘qishga topshirmoqchi bo‘lganimda u qarshi bo‘ldi:

«O‘qib shahar olib berarmiding. Ko‘ryapsan, ikkita do‘konni o‘zim eplay olmay yordamchilar olganman. Har oy ularning ish haqi, tushligiga ancha pul sarflayapman. Sen yonimga chiqsang yordamchilardan birining o‘rniga ishlarding. Keyinroq do‘konning bittasini o‘zingga beraman, savdo qilaverasan. Sen o‘qishga kirsang men qiynalib qolaman. Qolaversa to‘rt yil umringni ketkazib olgan diploming bilan qayerda ishlaysan? Qancha oylik olasan? Arzimagan maoshga ro‘zg‘or o‘tkazib bo‘lmaydi. Qolaversa, kimningdir qosh-qovog‘iga qarab, har majlisda rahbaringning so‘kishini eshitib yurasanmi?»

O‘sha paytda otamning gaplarida jon borday tuyuldi. Bozorga chiqib savdo qila boshladim. Keyinroq u do‘konlardan birini menga berdi. Ishlarim yurishib ketdi, yangi mashina oldim.

O‘sha kezlarda sinfdoshlar birin-ketin uylana boshlashdi. Do‘stlarimning aksariyati bozorchi bo‘lib, biz to‘yga mashinalarimizni minib borardik. Kelin-kuyovni kuzatib borishda yo‘lni to‘liq egallab, keyin mashinalarni ilonizi qilib boshqarardik.

Bunday paytlarda ortdan kelganlar bizni quvib o‘tmoqchi bo‘lsa siqib, yo‘l chetiga chiqarib yuborardik.

Yo‘lni to‘sib olganimiz uchun ro‘paradan kelayotganlar o‘tib ketganimizcha to‘xtab turardi. Qisqasi, o‘zimizning va boshqalarning hayotini xavf ostiga qo‘yib harakatlanardik.

O‘shanda bir necha marta YPX xodimlari bizni jarimaga tortishdi. Lekin har kuni qo‘lida pul o‘ynaydigan bozorchi yigitlar uchun jarima chivin chaqqanchalik ta’sir qilmasdi.

Keyinroq bu ishimiz otamga ham yetib bordi. Bir kun uyda «tarbiyaviy soat» o‘tkazildi. Otam qattiq gapirdi:

«O‘g‘lim, yaxshi pul topyapsan. O‘sha pullar seni hovliqtirib yubormasin. Mashinani ehtiyot bo‘lib hayda. Texnika bilan hazillashib bo‘lmaydi. Bitta xato qimmatga tushishi mumkin. Senga o‘zingning joning qanchalik aziz bo‘lsa, boshqalar uchun ham shunday. Xudo ko‘rsatmasin-u, bir falokatni sodir etsang, kimningdir jonini qaytara olmaysan. Nogiron bo‘lib qolsa, sog‘ligini tiklab berolmaysan. Bir umr afsuslanib o‘tasan. Shu uchun ehtiyot bo‘l. Yana bir marta mashinani hovliqib boshqarsang kalitini tortib olaman, piyoda yurasan».

Otamning o‘gitlari sinfdosh yigitlardan birining to‘yigacha amalda bo‘ldi. To‘yda yana «arqonni uzdik». Biroq bu safar hammasi ayanchli tugadi.

O‘sha kuni sinfdosh yigitlar kuyovnavkar bo‘lib bordik. Kelin-kuyovni aylantirishga olib ketayotganimizda yana eski qilig‘imizni boshladik va ikki qatorli yo‘lni to‘liq egallab oldik.

Orqadan kelayotganlar quvib o‘tolmas, ro‘paradan kelayotganlar mashinasini bizdan olib qochardi. O‘shanda men qarama-qarshi yo‘nalishga o‘tib olgan mashina ortidan borardim.

Yo‘lda mashinalarni ilonizi qilib haydab borarkanmiz, shu paytda mendan oldinda ketayotgan mashina birdaniga o‘ng tomonga o‘tdi. Men nimadir qilishga ulgurmasimdan mashinamga ro‘paradan, o‘z yo‘lidan kelayotgan «Damas» urildi.

«Qars» etgan tovushdan so‘ng mashinamdagi xavfsizlik yostiqchasi ochildi va meni o‘rindiqqa yopishtirib qo‘ydi. Birpasdan so‘ng meni mashinadan chiqarib olishdi.

Atrofga qarasam guruhimizdagi barcha mashina yo‘l chetida turibdi. Boshqa o‘tkinchi mashinalar ham to‘xtagan, atrofni odam bosib ketgandi.

Mashinamga kelib urilgan «Damas»ning oldi pachoq bo‘lgan. Haydovchining o‘rni bo‘sh, odamlar uning o‘rtadagi eshigini ochishga urinardi. Yuragim ortga tortib ketdi, mashina haydovchisi va yo‘lovchilari tirikmikan?

Atrof to‘la odam, aksariyati bizni so‘kib haqorat qilardi:

«Bularning dastidan ko‘chada yura olmay qoldik. Ko‘chaning ikki qatorini ham egallab olib, na orqadan kelganni quvib o‘tishga qo‘yadi, na ro‘paradan kelayotgan mashinani o‘tkazib yuboradi. Oqibatda mana shunaqa bir bechora jabrini tortadi, yo o‘lib ketadi yoki nogiron bo‘lib qoladi».

Menga aytishlaricha «Damas»da bir yigit va uning onasi bo‘lgan. Yigitga hech narsa qilmabdi, onam tengi ayol og‘ir jarohatlar olib, mashina ichida yotardi. Odamlar «Damas» pachoqlangan eshigini ochgancha tez yordam keldi va ayol hamda yigitni shifoxonaga olib ketdi.

Ko‘p o‘tmay otam yetib keldi. U menga ham, mashinamga ham e’tibor bermadi va to‘g‘ri majaqlanib ketgan «Damas»ni borib ko‘rdi. Keyin YPX xodimidan «Damas»da necha kishi bo‘lgan, unda bo‘lganlarning ahvoli haqida so‘radi. So‘ng oldimga keldi.

«Men senga nima degandim. Qanaqa ... (shu joyda umrimda so‘kmagan otam meni yomon so‘zlar bilan so‘kdi) bolasan? Senga anavi kuni qancha gapirdim. O‘sha gaplarni olmas ekansan, «Ota, gapirib o‘tirmang, foydasi yo‘q. Baribir amal qilmayman» desang seni o‘ldirib qo‘ymasdim. Xudo degin, ayol tirik qolsin. Aks holda ...».

Otam boshqa hech narsa demadi va kasalxonaga ketdi. YPX xodimlari hodisani hujjatlashtirishdi, masofalarni o‘lchab, yozib-chizishdi. So‘ng kelin-kuyov o‘tirgan mashinani qo‘yib yuborishdi. Mening mashinamni, «Damas»ni va kolonnada bo‘lgan boshqa mashinalarni jarima maydonchasiga olib ketishdi.

YPX xodimlari mast qiluvchi ichimlik ichgan ichmaganimni tekshirish uchun tibbiy ekspertizaga olib ketishdi. Ularga umuman ichmasligimni aytdim, biroq tartib bo‘yicha ekspertizadan o‘tish shart ekan.

Ertasi kuni otam kasalxonaga meni ham olib bordi. Ayol jonlantirishda, o‘g‘li boshqa bo‘limda ekan. Ayolning eri va yana boshqa qarindoshlari meni ko‘rib yeb qo‘yguday qarashdi. Otam ulardan yana qayta, qayta uzr so‘radi. Men esa chetroqda yerga qarab turardim.

Otam ayolga qarayotgan vrach bilan gaplashdi.

«Opaning ahvoli og‘ir. Tirik qolishiga umid bor, lekin juda kam. Shu uchun har qanday vaziyatga tayyor turaveringlar. Buni ayolning qarindoshlariga ham aytdim», dedi vrach.

Kasalxonadan chiqib tergovchining oldiga bordik. Tartib bo‘yicha odam tan jarohati olganda yo‘l-transport hodisalarini tergov bo‘limi ko‘rar ekan.

Tergovchi mendan barcha tafsilotni so‘rab yozib oldi va oxirida yashash joyimni tark etmasligimni, yana chaqirib qolishi mumkinligini aytdi.

Otam vrachlar so‘ragan barcha dori-darmonlarni yetkazib berib turdi. Jabrlanuvchi yigitga pachoq bo‘lgan «Damas»ning o‘rniga yangisini olib berishini aytgan ekan, u «Aka, ko‘zimga mashina ko‘rinayotgani yo‘q, onam tuzalib ketsa bo‘ldi», debdi.

O‘sha kunlari savdoni yordamchilar qilib turishdi va men otam bilan asosan uyda bo‘ldik. Otam kasalxonaga qatnar, meni esa tergovchi chaqirib qolishi mumkin edi. Otam shifokorlar bilan aloqada bo‘lib turdi, biroq ayolning ahvoli og‘irlashib borardi.

Ana shunday kunlarning birida kimdir qo‘qqisdan darvozamizni tepib kirib keldi. Qarasam haydovchi yigit. U men tomonga yugurib keldi va musht yog‘dira boshladi, yerga yiqildim.

Yigit «onamni o‘ldirding, endi men seni o‘ldiraman» deb baqirar, meni ayovsiz tepkilardi. Shundan tushundimki, ayol vafot etgan. Darhol otam yugurib chiqdi va yigitni ushladi. U ham yigitning vajohatidan ayol vafot etganini fahmladi.

«Tez 102 ga qo‘ng‘iroq qil» dedi otam. Yigit otamning qo‘lidan chiqishga urinar, biroq eplay olmasdi. Birpasdan so‘ng IIB xodimlari yetib kelishdi. Yigit nega kelganini bilgach uni mashinaga tiqib uyiga olib ketishdi.

Ayolning janozasiga borolmadim. O‘g‘lidan qo‘rqdim. Otam bordi. Ko‘p o‘tmay tergovchi meni yana chaqirdi. U menga qo‘yilgan ayblov inson o‘limi sodir bo‘lgani uchun o‘zgarganini aytdi.

Ko‘p o‘tmay sud bo‘ldi va 5 yilga qamaldim. Suddan oldin ham, sudda ham otam menga umuman yengillik so‘ramadi. Aksincha, sudyadan qonunda belgilangan jazoni berishlarini so‘radi.

Qamoqda uch yil o‘tirdim va o‘zimni namunali tutganim uchun muddatidan avval ozodlikka chiqarishdi. Qamoqda o‘tgan yillarimda hammasini yaxshilab o‘ylab ko‘rdim va bu hayotda inson jonidan ahamiyatli narsa yo‘qligiga amin bo‘ldim.

Yoshlarga nasihatim, transport vositalarini ehtiyot bo‘lib boshqaring. Manzilingizga biroz kech borarsiz, ishingiz kechroq bitar. Lekin kimningdir umriga zomin bo‘lsangiz yoki nogiron qilib qo‘ysangiz menga o‘xshab afsuslanib yurasiz».

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: