«O‘tgan yili qizimga sport bilan xayrlashasan, degandim». Hangjou-2022 qahramonlari bilan poyezddagi intervyu

Sport 10:19 / 08.10.2023 27752

Osiyo O‘yinlarida qilichbozlik bo‘yicha mamlakatimiz uchun tarixiy natija qayd etgan Gulistan Perdebayeva va Dilnaz Murzatayeva Toshkent – Qo‘ng‘irot yo‘nalishidagi poyezdda Nukusga qaytdi. Poyezdda ularga Samarqanddan tasodifan hamroh bo‘lgan Tribuna.uz amaliyotchi jurnalisti sportchi qizlar va ularning onasi bilan eksklyuziv suhbat uyushtirdi.

«Baqirib, yig‘lab yuboray dedim»

Vagondagi birinchi suhbatdoshimiz Osiyo O‘yinlarida qilichbozlikning shpaga yo‘nalishida bronza medali sohibasi bo‘lgan Dilnaz Murzatayeva bo‘ldi.

«Qilichbozlik bilan 5 yildan buyon shug‘ullanaman. Ochig‘ini aytsam, bu medalni olaman, deb o‘ylamagandim. Chunki, kattalar o‘rtasida o‘tadigan musobaqaga borgan eng yosh sportchi edim. Lekin, o‘zingga ishonsang hamma narsaga erishish mumkinligini o‘zim uchun motivatsiya qilib oldim va bu haqiqat ekanligiga ushbu musobaqada amin bo‘ldim.

G‘alabani qo‘lga kiritgan lahzalar judayam emotsional bo‘ldi. Baqirib yig‘lab yuboray dedim. Lekin, hamma kameralar menga qarab turgan edi. Shunga biroz o‘zimni tutdim. Ustozlarim ham barakalla, deb baqirib olqishladi. Yaqinlarim ham juda xursand bo‘ldi, ayniqsa oyim. Barakalla qizim! Senga ishongandim, zo‘r ishtirok etding deb qo‘llab-quvvatladi. Keyingi maqsadlar 2028 va 2032 yilgi Olimpiadada ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritish!», - deydi Hangjou-2022 sovrindori 17 yoshli Dilnaz Murzatayeva.

«Bu quvonch ko‘z yoshlari edi»

Keyingi suhbatdoshimiz Osiyo O‘yinlarida qilichbozlikning sablya yo‘nalishi bo‘yicha jamoaviy bahslarning oltin medali sohibasi Gulistan Perdebayeva bo‘ldi.

«G‘oliblikni qo‘lga kiritgach, judayam quvondim. Ko‘z yosh haqida o‘ylamagan edim. Hammasi 5 daqiqa ichida bo‘ldi. Har qancha urinmay, ko‘z yoshimni tiya olmay qoldim. Ko‘z o‘ngimda qanday bahs olib borganimni keltirdim. Bu hammasi quvonch ko‘z yoshlari edi.

Bundan keyingi eng katta maqsadim – jahon chempioni bo‘lish. To‘g‘ri, Olimpiada chempionligi ham bor, ammo jahon chempionati boshqacha. Sababi unda 200 nafar raqibingiz bo‘ladi va siz katta mehnat evaziga g‘olib bo‘lasiz. Olimpiya bahslarida esa 36 nafar raqib bo‘ladi. Shuning uchun birinchi navbatda jahon chempionligini, keyin esa Olimpiya g‘olibligini qo‘lga kiritmoqchiman.

Birinchi navbatda bu darajaga yetishimga poydevor qo‘ygan ustozim Sardor Nizarimbetovga katta rahmat aytaman. Bundan tashqari, Daurbek Jiymuratovga ham minnatdorchiligimni bildiraman. U ham bu sport turining sir asrorlarini o‘rgatgan. Va albatta, hozirgi murabbiyim Martin Kamadjiyevga rahmat aytaman. U menga 4 yildan buyon xalqaro maydondagi shu sport turining sir asrorlarini o‘rgatib kelmoqda. Umuman olganda, menga ushbu sport turidan saboq bergan hamma murabbiylarimdan minnatdorman», - deydi Osiyo O‘yinlari qahramoni 18 yoshli Gulistan Perdebayeva.

«O‘tgan yili qizimga sportni tashlab, endi o‘qishini aytgan edim»

Nukus sari uzoq yo‘ldagi uchinchi suhbatdoshimiz Osiyo O‘yinlari g‘olibi Gulistan Perdebayevaning onasi Tamara Masharipova bo‘ldi. Tamara opa qizini Toshkentda kutib olib, Qoraqalpog‘istonga poyezdda birga qaytayotgandi.

«Bu medal men uchun ham, qizim uchun ham juda qadrli. To‘g‘ri, har bir ona farzandining muvaffaqqiyatini ko‘rsa xursand bo‘ladi, boshi ko‘kka yetadi. Lekin men qizimga medal olmasa ham, turnirlarga o‘ynab-kulib borib kelishini aytaman. Chunki, ona uchun birinchi navbatda farzandining sog‘lig‘i muhim. Qizim uzoq safarlarga tez-tez borib turadi, shunday vaziyatlarda men unga sog‘-omon borib kelishini, or-nomusli bo‘lishini tayinlayman. Bular medaldan ham muhim ahamiyatga ega.

O‘tgan yili Xitoyda bo‘lib o‘tgan Universiada turnirining jamoaviy bahslarida qizlarimga biroz omad yetishmagandi. To‘g‘ri, sportda g‘alabaga 99 foiz mehnat va 1 foiz iqtidor orqali erishiladi, lekin, ba’zi vaziyatlarda 99 foiz omad siz tomonda bo‘lishi kerak. Shukr, ular uzoq kutilgan g‘oliblikni bizga taqdim etishdi.

Oilamizda hamma pedagog, lekin tog‘alari kurashchi. Bizda sportchilar bor. Men ham qizimni o‘zimizga o‘xshab o‘qimishli bo‘lishini xohlayman. Lekin, u o‘z qiziqishi ortidan borib muvaffaqiyatga erishyapti. Men hatto o‘tgan yili va shu yil qishda ham unga bu sport turini tashlashini va partada o‘tirib o‘qishini aytgandim. U esa yana biroz shug‘ullanmoqchiman dedi. Va albatta biz uning hozirgi yutuqlaridan xursandmiz!», - deydi Gulistan Perdebayevaning onasi Tamara Masharipova.

Shehroz Jalg‘ashev suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: