Farhod GESi modernizatsiyadan keyin ish boshladi

Jamiyat 15:35 / 05.10.2023 13829

5 oktabr kuni Farhod GESning modernizatsiyadan so‘ng, yangilangan energetik quvvatda ishga tushirilishiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirni “O‘zbekgidroenergo” AJ Boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Bekzod Amirsaidov tabrik nutqi bilan ochib berdi. Marosimda Sirdaryo viloyati, Shirin shahar, Bekobod shahar hokimliklari rahbariyati, Jamiyat tizim korxona va tashkilotlari vakillari, hamkor xorijiy kompaniyalar mas’ullari, gidroenergetik muhandislar hamda markaziy va hududiy telekanallar, bosma va elektron OAV vakillari ishtirok etdi.

Unda “Farhod GES” unitar korxonasining qo‘shimcha daromadlari hisobidan ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash va ushbu oilalarning bolalariga quvonch ulashish maqsadida, korxona ishchi-xodimlarining hamda GESga yaqin joylashgan mahallalarda istiqomat qiluvchi oilalarning 11 nafar farzandlariga sunnat to‘yi marosimi o‘tkazib berildi. Bolajonlarga korxona tomonidan velosiped hamda televizorlar esdalik sovg‘alari sifatida taqdim etildi.

Ma’lumot uchun: Davlat mudofaa qo‘mitasining 1942 yil 18 noyabrdagi qarori bilan Sirdaryo daryosida 1943 yil 10 fevralida Farhod gidroelektr stansiyasi qurilishi boshlangan edi. Ushbu kun GES qurilishining ommaviy boshlanishi sanasi hisoblanadi. Mazkur GES ommaviy hashar yo‘li bilan qurilgan bo‘lib, hasharga Farg‘ona, Namangan, Samarqand, Buxoro, Andijon va Toshkent viloyatlaridan jami 60 mingdan ortiq kishi jalb etildi.

GES qurilishining birinchi bosqichi natijasi o‘laroq, 1948 yil 15 fevralda GESning 3- va 4-agregatlari ishga tushirildi, Toshkent va Chirchiq shaharlariga ikki liniya bo‘ylab 110 kV sanoat toki uzatildi.

Ikkinchi bosqich yakunida 1949 yil 5 aprelda 1-agregat va shu yilning 30 iyunida 2-agregat ham ishga tushirildi.

1951 yil 3 iyul kuni GES to‘liq ekspluatatsiya uchun qabul qilindi.

Ushbu GESning ishga tushirilishi bilan, mamlakatning elektr, kimyo, metallurgiya, ko‘mir va sanoatning boshqa sohalarini rivojlantirishga keng imkoniyatlar yaratildi.

Bu yutuqning yana bir muhim ahamiyatli tomoni shundaki, mazkur ulkan ishning asosiy qismi Mirzacho‘lning qattiq iqlim sharoitida va Ikkinchi jahon urushining og‘ir yillarida bajarildi.

1960 yil may va avgust oylarida eskirgan 1- va 2-sonli nemis agregatlari 30 ming kVtgacha kuchliroq yangi LMZ qurilmalari bilan almashtirildi.

Aytish joizki, GESning o‘rnatilgan quvvati 126 ming kVt bo‘lgan.

Zamonaviy bosqichda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 18 maydagi “O‘zbekgidroenergo aksiyadorlik jamiyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi 5044-sonli Farmoniga muvofiq “Farhod GES” unitar korxonasi “O‘zbekgidroenergo” AJ tarkibiga kirdi.

Uzoq yillar davomida (qariyb 70-75 yil) doimiy ekspluatatsiya qilinishi tufayli GESdagi ko‘plab uskunalar jismoniy va ma’naviy eskirganligini hisobga olib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 2 maydagi “2017-2021 yillarda gidroenergetikani yanada rivojlantirish chora tadbirlari dasturi to‘g‘risida”gi PQ-2947-son Qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 16 oktyabrdagi “Sirdaryo viloyatining Shirin shahridagi “Farhod GES” UKni modernizatsiya qilish” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 827-sonli Qaroriga asosan GESni modernizatsiya va qayta texnik jihozlash ishlari amalga oshirildi.

Modernizatsiya ishlari “O‘zbekgidroenergo” AJning o‘z mablag‘lari 13,05 mln. yevro hamda Rossiya Federatsiyasining “VEB” banki krediti – 45,22 mln. yevro (2,35%li stavkasi) hisobidan amalga oshirildi.

Mavjud quvvatni 104 MVtdan 128 MVtga oshirish, jismonan va ma’nan eskirgan jihozlarni jahon miqiyosidagi yangi va sinalgan qurilmalarga almashtirish, uskunalarni uzluksiz joriy va mukammal ta’mirlashga chiqarishni kamaytirish, agregatlarning foydalanish muddatini 40 yilga uzaytirish va har bir m3 suv sarfidan samarali foydalanish, mukammal ta’mirlashlarni kamaytirish, elektr energiya tannarxini pasaytirish.

Modernizatsiya loyihasida bosh pudratchi tashkilot sifatida “Silovyye mashiny” AJ (RF) qatnashdi.

Subpudratchi tashkilot “Energoresurs” QK (O‘zR. va RF).

Shartnoma “yakuniy topshirish” (pod klyuch) shartiga ko‘ra loyiha ikki bosqichda amalga oshirildi:

1-bosqich – 2019-2020 yillarda – 3- va 1-gidroagregatlar;

2-bosqich – 2021-2022 yillarda – 4- va 2-gidroagregatlar.

Dastlab, modernizatsiyadan oldin 1- va 2-gidroagregatlarning nominal quvvati 30 MVtdan, 3- va 4-gidroagregatlarning nominal quvvati 33 MVtdan bo‘lgan. Mazkur qurilmalarning eskirganligi sababli mavjud quvvat (1- va 2-gidroagregatlar 22 MVtdan, 3- va 4-gidroagregatlar 30 MVtdan) jami 104 MVtga teng bo‘lgan.

Agregatlarga suv sarfi ham 115 m3 (1,2) va 125 m3 (3,4) miqdorda sarflanib, texnik-iqtisodiy jihatdan samaradorlik pasayishiga olib kelgan.

Ta’kidlash joizki, bugungi kunda modernizatsiya ishlari to‘liq yakuniga yetgan bo‘lib, 1- va 2-gidroagregatlarning nominal quvvati 30,82 MVtga, 3- va 4-gidroagregatlarniki esa 33,3 MVtga yetkazilib, jami 128,2 MVtga yetdi.

Agregatlarga suv sarfi ham 107,3 m3 (1,2) va 113 m3 (3,4) miqdorda sarflanib, texnik-iqtisodiy jihatdan samaradorlik ko‘rsatkichlarining o‘sishiga xizmat qilmoqda.

Modernizatsiya davomida OTQ-110/35 kV kommutatsiya qurilmalaridan moyli o‘chirgichlar zamonaviy elegazli o‘chirgichlar bilan almashtirildi. Qayd etish lozimki, avvalgi moyli o‘chirgichlar yong‘in va portlashlarga olib kelganligi sababli, ekspluatatsiya xarajatlarini oshishiga olib kelgan. Elegazli o‘chirgichlar esa 1 kVdan yuqori har qanday kuchlanishlarda ishlashi, o‘chirish-yoqish paytida sodir bo‘ladigan yoysimon olovning yopiq hajmda, ochiq havoga zararsiz o‘chirilishi, nisbatan kichik vazn va hajmga egaligi, yong‘in-portlash xavfining yo‘qligi, tez ishlashi, yuqori o‘chirish qobiliyati, kontaktlarining kam yemirilishi tufayli uzoq ishlashi, ovozsiz ishlashi, ochiq va yopiq qurilmalarda o‘rnatilish imkoniyati, xavfsiz ekspluatatsiyasi hamda uskunalarni ishonchli ishlashini ta’minlashi tufayli samarali hisoblanadi.

Modernizatsiya ishlari davomida GESning eski 1- va 2-agregatlari yangisiga (100 %) almashtirildi, 3- va 4-agregatlari esa to‘liq modernizatsiya qilindi. Modernizatsiya jarayonida “Silovyye mashiny” AJ tomonidan Rossiyaning Leningrad metallurgiya zavodi tomonidan ishlab chiqarilgan va qayta modernizatsiya qilingan turbina va generatorlar o‘rnatilib, ekspluatatsiyaga topshirildi.

Ta’kidlash joizki, yangi agregatlarning eskilaridan asosiy farqi har bir kVt uchun suvning kamroq sarflanishi, boshqaruv va avtomatik tizimining zamonaviyligi, uzoqroq muddatlarda ishlab, ekspluatatsiya xarajatlarini kamaytirishga xizmat qilishi, va eng asosiysi, xavfsiz hamda ishonchli ishlashidir.

Agar solishtiradigan bo‘lsak, eski transformatorlarda me’yor bo‘yicha umumiy 180 tonna atrofida moy sig‘imi bo‘lgan bo‘lsa, yangi transformatorlar umumiy 120 tonna atrofida moy sig‘imiga ega. Eski transformatorlarda sizib chiqishlar tufayli har yili moy yo‘qotilishi o‘rnini qoplash uchun qo‘shimcha moy quyilgan. Yangi transformatorlarda esa moy sizib chiqib, yo‘qotilish holatlari yo‘q.

Moy sarfini tejamkorligi va ta’mirlashlarni kamayishi ham eski transformatorlarga nisbatan yangi transformatorlarni texnik-iqtisodiy jihatdan samarador ekanligini ko‘rsatadi.

Korxonada energetika qurilmalarining yangilanishi hisobiga ularning xizmat qilish muddati kamida 40 yilga uzayishi kutilmoqda. Bu esa, modernizatsiyadan so‘ng o‘rtacha yiliga 531,2 mln. kVt.soat elektr energiya ishlab chiqarish imkonini beradi. Bu, o‘z navbatida, bugungi kunda yiliga 167,3 mlrd. so‘mlik energiya manbai deganidir.

“O‘zbekgidroenergo” AJ axborot xizmati

Reklama huquqi asosida

Ko‘proq yangiliklar: