Yoshlar migratsiyasi: ham og‘riq, ham imkoniyat

Nuqtayi nazar 18:13 / 03.10.2023 183986
Rahmatilla Isroilovning sahifasidan skrinshot

Mashalloh. Bu xabarni o‘qib juda ham xursand bo‘ldim.

Rahmatillaning “keysi” meni ko‘p o‘ylantiradi, ba’zida xafa qiladi, ba’zida xursand qiladi. Negaligini tushuntiraman.

Rahmatilla – Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti bitiruvchisi. Kanadaga ketishidan oldin O‘zbekistondagi yetakchi saytlardan birida, el tanigan jurnalist sifatida ishlardi. Albatta, oyligi osmon-u falakdek emas, lekin Toshkent sharoiti uchun yomon emasdi. To‘g‘ri, bu oylik bilan ijarada yashayotgan uyini shaxsiy uyga, piyoda yurishni shaxsiy mashinada yurishga almashtirish juda qiyin, buni tushunaman. Lekin baribir ham oliy ma’lumotli, yaxshi universitet bitiruvchisi, yaxshi kasb egasi hamma narsasini tashlab, Kanadaga tavakkal qilib ketdi. Va dastlabki yillarda nisbatan og‘ir ishlarda (“qora mehnat” deyishni yomon ko‘raman) tirikchilik qilishiga to‘g‘ri keldi.

Ishxonadagi yosh jurnalistlarning ko‘pchiligi Rahmatillaga havas qiladi: “U uddaladi, keta oldi, mana ishlayapti, mana natijalarga erishyapti, men-chi?” degan fikrdalar, nazarimda. Aynan shu narsa: oliy ma’lumotli, jamiyat uchun foydali ishda ishlayotgan yoshlarning kelajagini vatanida ko‘ra olmayotgani, chetga ketish haqida o‘ylashga majbur bo‘layotgani – masalaning meni xafa qiladigan tomoni.

Boshqa tomondan esa, O‘zbekiston o‘zining bilimli yoshlarining hammasini ham ular istayotgan darajadagi maosh, yetarli hayot sifati bilan ta’minlashi hozirda imkonsiz ekan, ularning bir qismi harakatini qilib, chetga ketib, to‘g‘ri ish qilishyapti, deb o‘ylayman. Allohning yeri keng... Masalan, bu holatda Rahmatillaning rizqi Kanadada ekan, mana, sekin-sekin birini ikki qilyapti. Xorijda ko‘p vaqt yashagan inson sifatida bilaman, xorijda yashash oson emas, lekin vaqt o‘tgan sari odam o‘zi yashayotgan joyiga mehr qo‘yadi, o‘rganadi, ko‘nikadi.

Aytmoqchimanki, har bir inson yaxshi yashashga haqli. Shuning uchun issiq o‘rnini qoldirib, farovonroq hayot qurish uchun vatandan tashqariga yo‘l olganlarni faqat olqishlayman. Barakalla, Rahmatilla!

***

Bu postni aslida ijtimoiy tarmoqdagi shaxsiy sahifamga joylash uchun yozgandim, hozir esa saytning “Nuqtayi nazar” rukniga joylash fikri kelganidan keyin, biroz qo‘shimcha qilishni lozim deb hisoblayman. O‘z tajribamdan kelib chiqib ayta olamanki, har qanday holatda chet elga ishlashga yo o‘qishga ketishdan oldin puxta tayyorgarlik ko‘rish lozim. Ayniqsa, xorijiy tilni ertaroq o‘rganish va farzandlarga ham o‘rgatish ko‘proq imkoniyatlar eshigini ochadi.

Qolaversa, “bu O‘zbekistondan yaxshiroq-ku, menga bo‘laveradi” deb chetdagi har qanday ishga ham rozi bo‘lavermaslik kerak. Ayniqsa, hujjatsiz ishlarga. Qonuniy yo‘l bilan, rasmiy ravishda ketish va rasmiy tarzda ishlash – eng to‘g‘risi. Bu farzandlaringizga yaxshi ta’lim berish, sifatli sog‘liqni saqlash tizimidan foydalanishga imkon beradi.

Darvoqe, bu postdan Kanadani maqtash niyatim yo‘q. Kanada bir misol xolos. U yerda o‘zim ham bo‘lganman, hududlari keng, tabiati chiroyli joylar, lekin biroz sovuq: yilning katta qismi qishdan iborat. Aytmoqchimanki, Kanada yoki AQSh – hamma uchun ham yashash uchun borishga eng zo‘r variantlar bo‘lmasligi mumkin. Shaxsan men uchun O‘zbekistondan, yaqinlardan masofa jihatdan o‘ta uzoqlashib ketmaslik – muhim omil. Bu jihatdan, bizga geografik yaqin va yashash uchun qulay boshqa mamlakatlar ham bor (G‘arbda ham, Sharqda ham).

Qolaversa, vaqtincha yoki uzoqroq muddatga yashash uchun mamlakat tanlayotganda uning tabiati, ekologiyasi, iqlimi, kundalik hayot uchun shart-sharoiti kabilar birinchi o‘ringa chiqadi, chunki topish-tutish masalasi rivojlangan davlatlarda deyarli o‘xshash, xarajatlar hamma joyda ham daromadlarga mutanosib bo‘ladi.

Umid Shermuhamedov

Ko‘proq yangiliklar: