Turizm sohasida oliy ma’lumotli, IELTS sertifikatiga ega Elbek O‘roqov O‘zbekistonda ish topolmagani sabab Buyuk Britaniyaga ketishga majbur bo‘lgan. U 2 oydan beri Gildford shaharchasida qassoblik bilan shug‘ullanib, oyiga o‘rtacha 2,5 ming dollar topmoqda. «Ko‘pchilik Yevropaga kelish qiyin deb Rossiyaga ketadi, qo‘rqishmasin, qiyinchilik joyi yo‘q», – deydi u Kun.uz’ga bergan intervyusida.
Elbek O‘roqov Qashqadaryoning Koson tumanida tug‘ilib o‘sgan. Qarshi davlat universitetining turizm sohasida tahsil olgan. 2024 yilning yanvar oyida Buyuk Britaniyaning Gildford shaharchasiga ketib, hozirda qassoblik bilan shug‘ullanmoqda. U Kun.uzʼga bergan intervyusida qanday qilib bu ishga borib qolgani, qassoblik ishlari, migrantlar qancha pul topishi va kelgusi rejalari haqida gapirib berdi.
“Og‘ir yuk ko‘tarib, hamma ishni o‘zingiz qo‘lda bajarmaysiz”
O‘zbekistonda ishsiz edim, chunki o‘qishni yangi bitirganman, aniq ish topib, joylasha olmagandim. Uy va boshqa ishlarni qilib turardik. Xorijga ketish fikri asli yoshligimdan bo‘lgan, lekin aynan Angliyani tanlash xayolimda bo‘lmagan. O‘qib yurgan vaqtim Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Telegram kanalida bor edim, chet elga ketishga oid har xil e’lonlarni ko‘rardim. Bir kun ko‘zim shunga o‘xshagan bir e’longa tushib qoldi, unga ko‘ra, ingliz tilini bilish kerak, qassoblik bo‘yicha Angliyadan vakansiya chiqdi. Shundan ro‘yxatdan o‘tib qo‘ydim, harqalay o‘zim qassoblik ham qilganman, buning ustiga IELTS ham bor edi.
Keyin [vaqt o‘tib] birdaniga Tashqi mehnat migratsiyasi agentligidan aloqaga chiqishdi-da, haqiqatan bormoqchiligim yoki yo‘qligini so‘rashdi. Undan keyin jarayon boshlandi, Angliyadan taklifnoma jo‘natishdi. Shularning hammasidan o‘tib, keyin Angliyaga keldik. “ABP food group” – Buyuk Britaniyadagi eng yirik ish beruvchilardan. Mamlakatda 16-17 ta joyda o‘zining filiallariga ega. O‘sha vaqtda Gildfordga ko‘proq ishchi kerak bo‘lgan [shu bilan keyin mana shu shaharchaga kelganmiz].
Gildfordda qassoblik qilamiz, unda ham qanday? Bizning O‘zbekistondagidek hamma ishni odam qilmaydi, 80 foizlar ishni mashinalar bajaradi. Shu mashinalarga 1-2 nafar odam kerak bo‘ladi, biz shularga qo‘yilganmiz. Bu yerda ishchilarimiz 2 toifaga bo‘lingan: “boning hold” va “abattoir operative”. “Boning hold”dagilar go‘shtni suyagidan ajratuvchi qassoblar hisoblanadi, ular ichkarida sovuqroq joyda, muzlatkichda ishlashadi. Biz, ya’ni “abattoir operative”lar esa jarayonning birinchi boshidagi ishlarni qilamiz. O‘sha hayvonning oyog‘i, boshi, qorni, o‘pka, jigar – hammasini ajratib chiqamiz. Bizga qulay tomoni shundaki, ko‘p muzlatkichda yurmaymiz.
Ishlash sharoitimiz yaxshi, haftasiga 5 kun 8 soatdan ishlaymiz. Ishimiz ertalab soat 7 da boshlansa, kechki 4 ga borib tugaydi. Hisoblab ko‘rsak, jami 9 soat bo‘ladi, o‘rtada 1 soat ovqatlanishga ketadi. 2 marta, 9:30 va 13:30 da ovqatlanib olamiz. Hozirgi bajarayotgan ishim o‘zimizning O‘zbekistondagidek qiyin emas. Og‘ir yuk ko‘tarib, hamma ishni o‘zingiz qo‘lda bajarmaysiz. Lenta bo‘ladi, qiladigan ishimiz lentada keladi. Oz-moz u yoq-bu yog‘iga qarab, to‘g‘rilab ishlasa bo‘ladi.
O‘zi birinchi marotaba ishni boshlaganda “day off” kun bo‘ladi, 5 kun dam olasiz. Bu aprelgacha amal qiladi. Masalan, men mart oyida 2 kun dam olishimga to‘g‘ri kelib qolsa yoki mazam qochsa, bosh menejerdan javob so‘rayman. Ruxsat bersa, dam olaman. Keyin bizning elektron dasturimiz bor, ishchilarning kelgan yoki kelmagani ko‘rinadi. Shu 5 kun vaqtimiz bo‘ladi, o‘zimizdan kelib chiqib shuni olishimiz mumkin. Apreldan keyinga esa 22 kungina mehnat ta’tili olish mumkin bo‘ladi. Boyagi 5 kun dam olishimda ham, 22 kunlik mehnat ta’tilimda ham oylik yozilaveradi.
“Qashqadaryodan Gildfordga borishgacha bo‘lgan xarajatlarimizni qoplab berishdi”
[Buyuk Britaniyaga ketishga] birinchi navbatda IELTS sertifikati kerak bo‘ladi, aynan general yoki academic’mi, farqi yo‘q, eng kamida 4,5 ball bo‘lishi kerak. Bundan tashqari, oddiy tibbiy ko‘rik va sil kasalligiga ko‘rik bor. Keyin oxirgi ishlagan joyingizdan hujjatlarni taqdim qilishingiz mumkin, lekin bu majburiy emas. Jarayondagi eng asosiy hujjatlar: til sertifikati bilan video hisoblanadi. Ish beruvchilarga taqdim qilinadigan videoda nomzodlar gapirmaydi, bir o‘zingiz qatnashib, qiladigan ishingizni boshdan oxirigacha ko‘rsatib berishingiz kerak bo‘ladi. 8 daqiqagacha ishlash mumkin videoni, meniki 5 daqiqa bo‘lgan. Men to‘liq qo‘yni olib, qanday so‘yilishi-yu, uning bo‘laklanishigacha ko‘rsatib berganman.
Angliyaga kelgunimizcha bizga 3 oylik viza berishdi, lekin u yerda ishlashimiz uchun elektron pochtamizga 5 yillik shartnoma jo‘natilgandi. Borganimizdan keyin shu yuzasidan ham xavotirlar bo‘lgandi, kelganimizdan keyin BRP degan ID kartasi bor ekan, bu o‘zimizning O‘zbekistondagi fuqarolik pasportiga to‘g‘ri keladi. Shuni oldik, bu BRP bilan viza hujjatlarini to‘ldirishimizga hojat bo‘lmadi. ID karta 2024 yil 31 dekabrgacha amal qiladi, bu 1 yil vizasiz yashashimiz mumkin degani.
O‘zbekistonda yurgan vaqtimizda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi barcha xarajatlar qoplab berilishini aytgandi. Biz Angliyaga bordik, borganimizdan keyin birdan qanday xarajatlar qilganimiz, hattoki viloyatdan Toshkentga borishimizgacha sarflagan mablag‘larimizni ham so‘rashdi. Chekini topib bersak, o‘sha summalarni berishlarini aytishdi. Keyin kvitansiyalarini topib berdim, bordi-keldi, tibbiy sug‘urta, viza markazi hamda agentlikka sarflagan pullarimning hammasini qaytarib berishdi.
“Bu yerda hamma narsa qimmat”
Buyuk Britaniyada eng kam ish haqi soatiga 10 funt 40 pensni tashkil etadi, bu 12 dollardan sal ko‘proq degani. Yillik 27-27,5 ming dollar bo‘ladi. O‘sha oylikni bermagan kompaniya faoliyatini to‘xtatish kerak bo‘ladi. Buyuk Britaniyada bunday kompaniyalar chetdan ishchi yollaydimi yoki boshqami, davlatning o‘zi bu jarayonni nazorat qiladi. Oylika kelsak, 2,5 ming dollar topsa bo‘ladi. Lekin xarajatlar ham yaxshigina.
O‘zim o‘rtacha 2,5 ming dollar topaman, shundan 900 dollarini ovqat, kiyim-kechak, transport, ijaraga sarflayman. Shu bilan qo‘limda 1,5 ming dollar atrofida pul qoladi. Bu yerda hamma narsa qimmat. Boshida birinchi oylikka qo‘shib, kompaniya tomonidan kvartira bonus sifatida bepul beriladi. Keyin bir oyda kiyim-kechak, oziq-ovqat uchun qanchadir miqdorda bir oylik pul ham beriladi. Bundan tashqari, uy xo‘jaligida kerak bo‘ladigan hamma narsalarni tashlab ketishadi. Ikkinchi oydan boshlab xarajatlaringiz boshlanadi.
“Juda xursandman, sababi uyga pul jo‘natib, yordam qilyapmiz”
Yashash bilan bog‘liq yoqmagan tomonlari yo‘q, lekin aynan ob-havosi biroz noqulayroq ekan. Masalan, ertalab quyosh chiqqan vaqtda yengilgina kiyinib chiqsangiz, yarim soatda birdan yomg‘ir yog‘ib, sel kelib qolishi mumkin. Yoqqan tomonlari: hammasi vaqtida, shanba-yakshanba kuni telefon qilib, ishga chaqirishmaydi. O‘zi kelganingizda boshida shanba va yakshanba ishlay olishingiz yoki aksiligi so‘raladi. “Overtime” ishlashga xo‘p desangiz, o‘sha vaqtda telefon qilishi mumkin. O‘shanda ham rahbarlar sizdan uzr so‘rab telefon qilishadi. Men boshida bunday tartibda ishlamasligimni aytganman. Hammasi joy-joyida, maoshlar ham vaqtida beriladi. Juda xursandman, sababi uyga pul jo‘natib, yordam qilyapmiz.
Qozog‘istonda ham qassoblik bo‘yicha ishlaganman, lekin u yerda qanday ishlar edik? U yerda biz qo‘y so‘yganmiz, qiyinchiligi ko‘p edi. Chunki ishdan tashqari ham, bir sutkalab bo‘lsa ham ishlaganmiz. Hammasi majburiy, o‘sha kuni ish bo‘lishi kerakmi, tugatilishi shart edi. Shu narsasi yoqmas edi. Angliyada esa soat 4 bo‘ldimi, hamma ish to‘xtaydi. Boshqa ishlar qolib ketaversin, lekin 4 dan keyin ish to‘xtaydi. Hamma huquqlarimiz ta’minlangan. Shu o‘rinda yana bir narsani aytib o‘tishim lozim, biz soliq to‘laymiz. Bu solig‘imiz bilan bir yil davomida kasalxonadan bepul tekshiruvlardan o‘tishimiz, kasal bo‘lib qolgan vaqtimizda davlat qanchadir foiz xarajatimizni qoplab beradi.
“Birinchi navbatda tilni o‘rganish kerak, Yevropaga kelish qiyin emas”
Ko‘pchilik bu yoqqa kelish qiyin deb o‘ylab, Rossiyaga borishadi. Qiyin emas, eng asosiysi til bilish kerak. Hatto, Germaniyaga borish uchun ham B1 yoki B2 til sertifikatlari kerak. Angliyaga kelish uchun ham eng kamida B1, ya’ni 4,5 ball sertifikati kerak. Bu yerda ishchi tanqis bo‘ladigan kasblar bor, u har yili yangilanadi. Buni internetdan ko‘rish mumkin. Asosan IT, sog‘liqni saqlash sohalarida ish yetishmovchiligi mavjud.
Shu birinchi navbatda tilni o‘rganish kerak, sertifikat bo‘lishi kerak. Yevropaga kelish qiyin emas, dunyo bo‘yicha ko‘proq ishchi kuchi jalb qilayotgan Germaniya, Angliya, Polsha bor. Qo‘rqishmasin, qiyinchilik joyi yo‘q.
Endi bu yerda ishlayman, 5 yil ishlasak, bizga fuqarolik berishadi. Keyinchalik o‘qishimni davom ettirish niyatim ham bor. O‘tgan yili Janubiy Koreya universitetlariga magistraturaga o‘qishga kirgandim. Keyin ozroq mablag‘ yetishmagani sababli borolmagan edim. Xudo xohlasa, shu yerda ozroq ishlab, balki Buyuk Britaniyaning o‘zida ham o‘qishim mumkin.
Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi.
Tasvirchi Mirvohid Mirrahimov,
Montaj ustasi Abduqodir To‘lqinov.