Xorazmda mehmonxona qurish uchun investorlarga subsidiya beriladi
2025 yil 1 yanvardan 2026 yil 31 dekabrgacha investorlar tomonidan yangi mehmonxona qurish va uni jihozlash xarajatlarining bir qismini qoplash maqsadida davlat budjetidan subsidiya ajratiladi.

Foto: Freepik
Hukumat qarori bilan «Xorazm viloyatida yangi mehmonxona qurish va uni jihozlash uchun investorlarga O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjetidan subsidiya ajratish tartibi to‘g‘risida»gi vaqtinchalik Nizom qabul qilindi.
Nizom Xorazm viloyatida 2025 yil 1 yanvardan 2026 yil 31 dekabrgacha investorlar tomonidan yangi mehmonxona qurish va uni jihozlash xarajatlarining bir qismini qoplash maqsadida davlat budjetidan subsidiya ajratish tartibini belgilaydi.
Subsidiya quyidagi miqdorlarda ajratiladi:
- toifasiz mehmonxonadagi har bir xona uchun - 10 mln so‘m;
- 1 yulduzli toifaga ega mehmonxonadagi har bir xona uchun - 15 mln so‘m;
- 2 yulduzli toifaga ega mehmonxonadagi har bir xona uchun - 20 mln so‘m.
Bunda mehmonxona kamida 2 qavatdan iborat bo‘lishi lozim.
Mehmonxona subsidiya ajratilgan davrdan boshlab 5 yildan kam bo‘lmagan muddatda faoliyat yuritishi, toifali mehmonxona bo‘lgan taqdirda, kamida 5 yil ushbu toifani saqlab qolishi lozim.