“Oson ishdan yaxshi daromad ko‘ryapmiz” – Britaniyada ko‘chat saralab 3 ming dollar topayotgan o‘zbek

Jamiyat 10:30 / 16.03.2024 55017

Ota-onasidan erta ajralgan Jasurbek Haydarqulov pul topish uchun kollejni bitiriboq Rossiyaga ketgan. 10 yildan ko‘proq u yerda oshpaz bo‘lib ishlagan. “Bir oyda atigi 2 marta dam olardik, yakshanba kuni ham ish edi”, deb eslaydi u o‘sha yillarni. Jasurbek 2 oydan beri Buyuk Britaniyada, qishloq xo‘jaligi sohasida tirikchilik qilyapti. U Kun.uzʼga bergan intervyusida qanday qilib Uelsga ketgani, hujjatlarni tayyorlash kabi jarayonlar haqida gapirib berdi.

Jasurbek Haydarqulov 1991 yilda Sirdaryo viloyati Xovos tumanida tug‘ilgan. O‘sha yerda kasb-hunar kollejini bitirib, Rossiyaga ishlashga ketgan. Rus o‘lkasida 10 yildan ortiq vaqt oshpazlik ortidan tirikchilik qilgan va keyinroq O‘zbekistonga qaytgan.

2023 yilda Britaniyada qishloq xo‘jaligida ishlash uchun e’lon qilingan tanlovda qatnashib, 2024 yil yanvar oyida Uels (Wells) shahriga uchib ketgan. Hozirda u yerdagi britan fermalaridan birida ko‘chat saralab, oyiga o‘rtacha 2,5 ming funt sterling (3,2 ming dollar) topmoqda.

Buyuk Britaniyaga til bilmasdan kelishni hech kimga tavsiya qilmayman”

[2023 yil noyabr-dekabr oylarida] Tashqi migratsiya agentligining rasmiy kanalida e’lon qilingan xabarni ko‘rgach, Buyuk Britaniyaga ketish istagi paydo bo‘ldi. Keyin Angliyaga ketish uchun sekin-sekin o‘z ustimda ishlab, ingliz tilini ham oz-moz o‘rganishni boshladim. IELTS sertifikatim yo‘q, ingliz tilini muloqot darajasida o‘rganganman.

Rossiyadan O‘zbekistonga qaytganimdan keyin agentlik e’lon qilgan xabar bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tdim. Shundan so‘ng elektron pochtamizga suhbatga qabul qilinganimiz haqidagi xabar yuborildi. Rus tilida bo‘lgan suhbatdan o‘tganimizdan bir oy o‘tgach, bizga Angliyadagi ish beruvchilar tomonidan ishga taklifnoma yuborildi. Agentlik tomonidan yo‘llanma berilgach, vizaga topshirdik, taxminan, 500 dollar to‘lovi ham bo‘ldi va bir hafta uzog‘i o‘n kun ichida vizamiz chiqdi. Ish beruvchi tomonidan hech qanday ortiqcha hujjatlar talab qilingani yo‘q. Umuman olganda, O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tganimizdan 2 oy o‘tgach, Angliyaga yetib keldik. Til sertifikati talab qilingani yo‘q, faqatgina muloqot qilish uchun kerakli darajada o‘rganganman. Lekin bu yer [Buyuk Britaniya]ga til bilmasdan kelishni hech kimga tavsiya qilmayman. Chunki bu yerda biz bilan birga, turli millat vakillari: Ruminiya, Moldaviyadan kelganlar ham ishlaydi, shuning uchun rus va ingliz tilini bilish muhim.

Bu yerda inson qadri juda baland”

Biz ishlayotgan ferma ko‘chat yetishtirish bilan shug‘ullanadi, biz shu olib kelinadigan ko‘chatlarni saralaymiz. Ishimizda qo‘l mehnati kamroq, asosiy ishlarni texnikalar bajaradi. Har kuni turli o‘lchamlar bor, ko‘chatlar shu aytilgan o‘lchamlarga saralab, apparatlarga qo‘yib yuboramiz. Keyingi bosqichlarda ko‘chatlar dezinfeksiyaga yuboriladi. Shundan so‘ng taxlanib, mijozlarga yuboriladi. Bizning ishimiz faqat saralab turish, u qadar qiyin emas.

Kunlik ish vaqtimiz ertalab 07:45 dan 16:30 gacha, 8 soat davom etadi. Sharoitlar juda ham yaxshi. Yotoqxonalar ish beruvchi tomonidan tashkillashtirilgan, har bir xonada 2 kishi yashaymiz. Mashina ham ajratilgan biz uchun, ishdan keyin yoki dam olish kunlari bemalol shaharga yo boshqa joyga chiqishimiz mumkin. Umuman olganda, ishni og‘ir deb aytolmayman, men tushgan ferma shunday sharoitlarga egadir, balki.

Ota-onam o‘tib qolgan, oilamiz esa qiynalib qolgan edi, o‘shanda shu sabab ham ishlash uchun Rossiyaga ketishga majbur bo‘lganman. U yerda og‘ir sharoitda ishlardik, 12 soatlik ish, bir oyda bir yoki ikki kun dam olish bo‘lardi. Bu yerda esa haftasiga 40 soatdan oshiq ishlasak, bir yarim barobar haq to‘lanadi. Shanba kuni tushgacha ish bo‘ladi, tushdan keyin va yakshanba kuni dam olish. Ish oson, daromadimiz ham yaxshi. Rossiyada bizga yaxshi munosabatda bo‘lishmasdi, bu yerda esa inson qadri, huquqlari juda baland, direktorimizning o‘zi kelib salomlashib, hol-ahvol so‘rab ketadi.

Soliq va yotoqxona xarajatlarini ushlab qolgandan tashqari 2200 funt sterlingdan 2500 funt sterlinggacha olamiz, ya’ni bu 2800-3200 dollar degani. Oziq-ovqat uchun ham haftasiga 20 funt sterling ishlatamiz, yotoqxonamiz fermaning o‘zida bo‘lgani uchun yo‘lkiraga pul sarflamaymiz.

Kelgusi rejalar

[Buyuk Britaniyadagi ish beruvchi bilan tuzilgan] shartnomamiz 6 oylik bo‘lib, shundan so‘ng O‘zbekistonga qaytishimiz kerak bo‘ladi. Agar ish beruvchiga ma’qul kelsak, 6 oydan keyin yana chaqirishlari mumkin. Bu yerga yana kelish niyatimiz bor. O‘zbekistonda pul topish uchun Rossiyada, Yevropada o‘rganganlarim asosida birorta biznes boshlamoqchiman. Hozirda topgan pullarimni O‘zbekistonda uy qurishga sarflayapman, hozircha shu bilan mashg‘ulman.

Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi.
Tasvirchi Mirvohid Mirrahimov,
Montaj ustasi Muhiddin Qurbonov.

Ko‘proq yangiliklar: