Safina Sa’dullayeva Osiyo o‘yinlari chempioni, Radzivilda kumush medal

Sport 18:00 / 03.10.2023 12593

Yengil atletika bo‘yicha O‘zbekiston jamoasi a’zolari Safina Sa’dullayeva va Svetlana Radzivil balandlikka sakrash dasturida medallar uchun kurash olib borishdi. 

13 sportchi qatnashgan bellashuvda ishtirokchilarning yarmidan ortig‘i 1,80 m balandlikkacha yetib kela olmadi.

1,83 m balandlik to‘sig‘idan keyin faqat to‘rt sportchi - ikki o‘zbekistonlik va ikki qozog‘istonlik atletikachilar qolishdi.

Qozog‘iston vakili Kristina Ovchinnikova 1.86 to‘sig‘idan o‘ta olmadi.

Natijada Safina Sadullayeva, Svetlana Radzivil va Nadejda Dubrovskaya bahslar yakunlanmasidan o‘zlari uchun medallarni naqd qilishdi. Endi masala kim qaysi medalga ega bo‘lishida qolgandi. Yakunda ushbu atletikachilarning hech biri uch urinishda ham 1.89 metr balandlikdan o‘ta olmadi, lekin oltin va kumush medallar O‘zbekiston vakillariga nasib etdi. Balandlikdan birinchi bo‘lib o‘tgani evaziga o‘zbekistonlik sportchilar shohsupadagi yuqori o‘rinlarni egallashdi.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yil Jakartada o‘tkazilgan oldingi Osiyo o‘yinlarida ham ushbu sport turi bo‘yicha oltin va kumush medallarni O‘zbekiston vakillari - Svetlana Radzivil hamda Nadiya Do‘sanova qo‘lga kiritgandi. O‘shanda ham Nadejda Dubrovskayaga uchinchi o‘rinda qolib ketgandi.

Ayni vaqtda 36 yoshda bo‘lgan Radzivil jami uch karra Osiyo o‘yinlari g‘olibi sanaladi, u Jakarta-2018 turnirigacha yana ikki Osiyo o‘yinlarida, Guanchjou-2010 va Incheon-2014 o‘yinlarida tengsiz bo‘lgandi. Unga oltin medallar taqdim etgan natijasi va turnirdagi shaxsiy rekordi 1.96 metr natijasi hisoblanadi.

Shu tariqa, O‘zbekiston delegatsiyasi hisobidagi oltin medallar soni 14 taga, kumush medallar soni 15 taga yetdi. Ayni vaqtda O‘zbekiston jami 50 ta medal bilan umumiy reytingda Hindistondan faqat kumush medallar soni kamligi tufayli ortda qolib, 5-o‘rinda bormoqda.

Ko‘proq yangiliklar: