«Pulim ko‘payganda bolamning tarbiyasiga befarq bo‘ldim» – o‘g‘li nashavandlik ortidan vafot etgan ayolning nadomatlari

Jamiyat 13:59 / 03.10.2023 29299

«Hayotiy hikoyalar» ruknida berilayotgan navbatdagi hikoya qahramoni bo‘lgan opa bilan tasodifan gurunglashib qoldik.

U bir paytlar turmush o‘rtog‘i bilan tadbirkorlik qilgan va Rossiyaga turli mahsulot olib borib sotgan ekan.

Opa e’tiborsizligi ortidan o‘g‘lining nashavand bo‘lib qolishi va uni yo‘qotishini aytib berar ekan, ushbu hikoyani sizlarga havola etishga qaror qildik.

«Turmushga chiqqan vaqtimda erim ichki ishlar sohasida ishlardi. Birin-ketin ikki nafar o‘g‘il farzandli bo‘ldik. Yillar o‘tar ekan, erimning lavozimi oshib, tumanimizda GAIlarning boshlig‘i darajasigacha ko‘tarildi

O‘sha paytlarda men hech qayerda ishlamasdim. Kunlarning birida dugonalar yig‘ilib qoldik. Shunda ulardan biri Rossiyaga o‘zimizda tayyorlanadigan, paxtadan tayyorlanadigan ich kiyimlar, sochiqlar, ko‘rpa-yostiq jildlari olib borib sotib kelishini aytib qoldi.

Davra so‘ngida u menga, «Sen ham yur, men bilan birga borib kelaverasan. Paxtadan tayyorlangan narsalarga talab juda yuqori» dedi.

Uyga borgach erim bilan maslahatlashdim. U bir o‘zimni ketishimni xohlamadi. «Shoshmay tur, yaqinda mehnat ta’tili olaman, shunda birga borib kelamiz» dedi.

Dugonamdan nima olishni aniqlab oldim va uning maslahati bilan sotiladigan narsalarni taxlab qo‘ydim.

Novosibirskda haqiqatan paxtadan ishlab chiqarilgan mahsulotlarga talab kuchli ekan. Olib borgan narsalarimizni ko‘tarasiga olishdi va pulimizni sanab berishdi.

Erim bilan uning ta’tili tugaguncha uch marta borib keldik. Hisoblab ko‘rsak, erim bir yilda oladigan maoshga teng foyda qilibmiz.

Shundan so‘ng so‘ng erim ishdan bo‘shashga qaror qildi. Uning asab ko‘p buziladigan joyda ishlab, sog‘ligini yo‘qotishidan ko‘ra, yonimda bo‘lib, yordamlashgani yaxshi edi.

Keyinchalik bu qaror noto‘g‘ri bo‘lganini ikkalamiz ham anglab yetdik. Biroq unda kech bo‘lgandi.

Erim bilan tadbirkorlikni boshlaganimizda katta o‘g‘lim 12-13 yoshlarda edi. Biz Rossiyaga ketganimizda bolalarni qarindoshlarga qoldirardik. Keyin bilsak ular qarovsiz qolib ketarkan.

Ko‘p o‘tmay ishlarimiz yurishib ketdi. Firma ochdik va paxtadan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni Rossiyaga vagonlab olib boradigan bo‘ldik. U yoqdan yog‘och, turli metall mahsulotlari olib kelardik va ulgurji sotuvchilarga topshirardik.

Tuman markazidan yer olib, dang‘illama uchastka qurdik va o‘sha yoqqa ko‘chib o‘tdik. Shu zaylda yillar o‘ta boshladi.

Katta o‘g‘lim 17 yoshlarda edi, negadir burnidan tez-tez nafas oladigan bo‘lib qoldi. U nafasni to‘g‘ri olmasdi, havoni burni bilan so‘rib tortardi. O‘sha paytda uning nega bunaqa qilishini bilmaganmiz.

O‘g‘limning giyohvand moddalarga ruju qo‘yganini bilganimda u 18 yoshda edi. Yangi qurgan hovlimizda kichik omborxona bor edi. Bir-ikki marta kirganimda u yerda qo‘lansa hid sezdim. Sichqon yoki kalamush o‘lib qolgan bo‘lsa bunaqa hid chiqarmaydi. Qolaversa hamma yog‘i beton, kemiruvchilar yo‘q edi.

Bir kun nimadir qidirib kirsam o‘g‘lim qorong‘ida o‘tirib olib nimadir qilardi. Ko‘nglimga g‘ulg‘ula tushdi. Yaqinroq borib qarasam, uning bir qo‘lida kuymaydigan yaltiroq qog‘ozda qandaydir oq kukun, ikkinchi qo‘lida yondirgich.

U yondirgichni yoqib, olovni kuymaydigan qog‘oz ostiga tutyapti. Qog‘ozdagi oq kukun kuyganda undan chiqqan qo‘lansa hidli tutunni burni bilan tortardi. Ana shunda uning nega tez-tez burnini tortib qo‘yishi sababini tushunganday bo‘ldim.

Darhol o‘g‘limni so‘roqqa tutdim. Aytishicha giyohvand modda iste’mol qilishni otasi bilan men Rossiyada uzoqroq qolib keta boshlagan kezlarda o‘rtoqlari o‘rgatishgan.

«Avvaliga bolalar bilan o‘t chekdik. So‘ng qoradori tutata boshladim. U ham kayf bermay qo‘ygach geroinga o‘tdim. Menga «dori»ni topib berayotgan odamning kimligini bilmayman. Bilganimda ham ayta olmasdim. Unday odamlarni sotganlarni kechirishmaydi», dedi o‘g‘lim.

Shunda qattiq jahlim chiqdi va baqira boshladim: «Nima qiladi, seni yo bizni o‘ldirib yuborishadimi?»

«Yo‘q, ular hech kimni o‘ldirmaydi. Agar ta’minotchini sotsam keyin menga umuman dori bermay qo‘yishadi. Men esa dorisiz yashay olmayman, o‘laman», dedi u.

«Shundoq ham o‘lib bo‘libsan-ku. Bundan ortiq qanday o‘lish mumkin?!» dedim va uni to‘g‘ri tanish doktorning oldiga olib bordim.

Vrach meni ancha yupatdi va o‘g‘limni davolash mumkinligini aytdi:

«Jiyan bor-yo‘g‘i bir oy-qirq kun sabr qilsa bu narsadan qutuladi. Giyohvand moddadan birdaniga qutulib bo‘lmaydi. Uning iste’molini har kuni oz-ozdan kamaytirib borib, maqsadga erishish mumkin. Bu uchun o‘g‘lingizda ham qattiq xohish bo‘lishi kerak. Aks holda nafi bo‘lmaydi», dedi.

Vrach o‘g‘limni tashqariga chiqarib yubordi va menga dahshatli gaplarni gapirdi:

«Opa, shu paytgacha giyohvand moddalarni iste’mol qilishga qattiq ruju qo‘yganlarning davolangani va shu zahri qotildan batamom qutulgani haqida eshitmaganman. O‘g‘lingiz oldida bu gaplarni gapira olmasdim, shuning uchun o‘zingizga aytyapman. Aslida boya uning oldida gapirgan gaplarim ham noto‘g‘ri emas. Agar insonda kuchli xohish bo‘lsa oz-ozdan kamaytirib borib, giyohvand moddalardan qutulsa bo‘ladi. Lekin aksariyat hollarda geroin iste’moligacha yetib borganlarda bunga xohish bo‘lmaydi. Chunki «lomka» tutsa ularning tanasi juda qattiq og‘riydi va shunday paytda jonidan kechib bo‘lsa ham dori topishga urinadi. Shu sababli giyohvand moddalardan qutulish qiyin deyapman. Sizni qo‘rqitmoqchi emasman. Biroq eng yomon ssenariyga tayyor turavering. O‘g‘lingizni esa, xohlasa hozir olib qolaman va muolajani boshlayman».

Tashqariga chiqib o‘g‘limga vaziyatni tushuntirgandim, u qolishni xohlamadi. Vrach esa ertaga kutishini aytib, javob berdi.

O‘sha kuni tonggacha uxlay olmadim. Pul desa bor, uy-joy qurib qo‘yganmiz. Haydovchilik guvohnomasi bo‘lmasa ham tagida qimmat mashina. Unga nima yetmaydi?

O‘shanda o‘g‘limga ota-ona tarbiyasi va qarovi yetmaganini, uning nashavand bo‘lib ketishiga otasi va men aybdor ekanimizni tan olgim kelmasdi.

Ertalab nonushta qilar ekanman, o‘g‘lim hadeganda chiqavermadi. Uyg‘otay deb xonasiga qarasam u yerda hech kim yo‘q ekan. Shu paytda miyamga urdi, u uydan qochib ketgan.

Darhol qo‘ng‘iroq qildim. Xayriyat javob berdi.

Keyin o‘rtamizda quyidagicha suhbat bo‘ldi:

– Ona, men shifoxonaga borishni xohlamayman.

– Nega xohlamaysan? Sen davolanishing kerak. Aks holda juvonmarg bo‘lib ketasan.

– Endi menga nima bo‘lishi ahamiyatsiz. Dori topilib tursa bo‘ldi.

Shunda tushunib yetdimki, vaziyat men o‘ylagandan ham og‘ir. O‘g‘limga uyga kelaverishini, xohlamasa shifoxonaga bormasligini aytdim. U uyga qaytib keldi.

Shu holda yana bir-ikki yil o‘tib ketdi. O‘g‘lim maktabni bitirgach «erkin qush»ga aylanib, sayoq yurishlari ko‘paydi. U 20 yoshga to‘lgach yana bir xatoga yo‘l qo‘ydim. Erim bilan maslahatlashib, o‘g‘limni uylantirib qo‘yishga qaror qildik. Uning nashavandligini yashirib, qiz qidira boshladik.

O‘shanda bilaturib birovning oqu-qorasi bo‘lgan qizni baxtsiz qilib qo‘yishimizni o‘ylamadik. O‘g‘limni uylantirib qo‘ysak shu bilan chalg‘iydi va geroin iste’mol qilishni kamaytiradi degan xayolga bordim.

Yaxshi bir oila bilan quda bo‘ldik. To‘ydan oldin o‘g‘limga nashavandligini kelinga bildirmasligini qattiq tayinladik. Bilsa arazlab ketib qoladi degan xavotir bor edi. To‘y ham bo‘lib o‘tdi, lekin unday bo‘lmadi.

O‘g‘lim to‘ydan keyin ham «dori» iste’molini kamaytirmadi. Erim bilan ko‘p vaqtimiz Rossiyada o‘tar, uyga qaytganda ham ishlardan ortmasdik. O‘g‘lim esa bilganicha yurar, kunlar shu tarzda o‘tardi.

Shundan so‘ng er-xotin maslahatlashib, unga pul bermaslikka qaror qildik. Unga yashashi uchun o‘zi pul topishi kerakligini aytdik. Indamay eshitdi. E’tiroz bildirmadi.

Rossiyaga bir borib kelsak o‘g‘lim minib yurgan mashina ko‘rinmadi. So‘rasak ustada dedi. Shu bilan qaytib o‘sha mashinani ko‘rmadik. Qachon so‘rasak ustada deb yuraverdi. Keyin bilsak «dori»dan qarz bo‘lgan ekan, hisoblab berib yuboribdi.

Keyinroq o‘g‘limga deb olib qo‘yilgan uch xonali kvartira shu tarzda yo‘q bo‘ldi. Vaqtida e’tiborsizlik qilganimiz uchun barchasiga chidashga majbur edik.

Bu orada kelin otasinikiga ketib qoldi. Ortidan borsam oldimga chiqmadi. Quda ayol esa menga nima desa dedi:

«Eringiz tumanda hurmatli odam, oilangizni ham yaxshi deb qiz bergandik. Vijdonsiz ekansizlar. O‘g‘lingizning nashavand ekanini yashirib, gulday qizimning hayotini barbod qildinglar. Nashavand o‘g‘lingiz erlikka yaramasa qizim nima qiladi yosh umrini juvonmarg qilib, vaqt o‘tkazib? Undan ko‘ra tengini topib oila qurgani yaxshi. Qizim endi qaytib bormaydi. Ajrashishga ariza berib keldi. Qaytib bu ostonaga qadam bosmang. Aks holda xafa qilaman».

Quda ayolga hech narsa deya olmadim. U to‘g‘ri gapirayotgandi. Ko‘p o‘tmay o‘g‘lim xotini bilan ajrashdi.

O‘g‘limning holini ko‘rib erim va men ko‘p asabiylashdik, sog‘ligimizni yo‘qota boshladik. Biroq uni qanday «odam qilish»ni bilmasdik. Bir necha marta majburlab shifoxonaga yotqizdik. Biroq nafi tegmadi.

Kunlarning birida o‘g‘lim tushgacha ko‘rinmadi. Avvaliga hali uxlayotgandir deb bemalol bo‘ldim. Xonasiga qarasam, yo‘q. Qachon o‘rnidan turgan, qayerga chiqib ketgan, bilolmay qoldim.

Tushdan so‘ng kechroq hovlida xizmatkor ayolning baqirgan ovozi eshitildi. Ko‘nglim nimadir yomon ish bo‘lganini sezdi va darhol hovliga chiqdim. Xizmatkor ayol omborxona tarafni ko‘rsatardi. O‘sha yoqqa yugurdim.

Ichkariga kirsam o‘g‘lim bukchayib yotar va xirillardi. Borib boshini ko‘tardim. Qarasam og‘zi to‘la qon. Nashavandlarning tili tortadi deb eshitgandim. Darhol barmog‘imni og‘ziga tiqdim.

O‘g‘limning tili buralib tomog‘iga kirib ketgandi. Harchand urinmay uni tortib chiqara olmasdim. Kichik o‘g‘lim va xizmatkor ayolni chaqirdim va o‘g‘limni mashinaga olib chiqdik.

Yo‘lda ketayotganda tinimsiz uning tilini chiqarishga urindim, biroq buning iloji bo‘lmadi. O‘g‘lim nafas ololmay xirillar, kuchanib barmoqlarimni tishlab qonatib yubordi. Lekin buralib qolgan tilni qo‘zg‘atib bo‘lmadi.

Shifoxonaga ketarkanmiz, bir payt xirillash ham, kuchanib titrash ham to‘xtadi va til bo‘shashdi. Yuragim shuv etib ketdi. Shunda o‘g‘limning yuziga e’tibor berdim, u qorayib ketgandi.

Shifoxonaga yetib borganimizdan so‘ng vrachlar zudlik bilan uni jonlantirish xonasiga olib kirishdi. Sun’iy nafas ulashdi. Muolaja qila boshlashdi.

Men sal yengil nafas olib tashqariga chiqdim. Nazarimda hozir shifokorlar o‘g‘limni o‘ziga keltirishadi. Biroq unday bo‘lmadi. Ko‘p o‘tmay shifokorlardan biri oldimga chiqdi va menga sabr tiladi. Shunda o‘g‘limdan ayrilganimni tushundim.

«Opa, boya mashinadan tushirayotgandayoq o‘g‘lingizning tomirini ushlab ko‘rib, u jon berib bo‘lganini bilgandim. «Peredozirovka» tufayli uning tili tortib ketgan. Nafas yo‘li yopilib qolib, vafot etgan. Bunday paytlarda til tomoqqa tiqilib qotib qoladi va uni qo‘l bilan chiqarishning umuman iloji yo‘q. Faqat qoshiqning dastasi bilan buralib qolgan tilni ko‘tarib, o‘pkaga ozroq havo o‘tkazsa bo‘ladi. Sizga sabr tilayman».

O‘g‘limning vafotidan so‘ng hech narsaga qiziqish qolmadi. Barchasi uchun o‘zimni ayblardim. Agar o‘shanda o‘g‘limni nazorat qila olganimda bunday bo‘lmasmidi?

Ikkinchi o‘g‘limni uylantirganman. Hozir nabiralarim bor, ular bilan ovunaman. Biroq hanuzgacha katta o‘g‘limning o‘limida o‘zimni ayblayman. Ota-onalardan iloji boricha bolalarini qarovsiz qoldirmasliklarini so‘rayman».

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: