Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida 200 ga yaqin tadbir o‘tkazilishi kutilmoqda

Jamiyat 16:32 / 29.09.2023 12558

“Ipak yo‘li durdonasi” Toshkent xalqaro kinofestivali uchinchi yildirki, butun dunyo kinoijodkorlarini bir maydonda birlashtirmoqda. O‘tgan yili festivalda 500 dan ortiq kino ijodkorlari ishtirok etgan edi. Bu yilgi tadbir yanada kengroq qamrovda o‘tkazilishi kutilmoqda. Tadbirlar nafaqat poytaxtda, balki respublikamizning boshqa hududlarida ham bo‘lib o‘tadi.

Festival bo‘yicha OAV xodimlari va blogerlar uchun tashkillashtirilgan press-brifingda Kinematografiya agentligi direktori Firdavs Abduxoliqov so‘zga chiqib, kinematografiya sohasida ro‘y bergan ijobiy o‘zgarishlarga to‘xtalib o‘tdi.

-       Ikki yil avval prezidentimiz tomonidan Toshkent kinofestivalining tiklanishi

o‘zbek madaniy hayotining tom ma’nodagi timsoli bo‘lmoqda. Joriy yilda 52 davlatdan tashrif buyurgan 300 ga yaqin mehmonlar orasida rejissyor aktyor va prodyuserlar bilan birgalikda ishonchli hamkorlar bor. 30 ga yaqin davlatlar bilan hamkorlikda kinoloyihalar amalga oshiryapmiz.

Bu yil festival doirasida Xudoybergan Devonov tomonidan suratga olingan dastlabki filmning 115 yilligi, o‘zbek milliy dublyaj san’atining 85 yilligi va Toshkent kinofestivalining 65 yilligi kabi muhim voqealarni birlashtirishga harakat qildik, - dedi F.Abduxoliqov.

Festivalda Rossiya, Qozog‘iston, Isroil, Xorvatiya, Yaponiya, Polsha, Fransiya, Latviya, Chili, Koreya, Estoniya, Germaniya, Portugaliya, Singapur, Ukraina va boshqa 30 dan ortiq davlatdan kino ijodkorlari ishtirok etadi.

Bu yilgi tadbirlar dasturi qiziqarli voqeliklarga boy bo‘lishi kutilmoqda. Kino zallarida 50 ga yaqin filmlar namoyish etiladi. Ijodiy uchrashuvlar, mahorat darslari, muhokamalar rejalashtirilgan. Rejissyorlar Emir Kusturitsa, Hasan Nazer, Abdul Latif Salazar, Kshishtof Zanussi, Aleksandr Sokurov, Janik Fayziyev, aktrisa Yelizaveta Boyarskaya, “Taksi” filmi yulduzlari Sami Naseri Frederik Diyefental va boshqa ko‘plab kino olami yulduzlarining festivalga tashrifi rejalashtirilgan.

Shuningdek, Madaniyat kunlari, Butunjahon kino kunlari, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari kinofestivalini o‘tkazish, filmlar namoyishi va muhokamalar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Tadbirlarga kirish bepul.

Bundan tashqari, an’anaga ko‘ra, festival arafasida “Kino 5 kun ichida” tanloviga start berildi. Turli mamlakatlardan kelgan ishtirokchilar qisqa vaqt ichida o‘z ijodiy ishlarini suratga olib, hakamlar hay’atiga taqdim etishi kerak bo‘ladi.

Ko‘proq yangiliklar: