Germaniya shoshilinch ravishda IRIS-T havo mudofaa tizimi uchun boshqariladigan raketalarning yangi partiyasini Ukrainaga topshiradi, ular Rossiya agressiyasidan himoya qilishda yordam beradi. Bu raketalar dastlab Bundesver uchun mo‘ljallangan edi, ammo endi ishlab chiqarishdan to‘g‘ridan to‘g‘ri Ukrainaga jo‘natiladi, dedi Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius 9 yanvar, payshanba kuni AQSh harbiy-havo kuchlarining Germaniyaning Ramshtayn shahridagi bazasida Ukraina mudofaasi bo‘yicha kontakt guruhi yig‘ilishida.
Rossiyaning Ukrainada davom etayotgan havo hujumlari, jumladan kassetali o‘q-dorilardan foydalanish fonida Pistorius shunday qo‘shimcha qildi: «Biz o‘z zaxiralarimizni to‘ldirishdan avval Ukrainani ta’minlaymiz». Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina 23 fevralga belgilangan Bundestagga navbatdan tashqari saylovlar natijasi qanday bo‘lishidan qat’i nazar, Germaniyadan harbiy yordamga umid qilishi mumkin.
Germaniya Mudofaa vazirligi X platformasidagi o‘zining mikroblogida shunday xabar berdi: «Germaniya Ukrainaga ishonchli va kuchli yordam berishda davom etmoqda. 2025 yilda allaqachon va’da qilingan oltita IRIS-T tizimi yetkaziladi, endi Germaniya IRIS-T tizimlari uchun 50 ga yaqin boshqariladigan raketalarni ajratadi».
Der Spiegel: Shols Ukraina uchun yangi yordam paketini bloklayapti
Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok va mudofaa vaziri Boris Pistorius 23 fevralga belgilangan Bundestag saylovlari oldidan Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib berish uchun rejalashtirilganidan ortiq 3 milliard yevro ajratmoqchi, biroq bunga federal kansler Olaf Shols idorasi to‘sqinlik qilmoqda, deb yozadi Der Spiegel 9 yanvar kuni.
Ukrainaga yuborilishi kerak bo‘lgan qurollar ro‘yxati 2024 yil noyabr oyida Germaniya hukumati koalitsiyasi parchalanganidan ko‘p o‘tmay tuzilgan. U raketalar bilan jihozlangan uchta Iris-T havo mudofaa batareyasi, Patriot raketalari, o‘nta g‘ildirakli gaubitsa va artilleriya o‘q-dorilarini o‘z ichiga olgan, deya ta’kidladi nashr. Uning ma’lumotlariga ko‘ra, Germaniya Tashqi ishlar vazirligi va Mudofaa vazirligi qo‘shimcha yordam zarurligini Kiyevning favqulodda ehtiyojlarini rejalashtirish bilan asoslagan: xususan, Ukrainaning harbiy ahvoli so‘nggi oylarda so‘nggi oylarda keskin yomonlashgan. Rossiya hujumining tezlashishi va AQSh prezidentlik saylovlarida Donald Trampning g‘alaba qozonishi 20 yanvar kuni inauguratsiyadan keyin Vashington Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatishda davom etadimi yoki yo‘qmi, degan savolni yuzaga chiqardi.