Mazkur elektron bazaga kiritilgan yoshlarga davlat tomonidan ko‘rsatiladigan ko‘maklarning turlari, miqdorlari, “Yoshlar daftari”ga kirish va undan chiqarish mezonlari haqida mutaxassis ma’lumot berdi.
Yoshlar ishlari agentligi mutaxassisi Hayitboy Iskandarovga ko‘ra, ijtimoiy, iqtisodiy, psixologik muammolari mavjud bo‘lgan hamda bilim olishga, kasb-hunar o‘rganishga ishtiyoqi bo‘lgan yoshlarni aniqlash va ularning muammolarini bartaraf etish hamda nazorat qilish uchun ishlab chiqilgan elektron ma’lumotlar bazasi bu – “Yoshlar daftari”. Bundan tashqari, mutaxassis mazkur platformaga oid bir necha savollarga ham javob berdi.
— “Yoshlar daftari”ga kimlar kirishi hozirda qonunchilikda belgilab qo‘yilgan?
— 14 yoshga kirgan va 30 yoshdan oshmagan yosh fuqarolar kiritiladi. Bazaga kiritishda alohida ishlab chiqilgan toifalar bor, bular: ishsiz yoshlar, nogironligi bor yoshlar, profilaktik nazoratda turuvchi yoshlar, kasb-hunar va ilm o‘rganishga ishtiyoqi yuqori bo‘lgan, boquvchisini yo‘qotgan yoshlar, mehribonlik uylarida tarbiyalangan, tibbiy, ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar.
— “Yoshlar daftari”ga qanday kiriladi?
— 3 ta yo‘nalishda ariza berish mumkin. Birinchi yo‘li — mahallalardagi yoshlar yetakchilariga bog‘lanib, ariza qoldiradi. Ikkinchi yo‘l — yoshlardaftari.uz sayti orqali ariza berish. Uchinchi yo‘l — 1093 qisqa raqami orqali ariza qoldirish mumkin. Bu arizalarni mahalladagi yoshlar yetakchilari 5 ish kuni ichida o‘rganib, tavsiya berishi yo rad etishi kerak bo‘ladi.
— Qanday yordam turlari bor?
— “Yoshlar daftari”da 25 turdagi yordamlar mavjud. Har bir yo‘nalish bo‘yicha fuqaroga beriladigan yordam haqida, tasdiqlangani to‘g‘risida alohida sms xabarnomalar yuboriladi. Bu xabarnoma tizimi shaffoflikni ta’minlash uchun. Yoshlar daftar tizimi yaratilgandan buyon bu tizimga 1,1 mln yoshlar kiritilgan. Ularga yordam ko‘rsatish uchun jamg‘armalardan esa 1 trln 270 mlrd so‘m miqdordagi mablag‘lar ajratilgan. 2023 yilning 9 oyi davomida 355 mingta yoshlarimiz “Yoshlar daftari”ga kiritilgan. Va shulardan 250 mingtasiga amaliy yordam ko‘rsatilgan, ular uchun jami 378 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan. Yil oxirigacha 100 mingdan ortiq yoshlarga amaliy yordamlar beriladi. Shundan so‘ng keyingi yilga tayyorgarlik bo‘ladi.
— Platformaga qayta ro‘yxatdan o‘tish mumkinmi?
— “Yoshlar daftari”ga kiritilib, yordam olgan yoshlar yana 6 oy muddatdan keyin ariza qoldirishi mumkin bo‘ladi. Bunda bitta istisno bor, ya’ni Vazirlar Mahkamasining 312-sonli qarori asosidagi qo‘shimcha nizomlarga ko‘ra, foydalanuvchi yosh bir martalik yordamni belgilab “Yoshlar daftari”ga kirsa, u “daftar”dan chiqarib yuborilmaydi va ikkinchi qo‘shimcha yordam olishga imkon yaratiladi, boshqa bunday istisnolar yo‘q.
— Chiqarishda-chi?
— “Yoshlar daftari”dan chiqarishda ro‘yxatdan o‘tgan yosh o‘zi belgilagan yordam turini olgandan keyingina chiqariladi. Bu jarayonlar sms xabarnomalar orqali amalga oshiriladi. Deylik, bir fuqaro kontrakt-shartnoma mablag‘ini to‘lab berish uchun ariza berdi, o‘sha mablag‘ to‘langandan keyin daftardan chiqariladi. So‘ralgan miqdordagi mablag‘ ajratilmay turib sms tasdiqlash kodi yuborilsa, buni mas’ullarga aytmaslik tavsiya etiladi. Chunki bunda “Yoshlar daftari”dan asossiz chiqarish bo‘ladi.