Xuddi shuningdek, Markaziy Osiyo (YuNeSKO tomonidan qabul qilingan ilmiy dasturlarda Markaziy Osiyo deganda G‘arbdan Sharqqa: Mo‘g‘ulistondan Xurosongacha, Shimoldan Janubga: Qozog‘istondan Pokistongacha bo‘lgan keng hudud, tor ma’noda esa Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston va Sharqiy Turkiston (Uyg‘uriston) tushuniladi) hududidagi ilk tamaddun Amudaryo bilan bog‘liq. Pomir tog‘laridan boshlanib, Markaziy Osiyoning yuragidan oqib o‘tgan va Orol dengiziga borib quyilgan ushbu daryo turli davrlarda turlicha nomlar bilan atalgan: Oks, O‘kuz, Araks, Amuy, Omul, Termiz daryosi, Balx daryosi... Uni arablar Jayxun deb atagan bo‘lsa, qadimgi lotin va yunon manbalarida ushbu daryo Oxus (Oksus) sifatida tilga olinadi.
Dunyoda xalqlar, millatlar juda ko‘p, ammo ular orasida o‘z tamaddunini yaratgan xalqlar barmoq bilan sanarli. Ajdodlarimiz bronza davridayoq ana shunday qadimiy tamaddunni yarata olishgan va u fanga “Oks tamadduni” nomi bilan kirgan. Ushbu atamani amerikalik professor Karl Lamberg-Karlovskiy o‘z tadqiqotlarida birinchi bo‘lib qo‘llagan. Bundan tashqari, qator tadqiqotlarda u “Turon tamadduni”, “O‘rta Osiyo tamadduni”, “Baqtriya tamadduni” va boshqa shakllarda ham uchraydi.
Har bir sivilizatsiyaning ahamiyati uning jamiyat taraqqiyotiga, insoniyat rivojiga qo‘shgan hissasi bilan o‘lchanadi. Shu ma’noda Baqtriya va Marg‘iyona hududlarida shakllangan Oks tamadduni Markaziy Osiyo xalqlari taraqqiyoti, madaniy rivojlanishida beshik vazifasini bajargan deyish mumkin. Tarixchilarning aniqlashicha, bu davrda Markaziy Osiyoda ilk shahar madaniyatiga asos solingan, sivilizatsiyaning asosiy belgisi bo‘lgan yozuv kashf etilgan. Bu omillar Markaziy Osiyo hududidagi ilk shahar-davlatning yuzaga kelishida muhim ahamiyat kasb etgan. Manbalarda keltirilishicha, bu davrda hunarmandchilik taraqqiy etgan, metallsozlik ommalashgan, me’morchilik san’at darajasiga ko‘tarilgan.
Mavzuga doir so‘nggi ilmiy-tadqiqot ishlari xulosalariga ko‘ra, oksliklar Xarappa, qadimgi Eron, Suriya, Xett, Mesopotamiya xalqlari bilan aloqa o‘rnatishgan. Oks tamadduni miloddan avvalgi III ming yillik so‘ngida Baqtriya va Marg‘iyonada shakllanib, II ming yillik davomida u sharqiy Afg‘oniston, Belujiston, sharqiy Eron, Hindistonning shimoliy hududlariga tarqalgan va jahon tamaddunining eng qadimgi o‘choqlaridan biri sifatida tarix sahifalariga muhrlangan. Ayrim tadqiqotchilar ushbu tamaddun yanada kengroq hududlarda tarqalgan deb hisoblashadi.
Bugunga kelib qaysidir ma’noda qadimgi Oks tamaddunini qayta tiklanyapti deyish mumkin. Buni jahon xalqlarining diqqat e’tibori yana mintaqamizga qaratilayotgani, Markaziy Osiyo davlatlari endi dunyo e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydigan muhim regionga aylanib borayotgani, mintaqa Osiyo va Yevropa chorrahasida joylashgan strategik geografik joylashuvi tufayli iqtisodiy o‘sish va siyosiy islohotlarning jadal sur’atlarini boshdan kechirayotgani, mintaqa iqtisodiy rivojlanish markaziga, Sharq va G‘arbni, Shimol va Janubni bog‘laydigan transport-kommunikatsiya ko‘prigiga aylanib borayotganida ham ko‘rish mumkin.
Jahon hamjamiyatida Markaziy Osiyoning ahamiyati va roli oshib borayotgani mintaqa va yirik davlatlar o‘rtasida ko‘p tomonlama hamkorlikning turli formatlari tashkil qilinayotganida ham namoyon bo‘lmoqda. Shu paytgacha mavjud bo‘lgan “Markaziy Osiyo – AQSh”, “Markaziy Osiyo – Yevropa ittifoqi”, “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi”, “Markaziy Osiyo – Yaponiya” kabi muloqot formatlari qatoriga oxirgi yillarda “Markaziy Osiyo – Hindiston”, “Markaziy Osiyo – Xitoy” va “Markaziy Osiyo – Rossiya Federatsiyasi” singari yangi formatlar qo‘shildi. Mazkur holat, birinchidan, mintaqadagi ijobiy o‘zgarishlar natijasida yuzaga kelgan mutlaqo yangi muhit dunyoning yetakchi davlatlari tomonidan Markaziy Osiyoga nisbatan e’tiborning oshganini ko‘rsatsa, ikkinchidan, chet el davlatlari mintaqa mamlakatlari bilan nafaqat ikki tomonlama hamkorlik doirasida, balki yagona mintaqaviy ko‘p tomonlama munosabatlarni rivojlantirishga ahamiyat qaratayotganidan dalolatdir.
Shu yilning 14 sentabr kuni Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining beshinchi maslahat uchrashuvi doirasidagi sammitda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zlab, Markaziy Osiyoda barqarorlik va birdamlik mustahkamlanayotganini alohida ta’kidlagan hamda mintaqa g‘arbni sharq va shimolni janub bilan bog‘laydigan transport xabi bo‘lishdek tarixiy vazifani yana o‘z zimmasiga ola boshlaganini e’tirof etgandi. 19 sentabr kuni Markaziy Osiyo mamlakatlari rahbarlari va Amerika Qo‘shma Shtatlari prezidenti ishtirokida “C5+1” formatida o‘tkazilgan birinchi sammitda ham mintaqa rivoji uchun strategik ahamiyatga ega ustuvor yo‘nalishlar muhokama qilingandi. Bu esa Oks tamadduni deb nomlanmish buyuk sivilizatsiya yaratilgan mintaqa davlatlari yana insoniyat taraqqiyotida qandaydir burilish yasashiga umid uyg‘otadi.
Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovga ko‘ra, Markaziy Osiyoda hozirgi aytilayotgan iqtisodiy integratsiya – hali integratsiyaning yarim darajasi, umumiy pirovard maqsad – kuchli siyosiy birlik bo‘lishi va uning zamirida xavfsizlik masalasi turishi kerak. “Markaziy Osiyo davlatlari o‘z oldilariga asr oxiriga borib umumiy platformada, yagona o‘zlik asosida, yagona kuchga aylanish vazifasini qo‘yishi shart”, deydi ekspert.
Kezi kelganda Markaziy Osiyo davlatlari qarshisida to‘laqonli integratsiyalashuvga erishish, tashqi kuchlarning fitnalariga uchmaslik, chegaralar bilan bog‘liq nizoli masalalarga yechim topishdan boshqa qator muammolar ham turganini qayd etib o‘tishimiz o‘rinli. Mintaqadagi iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq inqirozlarni hal qilish, kelajakda kutilayotgan suv tanqisligiga tayyor turish, buning uchun esa transchegaraviy daryolardan unumli va oqilona foydalanish kabilar shular jumlasidandir.
Sayyoramiz miqyosida uchta inqiroz, ya’ni iqlim o‘zgarishi, bioxilma-xillik yo‘qolishi va atrof-muhit ifloslanishi kuchayib borayotgani hech kimga sir emas. Afsuski, bu muammolar mintaqamizni ham chetlab o‘tmayapti. Muzliklarning erishi, tabiiy ofatlar, shuningdek, shiddatli demografik o‘sish, urbanizatsiya jarayonlari va sanoatlashuv natijasida yuzaga kelayotgan texnogen omillar tufayli mintaqada suv va ekologiya bilan bog‘liq vaziyat yomonlashib borayotgani va uning oqibatlari alohida xavotir uyg‘otmoqda. Kutilmalar esa yomon ssenariylarga tayyor bo‘lish kerakligini ko‘rsatayotir.
Ana shunday murakkab sharoitda Orol dengizi fojiasiga qarshi kurashni davom ettirayotgan Markaziy Osiyo iqlim o‘zgarishlari oldida eng zaif mintaqalardan biriga aylanmoqda.
Global muammo bo‘lgan Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etish yo‘lida O‘zbekiston o‘z imkoniyatlari darajasida harakat qilmoqda. So‘nggi yillarda Orol dengizining qurigan tubida 1,7 million gektar maydonda qurg‘oqchilikka chidamli o‘simliklardan iborat yashil hududlar barpo etildi.
Keyingi 30 yilda mintaqamizda havo harorati bir yarim gradusga ko‘tarildi. Bu – dunyodagi o‘rtacha isishdan ikki karra ko‘pdir. Oqibatda muzliklar umumiy maydonining qariyb uchdan bir qismi yo‘qolib ketdi. Ushbu tendensiya saqlanib qolsa, yaqin yigirma yilda mintaqamizdagi ikkita yirik daryo – Amudaryo va Sirdaryo oqimi 15 foizga qisqarishi mumkin. Jon boshiga suv bilan ta’minlanish darajasi 25 foizga, qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligi esa 40 foizga kamayishi kutilmoqda. Agar o‘z vaqtida bu muammolarga yechim topilmasa, mintaqa davlatlari birgalikda ehtimoliy prognozlarga qarshi choralarni ishlab chiqmasa, ushbu muammolar oqibatlari Markaziy Osiyo davlatlarining ijtimoiy-iqtisodiy barqarorligiga jiddiy putur yetkazishi hech gap emas.
Shu sababli ham prezident Shavkat Mirziyoyev xalqaro doiralardagi chiqishlarida jahon afkor ommasining e’tiborini mintaqadagi ekologik muammolar, salbiy kutilmalar, ta’siri butun sayyoraga daxl qilishi mumkin bo‘lgan ushbu masalalarni hal etish uchun xalqaro hamjamiyatning yordami zarur ekaniga e’tibor qaratib keladi.
Jumladan, Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasidagi nutqida BMT Bosh kotibining Suv resurslari bo‘yicha maxsus vakili lavozimi ta’sis etilishi, Markaziy Osiyo suvni tejaydigan texnologiyalar platformasini yaratish jarayonida “Birlashgan Millatlar Tashkiloti – suv resurslari” mexanizmini ishga solib, eng ilg‘or texnologiyalarni jalb etish va tatbiq qilish kerakligini taklif qilgandi.
Oks, ya’ni Amudaryoning Markaziy Osiyo davlatlari taraqqiyotida katta ahamiyatga ega. Zero, suvsiz mintaqa rivojini tasavvur qilish mushkul. Umuman, olganda tiriklik manbai bo‘lgan suv har dunyodagi har bir mamlakat uchun muhim. Shu bois ham miloddan avvalgi davrlarga mansub Misr. Shumer, Shan, Hind (Xarappa), Minoy tamaddunlari Nil, Yevfrat, Hind va Xuanxe daryo havzalari bo‘ylarida shakllangan.
Ta’kidlash kerakki, bugunga kelib Markaziy Osiyoda suv taqchilligi muammosi o‘tkir va muqarrar tus oldi hamda bundan buyon u tobora chuqurlashib boraveradi. Ekspertlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, mintaqaning ayrim hududlarida 2040 yilga borib suv resurslariga bo‘lgan ehtiyoj uch barobar oshadi. Vaqt o‘tishi bilan iqtisodiy zarar yalpi mintaqaviy mahsulotning 11 foiziga yetishi mumkin. BMT ma’lumotiga ko‘ra, hozirning o‘zidayoq mintaqa davlatlari suv resurslari taqchilligi va undan samarasiz foydalanish oqibatida yiliga 2 milliard dollargacha mablag‘ yo‘qotmoqda.
Mana shunday vaziyatda Afg‘oniston shimolida toliblar tomonidan Amudaryodan suvni burish uchun qurilayotgan uzunligi 285 kilometrli Qo‘shtepa kanali mintaqada suvdan foydalanish jarayonida Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hech qanday majburiyat asosida bog‘lanmagan yangi ishtirokchi paydo bo‘lgani mavjud muammolarni yanada chuqurlashtirmoqda. Ushbu kanalning ishga tushirilishi Markaziy Osiyodagi suvdan foydalanish tartibi va muvozanatini tubdan o‘zgartirib yuborishi mumkin.
Shu sababli O‘zbekiston tomoni Afg‘oniston vakillarini suv resurslaridan birgalikda foydalanish bo‘yicha mintaqaviy muloqotga jalb etish, Qo‘shtepa kanalining qurilishi va uning Amudaryo suvidan foydalanish tartibiga ta’siri bilan bog‘liq barcha jihatlarni ilmiy tadqiqot institutlarini jalb etgan holda o‘rganish, kanal qurilishida zamonaviy texnologiyalardan foydalanish orqali suv isrofining oldini olish, jarayonga BMT shafeligida xalqaro ekspertlarni jalb etishni ilgari surib kelmoqda. Bu muammoning yechimi uchun esa Markaziy Osiyo davlatlari xuddi qadimda bo‘lganidek bir musht bo‘lib birlashib harakat qilishlari joiz.
Bularning barchasi garchi oradan minglab yillab o‘tib ketgan bo‘lsa-da, Oks tamadduni hamon mintaqa davlatlarining hayotida muhim o‘ringa ega ekani, ajdodlarimiz tomonidan ko‘plab asrlar avval anglab yetilgan haqiqatlar biz yashayotgan zamonaviy dunyoning tamal toshi bo‘lib qolayotganini ko‘rsatmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, bugungi Markaziy Osiyo mintaqasini Amudaryo, ya’ni Oks tamaddunisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi.