«Real» yangi yilda uchinchi o‘yinini o‘tkazdi. Va navbatdagi sovrin uchun qadam tashladi.
«Real» — «Malyorka» 3:0
Gollar: Bellinghem (63), Valent (90+2, avtogol), Rodrigo (90+5).
«Real» – Kurtua, Mendi, Ryudiger, Tchuameni (Asensio, 55), Vaskes, Kamavinga, Valverde (Seballos, 75), Bellinghem, Vinisius (Dias, 88), Rodrigo, Mbappe.
«Malyorka» – Greyf, Moxika, Raillo (Kopete, 34), Valent, Maffeo, Darder (Asano, 71), Maskarel, Morlanes (Samu Koshta, 70), Dani Rodriges (Prats, 81), Larin (Navarro, 70), Muriki.
Ogohlantirishlar: Bellinghem (66), Kamavinga (74).
«Real» raqibni ilk daqiqalardanoq kuchli bosim ostida qoldirdi. To‘pga egalik qilish bo‘yicha total ustunlik, kuchli pressing, raqib darvozasi atrofidagi keskinlik. «Malyorka» bu daqiqalarda faqat himoyalandi va hujumga chiqishni faqat orzu qila oldi. Lukas Vaskesning yaxshi pozitsiyadan yo‘llagan zarbasi haddan tashqari kuchlilik qildi va yuqoridan o‘tib ketdi, Rodrigoning zarbasidan keyin darvozabon Dominik Greyf jamoasini goldan qutqarib qoldi, Kilian Mbappe ham to‘pni to‘sin yuqorisidan oshirib tepdi. Bu voqealarning barchasi hakamning o‘yin boshlangani haqidagi hushtagi chalinganidan keyingi sakkiz daqiqa ichida bo‘lib o‘tdi.
Keyinroq ham Greyf Orelen Tchuameni va Jud Bellinghemning zarbalaridan keyin o‘zini ko‘rsatishiga to‘g‘ri keldi. Shundan keyingina «Malyorka» nisbatan dadilroq harakat qila boshladi. Hech bo‘lmaganda maydonning raqib darvozasi tomonidagi qismiga ko‘proq o‘ta boshladi. Va xavfli vaziyat ham yaratildi, ammo Kayl Larin istiqbolli qarshi hujumni xato zarba bilan yakunladi.
Pablo Maffeo va Vinisius Juniorning qarama-qarshiligi alohida e’tiborga molik. «Malyorka» himoyachisi muntazam ravishda braziliyalikka provokatsiya qildi va uni izdan chiqarishga urindi. O‘yinga bir necha kun qolganida Pablo hazillashib, agar ringda boksga tushishsa, Vinisiusni 10 soniya ichida nokaut qilishini aytgandi. O‘yinning birinchi bo‘limida Maffeo va Vinisius doimiy ravishda gap talashishdi va barmoqlarini labga qo‘ygan holda bir-birini tilini tiyishga chaqirdi.
Epizodlardan birida braziliyalik vinger raqibining ko‘kragiga ohista tegib qo‘ydi, u esa darhol gazonga yumalab, dahshatli og‘riq his qilayotgandek ko‘rsatdi. Bu o‘yinda hakamlar brigadas VAR aralashuvisiz ishlashdi – Mbappe «Malyorka» jarima maydonida yiqilganida ham.
Jamoalar tanaffusga golsiz yo‘l olishdi. «Real» o‘yinning 67 foiz vaqtida to‘pga egalik qildi, 15 bor zarba berdi (beshtasi — darvoza sohasiga to‘g‘ri bordi), besh marta burchak zarbasini amalga oshirdi va xG bo‘yicha 1,12 ko‘rsatkichini qayd etdi. «Malyorka» esa olti bor zarba berdi, ammo bu zarbalarning birortasi darvoza sohasiga to‘g‘ri bormagan. Qolaversa, Antonio Railo jarohat olib, birinchi bo‘limdayoq almashtirildi.
«Real» ham ikkinchi bo‘lim boshida yo‘qotishga uchradi. Tchuameni boshi bilan raqib yelkasiga urilgach, gazonga quladi. Orelen maydonni mustaqil ravishda tark etdi, ammo o‘yinni davom ettira olmasligi ma’lum bo‘ldi. Bu mavsumda jarohatlar «Real»ni qiyin ahvolga solishda davom etmoqda.
Biroz o‘tib madridliklar klubi final sari ilk qadamni tashladi. Karlo Anchelotti jamoasi baribir «Malyorka» darvozabonini dog‘da qoldira oldi, ammo buni bir hujumning o‘zidagi uchinchi urinishda amalga oshirdi. Rodrigoning boshda yo‘llagan zarbasi ustundan qaytdi, Mbappening zarbasini Greyf bartaraf etdi. Ammo Bellinghemga hech kim xalal berolmadi. Hujum boshida to‘p Rodrigoning qo‘liga tekkandi, ammo hakam, aftidan, bu qasddan qilinmagan deb hisobladi.
Qolgan vaqt davomida «Real» ikkinchi gol uchun o‘ynadi. Operator vaqti-vaqti bilan Jidda yaqinidagi stadionning VIP-lojasida o‘tirgan Karim Benzemani namoyish etib turdi. «Real»ning ayni vaqtda Saudiya chempionatida to‘p surayotgan sobiq hujumchisi o‘yinga tashrif buyurgandi, muxlislar esa translatsiya chog‘ida namoyish etilganida uni shovqin solib olqishlab turishdi.
«Real» ikkinchi golni qo‘shimcha daqiqalarda urdi. Aniqrog‘i, buni Martin Valent amalga oshirdi — «Malyorka» futbolchisi Braim Diasning Mbappega uzatmasini to‘sishga urinib, to‘pni o‘z darvozasiga kiritib yubordi. Biroz o‘tib Rodrigo Lukas Vaskesning uzatmasini darvoza to‘riga yo‘llab, 24 yoshini gol bilan nishonladi.
O‘yin oxirida maydonda kichik tortishuv yuzaga keldi, Bellinghem poytaxtliklarning uchinchi golidan keyin Maffeoni turtib yubordi. Ikki jamoa futbolchilari maydonning o‘zida to‘planib, munosabatlarga oydinlik kiritishga kirishdi, ammo ziddiyat mushtlashuvga aylanmadi.
Madrid klubi yirik g‘alaba bilan Ispaniya Superkubogi finaliga yo‘l oldi, finalda «Barselona»ga qarshi «klasiko»ning navbatdagi bosqichi bo‘lib o‘tadi. Bellashuv Toshkent vaqti bilan 13 yanvarga o‘tar kechasi soat 00:00da boshlanadi.
Qaymoqranglilar oktyabr oyida «Santyago Bernabeu»da qayd etilgan yirik hisobdagi mag‘lubiyat (0:4) uchun revansh olish o‘tida yonmoqda. Jamoa Superkubokda o‘n to‘rtinchi bor g‘alaba qozonib, «Barselona»ning rekordini takrorlashi mumkin.
Kataloniya klubi yarimfinalning 8 yanvar kuni o‘tkazilgan ilk o‘yinida «Atletik»ni (2:0) mag‘lub etgandi.
«Atletik» — «Barselona» 0:2
Gollar: Gavi (17), Yamal (52).
«Atletik» – Unai Simon, Berchiche, Paredes, Vivian, Lekue (De Markos, 63), Prados (Vesga, 63), Xauregisar, Unai Gomes (Jalo, 80), Berenger (Serrano, 73), I.Uilyams, Guruseta (N.Uilyams, 63).
«Barselona» – Shesni, Balde (Martin, 83), Martines, Kubarsi, Kunde, Pedri, Kasado (Erik Garsiya, 83), Gavi (de Yong, 73), Rafinya, Yamal (Lopes, 63), Levandovski (Ferran Torres, 73).
Ogohlantirishlar: Berenger (50), Kunde (76).
Azaliy raqiblar qatorasiga 3-yil superkubok finalida to‘qnash kelishadi. 2023 yil «Barsa» (3:1), 2024 yil esa «Real» (4:1) g‘alaba qozongan.