O‘zbekistonning qator hududlarida haydovchilik guvohnomalarini olib berishni va’da qilgan shaxslar ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi departament xabar bermoqda.
Departamentning Vobkent tuman bo‘limi tomonidan DXX va IIV xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqarolar O‘.S. va Sh.X. fuqaro N.Sh.ni haydovchilik guvohnomasi olish uchun bo‘lib o‘tadigan imtihondan o‘tkazib qo‘yish evaziga 700 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shu kabi, Departamentning Buxoro viloyat boshqarmasi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqarolar Sh.G. va A.A. fuqaro M.M.ni go‘yoki yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari yordamida haydovchilik guvohnomasi olish uchun bo‘lib o‘tadigan imtihondan o‘tkazib qo‘yish evaziga 600 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Departamentning Jondor tumani bo‘limi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa fuqarolar Z.A. va M.S. fuqaro M.R.ni tanishlari yordamida haydovchilik guvohnomasi olish uchun bo‘lib o‘tadigan imtihondan o‘tkazib qo‘yish evaziga 400 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.