Ukrainada yana bir rossiyalik polkovnik halok bo‘ldi

Jahon 21:12 / 18.09.2023 10179

Ukrainada 31-desant-shturm brigadasi komandiri, chaqiruv belgisi «Dunay» bo‘lgan polkovnik Andrey Kondrashkin halok bo‘ldi. Bu haqda Rosgvardiya rahbarining «DXR» bo‘yicha o‘rinbosari Aleksandr Xodakovskiy xabar berdi. 

U Kondrashkin bilan Mariupol rossiyalik harbiylar tomonidan egallanganida ilk bor uchrashgani va do‘st bo‘lib qolganini eslagan.

«Bugun uning o‘limi haqidagi xabar qalbimizni qattiq yaraladi. Biz uning oilasi va yaqinlariga, quroldoshlariga hamdardlik bildiramiz», — deya yozgan u.

Xodakovskiy Kondrashkinning o‘limi tafsilotlari va u aynan qayerda halok bo‘lganiga aniqlik kiritmagan.

Ukrainalik jurnalist Yuriy Butusovning ma’lumotiga ko‘ra, 31-brigada urush boshidan buyon barcha yirik janglarda, jumladan Kiyev yaqinidagi Gostomel aeroportiga desant tushirish amaliyotida ishtirok etgan. 

Uning aytishicha, hozirda bu bo‘linma Baxmut atrofidagi janglarda qatnashmoqda, Kondrashkinga Ukraina qurolli kuchlari 3-alohida shturm brigadasining Andriyivka hududidagi hujumlarini qaytarish topshirig‘i berilgandi. Butusovning tasdiqlashicha, ukrain harbiylari Kondrashkin mas’ul bo‘lgan sektor orqali qishloqqa kirgan.

18 sentabr kuni Ukraina QK quruqlik qo‘shinlari qo‘mondoni, Ukrainaning sharqiy yo‘nalishdagi guruhiga boshchilik qilayotgan general Oleksandr Sirskiy Baxmut atrofida RF armiyasining nisbatan eng yaxshi tayyorgarlikka ega bo‘lgan bo‘linmalari, 72-alohida motoo‘qchilar brigadasi, 31- va 83-alohida desant-shturm brigadalari yakson etilganini ma’lum qildi. 

Mahalliy nashrlarga ko‘ra, 31-desant-shturm brigadasi, 2014 yil avgustida Donetsk oblastining Ilovaysk shahri uchun janglarda ham qatnashgan.

  • Andrey Kondrashkin 1979 yilda tug‘ilgan. RBK ma’lumotiga ko‘ra, 2001 yilda u V.F. Margelov nomidagi Ryazan oliy havo-desant qo‘mondonligi bilim yurtini tamomlagan, keyin Chechenistondagi aksilterror amaliyotlarda ishtirok etgan. 2015 yildan 2019 yilga qadar u 108-gvardiya desant-shturmchi Kuban kazaklari polkini va 7-gvardiya desant-shturm diviziyasini boshqargan. Keyin 56-alohida gvardiya desant-shturm brigadasiga komandirlik qilgan.
  • 2022 yil 24 fevralidan buyon RF mudofaa vazirligi Ukrainadagi yo‘qotishlari haqida faqat uch bor xabar bergan: o‘tgan yil martida, sentabrda, o‘shanda mamlakatda harbiy safarbarlik e’lon qilingandi. O‘shanda vazir Sergey Shoygu jami 5937 nafar rossiyalik harbiy xizmatchi halok bo‘lganini tasdiqlagandi. Ukrainaning 2023 yil yozidagi qarshi hujumi boshlanganida RF prezidenti Vladimir Putin Rossiyaning yo‘qotishlari soni Ukrainanikidan o‘n barobar kamroq ekanini aytgandi. 12 sentabr kuni u Ukraina QK yo‘qotishlari 71 ming kishidan oshishini ma’lum qilgan.
  • Rossiya hukumati Ukraina frontida halok bo‘lgan zobitlari to‘g‘risida ham bir necha bor xabar bergan. Xususan, Peterburg qonunchilik kengashi raisi Aleksandr Belskiy iyul oyi oxirida «Leningrad polki» komandiri, frontga safarbar qilingan polkovnik Yevgeniy Vashuninning o‘limi haqida xabar qilgandi. Undan oldinroq esa Ukrainada general-leytenant, Oleg Tsokov, quruqlik qo‘shinlarining 41-umumqo‘shin armiyasi qo‘mondoni o‘rinbosari, general-mayor Andrey Suxovetskiy, 8-armiya qo‘mondoni o‘rinbosari, general-mayor Vladimir Frolov, harbiy-havo kuchlarining iste’fodagi general-mayori Kanamat Botashev va boshqa zobitlarning o‘limi tasdiqlangan.
Ko‘proq yangiliklar: