Stoltenberg: NATO davlatlari Ukraina urushi uzoq davom etishiga tayyorlanishi kerak

Jahon 10:26 / 18.09.2023 5074

NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg Germaniyani mudofaa xarajatlarini sezilarli darajada oshirishga chaqirdi. «Sovuq urush davrida, Konrad Adenauer yoki Villi Brandt hokimiyat tepasida bo‘lganida, mudofaa xarajatlari YaIMning 3-4 foizini tashkil qilgan», dedi alyans rahbari 17 sentabr, yakshanba kuni chop etilgan Funke media-guruhiga bergan intervyusida. 

«Men o‘zim ko‘p yillar hukumat boshlig‘i bo‘lganman (Norvegiya) va sog‘liqni saqlash, ta’lim yoki infratuzilmaga ko‘proq mablag‘ sarflash zarur bo‘lganda, mudofaaga ko‘proq mablag‘ ajratish qanchalik qiyinligini bilaman. Biroq, bosim ortganda, mudofaaga pulni oshirish kerak», - deya qo‘shimcha qildi Stoltenberg. U iyul oyida Vilnyusda bo‘lib o‘tgan NATO sammiti qarorini eslatdi, unga ko‘ra mudofaa xarajatlarining minimal miqdori YaIM 2 foizi miqdorida belgilandi. 

Shu bilan birga, Shimoliy Atlantika alyansi bosh kotibining fikricha, NATO davlatlari Ukraina urushi uzoq davom etishiga tayyorlanishi kerak. «Biz hammamiz tinchlikni xohlaymiz. Shu bilan birga, agar prezident Zelenskiy va ukrainaliklar urushni to‘xtatsa, ularning mamlakati yo‘q bo‘lib ketishini tan olishimiz kerak», dedi Stoltenberg va Rossiya jangovar harakatlarni to‘xtatgan taqdirdagina tinchlik bo‘lishini qo‘shimcha qildi. Tinchlik o‘rnatilgandan so‘ng Kiyevga xavfsizlik kafolatlari kerak bo‘ladi, deydi alyans bosh kotibi. «Shubha yo‘qki, Ukraina oxir-oqibat NATOga qo‘shiladi», dedi u.

Ko‘proq yangiliklar: