Ukraina Baxmut atrofidagi Andriyivkani ozod etganini e’lon qildi. Bu qishloqning ahamiyati nimada?

Jahon 20:01 / 17.09.2023 18104

«Mudofaa kuchlari yurish harakatlari chog‘ida Kleshchiyevka hududida qisman muvaffaqiyatlarga erishdi. Shturm bilan Donetsk oblastining Andiriyivka qishlog‘i egallandi, dushmanga jonli kuch va texnikada jiddiy yo‘qotishlar yetkazildi, egallangan marralarda mustahkam o‘rnashildi», — deyilgan Ukraina bosh shtabining juma kungi hisobotida.

Andriyivka ozod etilgani haqida Ukraina armiyasining ushbu hududda harakatlanayotgan 3-alohida shturmo brigadasi ham batafsil ma’lumot bergan.

«3-alohida shturm brigadasi Andriyivka aholi yashash punktini ozod etdi. Yashin tezligidagi amaliyot natijasida Rossiyaning Andriyivkadagi garnizoni qurshab olinib, asosiy kuchlardan ajratib qo‘yildi va yakson etildi», — deyilgan brigada bayonotida.

Unda qishloq uchun bir necha kun davom etgan janglar davomida Rossiyaning 72- brigadasi amalda yo‘q qilingani aytiladi: brigada razvedka boshlig‘i, uch nafar kombat va deyarli barcha piyodalar ofitserlar bilan hamda katta miqdordagi texnikalar.

«Hozirda janglar davom etmoqda, bizning bo‘linmalarimiz yangi pozitsiyalarga o‘rnashmoqda. Shuning uchun raqibning 200-, 300-lari bo‘yicha[ya’ni qurbonlar va yaradorlar] va amaliyotning boshqa qiziqarli detallari bo‘yicha — keyinroq», — deyilgan brigada xabarida.

Andriyivka qaytarib olgani haqida avvalroq Ukraina mudofaa vaziri o‘rinbosari, urush boshlanganidan buyon Ukraina hukumatining frontdagi vaziyat bo‘yicha izoh berib kelayotgan rasmiysiga aylangan Anna Malyar xabar bergandi.

«Baxmut yo‘nalishida biz oldinga siljiyapmiz. Shimoliy qanotda dushman yo‘qotilgan pozitsiyalarini qaytarib olishga urinmoqda. Janubiy qanotda esa biz muvaffaqiyat bilan olg‘a yurmoqdamiz. Asosiy janglar Andriyivka, Kurdyumovka va Kleshchiyevka hududlarida ketmoqda. Va bu yerda biz uchun yaxshi yangilik bor — Andriyivka — bizniki», — degandi Malyar payshanba kuni.

Ammo biroz vaqt o‘tib u o‘z xabarini quyidagicha o‘zgartirgandi: «Andriyivka — vaziyat juda og‘ir va o‘zgaruvchan, biznikilarni qo‘llab-quvvatlaymiz».

O‘sha vaqtda 3-alohida shturm brigadasi matbuot xizmati mudofaa vazirligining Andriyivka ozod etilgani haqidagi xabarini muddatidan oldin berilgan xabar deb atagandi. «Andriyivka egallangani to‘g‘risidagi xabar yolg‘on va bevaqt berilgan. Hozirda Kleshchivka va Andriyivka hududlarida og‘ir janglar ketmoqda. Bunday bayonotlar zararli, shaxsiy tarkib hayotiga tahdid soladi va jangovar vazifalarni bajarishga zarar yetkazadi», — deyilgandi shu yo‘nalishda jang qilayotgan shturm brigada bayonotida.

O‘shanda Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabining BBC Ukraina xizmatiga izoh bergan vakili mudofaa vaziri o‘rinbosarining emas, aynan 3-brigada vakillarining so‘zlariga tayanishni maslahat bergandi.

Shu bilan birga Andriyivka boy berilganini qator rossiyalik harbiy muxbirlar va harbiylar tan olishgandi. «Kleshchiyevka va Andriyivka bilan barchasi hal bo‘ldi. Ma’lumot uchun, bu Baxmutning qanoti», — deya yozgandi «Trinadsatiy» telegram-kanali. Bunday mazmundagi xabarlar rossiyaliklarning boshqa resurslarida ham tarqaldi.

16 sentabr kuni Rossiya mudofaa vazirligi Ukrainaning Andriyivka egallangani haqidagi xabarini rad etib chiqdi. 

«Ukraina Artyomovskni (Rossiya rasmiylari yetti yil oldin Baxmut nomini olgan shaharni eski nomi bilan ataydi) egallash rejasidan voz kechmayapti va shturm harakatlarini davom ettirmoqda, Rossiya qo‘shinlarini Kleshchiyevka va Andiriyivka aholi yashash manzillaridan «siqib chiqarish uchun besamar urinmoqda», deyilgan RF mudofaa vazirligi svodkasida.

Shu kuni 3-alohida shturm brigadasi Andriyivka qishlog‘ida olingan uch daqiqalik videoni namoyish etdi. Jangchilardan birining shlemidagi kamerada muhrlangan kadrlarda qishloq amalda yer bilan bitta bo‘lgani aks etgan.

Andriyivkaning nimasi muhim?

Andriyivka — Baxmutdan janubdagi rus qo‘shinlarining ta’minot yo‘llarini kesib qo‘yish (Horlivka bilan bog‘lovchi) va shaharni qurshovga olish nuqtayi nazaridan muhim aholi yashash punktlaridan biridir.

Qishloq uchun og‘ir janglar ko‘p oylardan buyon davom etayotgandi va iyul oyida Ukraina QK uni ozod etishga yaqin qolgani haqida xabar bergandi.

«Andriyivka aholi yashash manzilini ozod qilish va ushlab qolish — bizning Baxmutning o‘ng qanotidan yorib o‘tish uchun yo‘limiz va kelgusidagi barcha yurishlarimiz muvaffaqiyati uchun kalitdir», — degandi 3-brigada.

25 iyul kuni Ukraina QK sharqiy qo‘shinlar guruhi rasmiysi Sergey Cherevatiy ushbu aholi yashash manzili ozod etilishi ukrain kuchlarining taktik vaziyatini yaxshilashi hamda rossiyaliklarni qurshab olish yoki ularni Baxmutdan siqib chiqarishga yordam berishini yozgandi.

«Andriyivka yoki Baxmut atrofidagi boshqa istalgan aholi yashash punktining egallanishi Baxmutni qurshab olish yoki dushmanni chekintirish amaliyotini yakunlashga imkon beradi», — deya ishonch bildirgandi Cherevatiy.

Ammo, OSINT-loyihasi ukrain harbiylari Baxmutga janubdan keluvchi yo‘lni muvaffaqiyat bilan kesib qo‘ygan taqdirda ham (Andriyivka va Kleshchiyevka hududida), shaharga shimoldan ta’minot yetkazish davom etishi mumkinligini qayd etishgandi. «OAV „Baxmut qurshalishi“ haqida sarlavhalar yozmoqda. Ammo bunga hali uzoq», — deya yozgandi mualliflar.

Shu yil iyulida Ukraina QK sharqiy guruhi qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy Ukraina tomonining bu yo‘nalishdagi strategik maqsadi — Baxmutni qurshab olish ekanini aytgandi. U Ukraina qo‘shini bu vazifani uddalay olishini bildirgandi.

Ukraina Baxmutni 2023 yil may oyida, yarim yil davom etgan qonli janglardan keyin boy bergandi.

Sirskiy Baxmutning egallanishi strategik ahamiyatga ega bo‘lishini ma’lum qilgandi. «Birinchi navbatda, Baxmut — asosiy yo‘nalish va yo‘llar jamlangan markaz, — degandi u BBC uchun bergan intervyusida. — Masalan, Debalsevodan keluvchi yo‘l, Severskdan, Horlivkadan, Konstantinovkadan va Slovyanskdan chiqadigan yo‘llar Baxmut orqali o‘tadi. Ya’ni u bu barcha yo‘llar kesishadigan markaz».

U Rossiya qo‘shini shaharda yarim qurshov holatida qolgani va bundan foydalanmaslik mumkin emasligini ta’kidlagandi.

U bu maqsad uchun Andriyivka, Kurdyumovka va Kleshchiyevka qishloqlari muhim o‘rin tutishini qo‘shimcha qilgandi.

Tahlil: Andriyivka atrofidagi muvaffaqiyat

Oleg Chernish, BBC Ukraina xizmati muxbiri

Rossiya «Baxmut to‘liq ozod etilgani» haqida 20 may kuniyoq e’lon qilgandi. Ammo Ukraina harbiy qo‘mondonligi ham o‘shanda o‘z versiyani tarqatgandi. Sharqiy qo‘shinlar guruhi qo‘mondoni, general Oleksandr Sirskiy rossiyaliklar bu yerda «qopqonga tushishi»ni prognoz qilgandi.

Gap shundaki, may oyi o‘rtalarida Ukraina qurolli kuchlari Baxmutning qanotlarida faol harakat qila boshladi — Rossiya garnizonini operativ qurshovga tushirish uchun.

Bunda eng muhim uchastkalar Kleshchiyevka, Andriyivka va Kurdyumovka qishloqlari atrofidan o‘tadi. Ular Baxmutni okkupatsiya ostidagi Horlivka bilan bog‘lovchi temiryo‘l va avtomobil magistrali (T0513) bo‘ylab joylashgan.

Bu Rossiya qo‘shini uchun muhim logistik qontomirdir. Agar u uzib qo‘yilsa, Baxmut va qo‘shni Soledardagi RF armiyasi o‘ta murakkab holatda qoladi.

Bu holatda faqat bitta trassa nisbatan xavfsiz bo‘lib qoladi — Popasnayaga olib boruvchi yo‘l. Ammo agar Ukraina kuchlari Kleshchiyevka, Andriyivka va Kurdyumovkani ozod etganidan keyin ham sharq tomon yurishda davom etsa, ular bu aholi yashash manzilini ham egallashi yoki artilleriya nazoratiga olishi mumkin bo‘ladi.

Shunda rossiyaliklar to‘liq qurshovga tushib qolmaslik uchun zudlik bilan o‘z qo‘shinlarini Baxmutdan olib ketishga majbur bo‘ladi.

Aslida, Ukraina qurolli kuchlari iyul oyi o‘rtalarida aynan Andriyivka atrofida raqibning mudofaa tartibini buzib o‘tishga erishgan va Severskiy Donets-Donbas kanalini kesib o‘tgandi. Ular shu tariqa kanalning sharqiy sohilida platsdarm tashkil etishgan, keyin esa Rossiya kuchlarini Kleshchiyevka va Andriyivka oralig‘idagi hududdan asta-sekinlik bilan chekintirishni boshlagandi.

RF qo‘shini qarshi hujum uyushtirishga urindi, ammo bu urinishlar muvaffaqiyatsiz chiqdi.

Ko‘proq yangiliklar: