“Energetika bozori shaffof xususiylashtirish orqali yaratiladi” - energetik bilan suhbat

O‘zbekiston 15:15 / 16.09.2023 9513

Germaniyada faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonlik energetika mutaxassisi Ravshan Xo‘janov O‘zbekistonda energetika islohoti zarurati, buning mexanizmlari va differensial tariflar bo‘yicha xorij tajribasi haqida so‘zlab berdi. 

O‘zbekistonda 1 oktyabrdan boshlab yuridik shaxslar uchun yangi tariflar belgilanib, aholi uchun tariflar o‘zgarmay qoladigan bo‘ldi. Rasmiylarga ko‘ra, bu o‘zgarish investitsiyaga muhtoj sohaga xususiy investorlarni jalb qilish va bozor mexanizmlarini kiritishga xizmat qiladi.

Aholi uchun tabaqalashgan tariflar esa keyingi yil 1 maydan joriy etilishi. Ko‘plab davlatlarda amal qiladigan bu tizim uyida eng ko‘p energiya ishlatadigan badavlat qatlamning davlat hisobidan arzon elektr va gazdan foydalanishiga chek qo‘yadi.

Bu o‘zgarish fonida yuzaga kelayotgan savollarga javob olish uchun Kun.uz Germaniyada energetika sohasida ishlayotgan, hozirda Toshkentda bo‘lib turgan mutaxassis Ravshan Xo‘janov bilan suhbatlashdi.

— Ravshan aka, siz bilan avvalroq qilgan intervyumizda energiya resurslari davlat hisobidan barchaga birdek arzonlashtirilgan narxda sotilishi noto‘g‘ri ekani, badavlat qatlamdagilar ko‘proq to‘lashi kerakligi haqida gapirgandingiz.

Yaqinda energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov 2024 yil may oyidan boshlab aholiga tabaqalashtirilgan narxlarda elektr energiyasi yetkazib berilishi mumkinligini aytdi. Dastlab shunga munosabatingizni bilmoqchi edim.

– Albatta, bu yaxshi tashabbus deb o‘ylayman. Bu amaliyot ancha oldin boshlanishi kerak edi, lekin hechdan ko‘ra kech. Kech boshlangan bo‘lsa ham o‘ziga yarasha sabablari mavjud. Birdaniga aholi uchun ijtimoiy me’yorlar, tariflar tabaqalashtirilgan tarzda joriy etiladigan bo‘lsa, shok-terapiya bo‘lib qolishi mumkin. Shuning uchun ancha oldin tayyorgarlik ko‘rib, aholini xabardor qilib, turli bahs-munozara, uchrashuv, seminarlar o‘tkazish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

– O‘zi umuman tabaqalashtirilgan tariflar sohaga qanchalik kerakligi haqida batafsil ma’lumot bera olasizmi? Bu borada xorijda qanday amaliyotlar qo‘llanadi?

– Faraz qiling, siz ishlab chiqarayotgan mahsulotning tannarxi 450 so‘m (energetika vaziriga ko‘ra, 1 kWh elektr energiyasi tannarxi 800 so‘mdan oshadi – tahr.). Bu mahsulotni 300 so‘mga sotayotgan bo‘lsangiz, 150 so‘mini kimdir qoplashi kerak bo‘ladi. Bu yerda ham aholimiz uchun hukumatimiz 150 so‘m ortiqcha narxini subsidiya tarzida, IESlar ishlab chiqarayotgan elektr energiyaning umumiy tannarxini qoplab beradi. Albatta, bu jarayon uzoq davom etmasligi kerak. Agar bu narsa davom etadigan bo‘lsa, bir kun o‘z salbiy natijalarini ko‘rsatishi mumkin. Shuning uchun narxlar har kim uchun har xil bo‘lishi kerak.

Misol uchun, ko‘pchilik kambag‘allar, nafaqadagilar yoki nogironligi bo‘lgan shaxslar bu qimmat narxlarni to‘lay olmaydi deb aytadi. Bu yerda shuni nazarda tutish kerakki, kambag‘al yoki kam ta’minlanganlarning uyida konditsioner, muzlatkich yoki katta ekranli televizorlar bo‘lmaydi. Bu o‘z-o‘zidan avtomatik tarzda elektr energiya iste’molini kamaytiradi, shu sababli narxlarni tabaqalashtirish kerak deganda, ijtimoiy me’yor kiritish ham aytilyapti. Bu me’yor doirasidagi narxlar subsidiya hisobiga arzonlashtirilgan bo‘lib qolaveradi. Ijtimoiy me’yorni xonadonda yashayotganlar sonidan kelib chiqib belgilash ham mumkin.

– Energetika vazirligining ma’lumotiga ko‘ra, jami yetkazib berilayotgan elektr energiyasi va tabiiy gaz bo‘yicha aholi xonadonlari ulushi 22-23 foizni tashkil etadi. Ya’ni har ikkala resursning aksariyat iste’molchilari – yuridik shaxslar. 1 oktyabrdan boshlab yuridik shaxslar uchun tannarxga yaqin narx belgilanayotganidan kelib chiqib, bu modernizatsiyaga muhtoj energetika tizimining texnik holatiga ijobiy ta’sir o‘tkazadi deya olamizmi?

– Sohani modernizatsiya qilish uchun katta-katta sarmoyalar kerak, ular qayerdan olinadi? O‘sha elektr energiyasini ishlab chiqarib, uni iste’mol qilayotgan iste’molchilardan olish hisobiga bular amalga oshiriladi.

Adashmasam, o‘tgan yili kam ta’minlanganlarga qariyb 20 trln so‘m ajratilgan. Buni taxminan 1,6 mlrd dollar desak bo‘ladi. Endi aytaylik, kam ta’minlanganlar ro‘yxatida turuvchilarga har oy 100 kWh elektr energiyasini tekinga berib yuboradigan bo‘lsak, yiliga taxminan 65 mlrd so‘m bo‘ladi, bu taxminan 5,5 mln dollarga tengdir. Farqini ko‘ryapsizmi, kam ta’minlanganlarga 100 kWh'ni tekinga berib yuborish davlatga sezilarli darajada og‘iri tushmaydi.

Agar ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining “A”dan “Z”gacha bo‘lgan xarajatlari ko‘rsatib berilsa, undan foydalanuvchilar haqiqatan “elektr energiyasi ishlab chiqarilishi shuncha ekan, o‘rtacha “Hududiy elektr tarmoqlari” shuncha miqdorda sotib olarkan, menga shuncha miqdorda yetib kelarkan”, – desa, ya’ni raqamlarni ko‘rsa, bunga shaffoflik bilan qarashni boshlashadi. Mavhum narsani o‘ylashi, undan shubhalanishi mumkin. Ishlab chiqarish narxini, qanchaga sotilishi va aholiga yetib borishdagi raqamlar ochiqlanishi kerak.

Adashmayotgan bo‘lsam, oxirgi marta elektr energiyasi narxi 2019 yilda oshirilgan. Shundan keyin ba’zi sabablarga ko‘ra, xususan pandemiya tufayli narxlar ko‘tarilmadi. Agar 2023 yilgacha har yili odatiy tarzda oshirilib kelganda, hozir elektr energiyasi narxi taxminan 600 so‘m bo‘lar edi. Uning narxi arzon bo‘lganidan keyin hech kimda uni tejashga bo‘lgan xatti-harakat yoki rag‘bat bo‘lmaydi.

Birinchi o‘rinda sohaga bozor mexanizmini joriy qilish kerak. Bunda shaffof xususiylashtirish o‘z natijalarini berishi mumkin. Qachonki bozor mexanizmini joriy qilib, keyin narxlarni oshiramiz, deyilsa, bu narsa bo‘lmaydi. Bir-birini kutish kerak emas. Xususiy investorlar kirib kelsa, o‘z hisobidan tarmoqlarni modernizatsiya qiladi. Davlat korxonasi esa bor puliga qiladi, hamma joyni ham qilolmasligi mumkin.

Elektr energiyasi ishlab chiqarish va uni iste’molchilarga taqsimlashda davlat ishtiroki imkon qadar kam bo‘lishi kerak. Amerika, Kanada tajribasiga qarasak, ularda differensial tariflar bor. Iste’mol eng ko‘p bo‘ladigan soatlarda narx qimmat qilib qo‘yilgan, bunga sabab – yuklamani imkon qadar to‘g‘ri taqsimlash. Ko‘pchilik elektr energiyasidan foydalanmaydigan soatlarda esa narx past belgilanadi. Masalan, energiyani ko‘p iste’mol qiladigan sanoat korxonalari ishlamaydigan dam olish kunlarida narxlar pastroq qilib qo‘yilsa, aholi ham bunga moslashib, ko‘proq energiya sarf bo‘ladigan ishlarini shanba yo yakshanbaga yoxud kunning elektr arzon bo‘ladigan ma’lum bir soatiga to‘g‘rilaydi.

  • Intervyuning to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qiling.

Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi.
Tasvirchi – Shohruz Abdurayimov.
Montaj ustasi – Nuriddin Nursaidov.

Ko‘proq yangiliklar: