«O‘xshamay qolsa, otam kabi taksichi bo‘lish rejasini tuzib qo‘ygandim». Bruno Gimaraesh og‘ir o‘tgan bolaligi, 39-raqam siri va «Nyukasl» haqida

Sport 17:00 / 14.09.2023 21131

«Ba’zida sonlar so‘zlardan ko‘ra aniqroq mazmun ifodalaydi. Bilaman, ko‘pchilik uchun 39 raqami biroz g‘alati. Ammo men uchun bu o‘ziga xos, kattaroq ma’noga ega. Bunda bir sehr bordek. 39 soni hayotimdagi barchasini taqdim etgan. Aynan shu son meni bu yerga, Nyukaslga olib keldi. U meni boqdi, kiyintirdi, orzum yo‘lidagi avtobus chiptalari uchun to‘ladi. 39 – bu Rio de-Janeyroda otam mingan taksining raqami.

Hayotim... Boshida hammasi oddiy edi. Aksariyat braziliyalik bolakaylar kabi dunyoga keldim. Besh yoshimda to‘pni yaxshi ko‘rdim. Daraxtdan tushgan mevalar yoki toshlarni qo‘yib futbol o‘ynardik. Bor kuchimizni berardik. Sovrin oddiy «Coca-Cola» bo‘ladimi, yanayam kichikroqmi, farqi yo‘q, g‘alaba uchun jonimizni berardik.

Vila-Izabelda, o‘sha ko‘hna va go‘zal «Marakana»ning soyasida ulg‘aydim. Ilgari o‘n ikki yoshdan kichiklar uchun kirish tekin bo‘lgani uchun rayondagi barcha bolalar yig‘ilib, kim o‘ynashidan qat’i nazar borardik. «Flamengo» bo‘ladimi, «Botafogo», «Vasko» yoki «Fluminense». Kim o‘ynashining farqi yo‘q edi. Shunchaki, u yerda bo‘lishning o‘zi biz uchun ertak, futbolchilar esa ma’budlardek edi. Esimda, bir kuni futzal jamoamiz San-Januarioda o‘ynashga bordi va u yerda «Vasko» futbolchilari mashg‘ulot o‘tkazayotgan ekan. Dahshat! Albatta, u paytlarda menda telefon yo‘q, qog‘oz ham topa olmay, salfetka ko‘tarib har biridan avtograf so‘rab yalinganman:

«Xudo haqqi, iltimos, avtograf bering. Futbolchimas, oddiy ishchimisiz? Beravering, farqi yo‘q, shu salfetkaga yozib bering...»

Hozir kulgili, lekin o‘sha paytlarda hammasi men uchun jiddiy edi. Onam haliyam o‘sha kir salfetkalarni saqlab qo‘ygan.

Qachondir ulardan biri bo‘lish mening yagona orzum edi. Qizig‘i, onam boshidan bunga qarshi bo‘lgan. Otam futbol jinnisi edi va meni mini-futbolga borishimni istaganda onam keskin qarshi bo‘lgan. Uning aytishicha, oilamizda bitta tentak yetarli emish va men suzuvchi bo‘lishim lozim. Bu to men bir kuni suzish to‘garagidan keliboq yig‘ini boshlaganimgacha davom etgan:

«Oyi, shu suzishmi? Rostan? Bu umuman men xohlagan narsa emas. Kechirasiz, men to‘p o‘ynamoqchiman!»

Kumirim Ronaldino bo‘lgan. Juda ozg‘in bo‘lganim uchun boshida hujumda to‘p surardim. Shanba kunlari sport zalida shug‘ulllanar, ertalabdan kechgacha futbol o‘ynab, oyimdan gamburger olib berishni iltimos qilardim. U rad qilardi, keyin bilishimcha qulog‘imizgacha qarzga botgan ekanmiz. Oy oxirida ro‘zg‘orni eplashning iloji bo‘lmay qolardi.

Onam motomagazinda ishlar, otam esa aytganimdek, taksi haydovchisi edi. Braziliyada, ayniqsa, Rioda yashash og‘ir. Deyarli butun sutka ishlashga majbursan. Lekin o‘sha sariq taksi orzumni saqlab qolgan. Otamni haftada bir marta, shanba kuni futbol o‘yinimni tomosha qilgani kelganida ko‘rardim.

Rostini aytsam, uning oldida biroz asabiylashardim. U men uchun qahramon, hafsalasini pir qilgim kelmasdi. Boshida u ham menga nisbatan ancha qat’iyatli bo‘lgan. Hatto bir kuni doim yutqazishimizdan zerikkanini va agar g‘alaba qozonsamgina ortiqcha gamburgerga pul berishini aytgandi.

Boshqa futbolchilardan hech eshitmaganman, ammo shaxsan men haqiqiy jamoada o‘ynashni boshlaganimda o‘zimni juda yomon futbolchi deb bilardim. O‘yindan oldingi oqshomda shunaqangi asabiylashardimki, qornim og‘rib, qusishni boshlardim. Ba’zida boshim og‘rib, isitmam ko‘tarilardi, uxlay olmasdim.

O‘n bir yoshda edim shekilli, sportzaldagi oddiy o‘yin, tabiiyki, o‘zimni yengil his qilaman. Birortasi kuzatib turgani haqidagi xayol ham bo‘lmaydi. Shunchaki, do‘stlarim bilan dam olish uchun o‘ynayotganim uchun meni to‘xtatib bo‘lmaydi. Aslida esa murabbiyimiz Mario Xorxe bir chetda katta bollar bilan hammasini kuzatib o‘tirgan ekan.

O‘yindan keyin maydonga tushdi va mendan so‘radi:

«Brunu, senga savol, nega chempionatdagi o‘yinlarda bunaqa o‘ynamaysan?»

«Bilmadim, murabbiy, o‘zimni noqulay his qilaman. Tushuntirim qiyin»

«Menga qara, bundan xavotir olma. Shunchaki, zavq uchun o‘ynayotgandek harakat qil, shunda nima bo‘lishini ko‘rasan» – dedi u.

Bu haqda otamga aytdim. Uning menga bo‘lgan talabchanligi qiynab qo‘yayotganini ham tushuntirdim. Xudoga shukrki, otam buni tushundi va shundan so‘ng hammasi yaxshi tomonga o‘zgara boshladi.

Lekin baribir, mening sarguzashtim superyulduzlar kabi boshlanmayotgandi. 11-12 yoshlarda «Botafogo»da ham, «Fluminense»da ham sinovdan o‘ta olmadim. «Botafogo»da atigi 3-4 mashg‘ulotdan so‘ng rad javobini berishdi. «Fluminense»da esa qariyb bir yil 2 soatlik yo‘lda mashg‘ulotlarga qatnadim. Bolalikda «yo‘q» javobi qattiq ta’sir qiladi, osongina sindirib qo‘yishi ham mumkin. Ammo har doim, taslim bo‘lishimga sal qolganida onam yordam beradi. U menga deyarli hamma klubdan rad javobini olgan Kafuning hikoyasini aytib berishni yaxshi ko‘rar va oxirida orzuing nima ekanini bilasan, deb qo‘yardi. Onam menga doim ishongan.

Aynan Mario Xorxe tufayli, 13 yoshimda tayanch yarimhimoyasiga o‘tkazildim. 15 yoshimda San-Pauluga ko‘chib o‘tishga to‘g‘ri keldi. Ota-onam sariq taksida besh soat yo‘l yurib, yagona farzandini begona shaharga, o‘n sakkiz kishilik xonada begona bolalar bilan qoldirib ketayotganida nimalarni his qilishganini tasavvur etishim qiyin. Birinchi kuni men ham yig‘ladim. Keyin har kuni yig‘ladim.

Rostini aytsam, ko‘p bolalar yig‘lardi. Har tunda, chiroq o‘chgach, bolalarning devorga o‘girilib, yig‘lay boshlashini ko‘rardim. Bu yoshda itingni, o‘z yotog‘ingni, o‘z uyingdagi hidni sog‘inasan. Umuman sharoit ham unaqa zo‘r emasdi.

Bir voqeani o‘lgunimcha unutmasam kerak. Uydan ketayotganimda ota-onam arzon telefon olib berishgandi. Mashg‘ulotga ketayotib uni yostiq tagiga qo‘yar, qaytganimda kimdir qo‘ng‘iroq qilganmi, yo‘qmi, olib qarardim. Xullas, bir kuni mashg‘ulotdan kech qaytdim va uyqu oldidan qo‘limni yostiq tagiga tiqdim. Negadir plastik telefon o‘rniga qo‘limga qanaqadir silliq narsa ilashdi. Yo‘q, og‘ayni, sovun emas. Yumshoq. Keyin qo‘lim dumga yetib bordi. Eh, qanaqa baqirganimda ko‘rmagansan-da...

Kichkinagina semiz kalamush «ey, mening joyimda nima qilyapsan» deb qarab turgandi.

O‘rnimdan tezlikda turib, boshimni ham urib oldim. Kalamush xonada uyoqdan buyoqqa yugura boshladi. Kimdir stulga chiqib olgan, jasurroqlari botinkasini qo‘lga olib kalamushni quvlay boshladi. Kalamush shkaf orqasiga o‘tib ketgach, hamma biroz xotirjam tortdi. Men esa kravatimning burchagida o‘tirgancha, bu yerda uxlay olmayman, deya boshladim. Shundan keyin xonaga jiddiy tus bilan kim kirib keldi, bilasizmi?

Yana ikkita kalamush. Aaaaaaaa!

Ular xuddi o‘z uylariga kirib kelgandek alfozda edi. Hatto qo‘rqishni xayollariga ham keltirmayotgandi. Xa-xa-xa!

Do‘zaxning o‘zginasi, deb o‘yladim. Keyin bir haftacha yostig‘imga bosh qo‘yishga ham qo‘rqib qolgandim.

Aldamayman, bir necha bor narsalarimni yig‘ishtirib, ketishga chog‘langanman ham. Bir marta onamga telefon qilib, qaytishga pul yuborishlarini so‘raganman. Tabiiyki, sabr qilishimni uqtirishgan. Ular dam olish kunlari otamning o‘sha taksisida meni ko‘rgani kelar, ha, otam dam olish kunlari ham o‘sha sariq mashinasidan qutula olmasdi.

Shu tariqa uch yil o‘tdi. Men o‘n yetti yoshimda haliyam professional shartnomaga ega emasman. Vinisius yoki Endriklarni o‘ylasang, ular bu yoshda allaqachon yulduzga aylanib bo‘lgan. Men esa mabodo o‘xshamay qolsa deb, otam kabi taksichi bo‘lish rejalarini ham tuzib qo‘yardim. Oyiga taxminan 40 real pul topar, telefonimning o‘ziga 100 real atrofida pul ketardi. Agar o‘n sakkiz yoshgacha ham shartnomam bo‘lmasa, hammasini to‘g‘ri tushunish lozim bo‘ladi. Haydovchilik uchun imtihon topshirayotganimda ota-onamga «VW Beetle» avtomobilini olishni orzu qilishimni aytdim, aslida esa hayotimning zaxira variantini rejalashtirayotgandim. Buni qanday aytasan ularga...

Uyog‘ini qanday tushuntirib berishni ham bilmayman. Xuddiki hammasi bir kechada sodir bo‘ldi. Buyuk Fernando Dinis murabbiy sifatida hayotimga kirib keldi.

«Brunino, bilasanmi» – dedi u mavsumoldi mashg‘ulotlarning birida, - «hayotda kim bo‘lishni tanlasang ham, eng yaxshilardan biri bo‘lasan, qat’iyating bunga yetadi».

Nima demoqchi? Axir professional shartnomam ham yo‘q-ku? Rostan futbol haqida gapiryaptimi? Yoki eng zo‘r taksichi bo‘larmikinman?

«Senda buyuk futbolchilarning qalbi bor»

G‘alati? Nimalar deyapti? U shunchaki, suhbatlashish uchun aytyapti yoki tentak bo‘lib qolgan. Bu haqda o‘ylash uchun ham charchagan edim. Kelasi mavsumda taxminlarim to‘g‘ri chiqdi. U meni birinchi jamoaga olmadi. Tavba, buyuk futbolchi qalbimish... Eh.

Menimcha, men ko‘ra olmagan nimanidir sezgan bo‘lishi kerak. Nihoyat, 19 yoshga to‘lganimda orzumni taqdim qildi. Uyog‘iga ortga qaramadim. Qandaydir to‘rt yil ichida taksi haydovchisi bo‘lish rejalaridan «Atletiko Paranaense» klubi ijarasiga, Janubiy Amerika turniri g‘alabasi, keyin «Lion», Chempionlar ligasi yarimfinali, keyin «Nyukasl»da Premer-ligada to‘p surishgacha yetib keldim. Dahshat. Buni men birgina so‘z, yo‘q, raqam bilan izohlashim mumkin – «39».

Bu sonda sehr bor. Hozir isbotlab beraman.

«Atletiko Paranaense»ga o‘tganimda otam bilan telefonda gaplashayotib, qanday raqam olishni so‘radim. Avvaliga 97-raqam yoqayotgandi, chunki shu yili tug‘ilganman.

«39ni olsang-chi, Brunu?» – dedi u.

Foto: Getty Images 

«Bu shunchaki raqam emas. 039 bizga nimaiki ega bo‘lsak, hammasini berdi. Uyimiz, ovqatimiz, mebelimiz, sening futbol butsalaring. Hammasi shu taksimiz tufayli»

«To‘g‘ri aytasan, zo‘r bo‘lardi. Bandmasmikin, so‘rab ko‘raman».

Tibbiy markazga borib, kerakli dorilarni olgach, yechinish xonasiga olib borishdi. U yerda kiyimlarim tayyorlab ham qo‘yilgan ekan. Xodimdan raqamim haqida so‘radim.

«Raqam? Menimcha ular senga qandaydir raqam berishgandi». Sumkani ochib qaradim. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, xoh ishoning yo ishonmang, 39-raqam turardi.

«Agar yoqmagan bo‘lsa, almashtirishimiz mumkin».

- Tavba, ustimdan kulyapsizmi? Yo agentim bilan gaplashdingizmi?

«Nima? Yo‘q, hech kim bilan gaplashmadik. Bu bepul. Istasangiz, har qanday raqamga almashtirib berishimiz mumkin».

- Yo‘q, yo‘q. Hammasi zo‘r.

Darhol otamga qo‘ng‘iroq qilaman.

 - Dada, qanaqadir hazilmi bu? Klubdagilar bilan mening raqamim haqida gaplashdingmi?

«Yo‘q, nimalar deyapsan?».

- Menga raqam tanlab qo‘yishibdi. Shunchaki tasodifan. 39-raqamni.

Otam yig‘lab yubordi. Tavba, men ham yig‘ladim.

Bu mening faoliyatimdagi eng yaxshi davrning boshlanishi edi. Bu hozirgacha davom etmoqda. Kalamushlar bilan uxlaganimda bu kunlarni xayol ham qilmagandim. «Atletiko» muxlislari o‘z afsonalari bilan bir qatorda mening ismimni qo‘shiq qilib kuylashi yetti uxlab tushimga kirmagandi. O‘sha buyuk Junino meni «Lion»ga taklif qilishini o‘ylab ham ko‘rmaganman. Jahon chempionatida sariq libosda maydonga tushishim xayolimning yetti ko‘chasiga ham kirmagandi. 

Qiziq tomoni, «Nyukasl»ga o‘tish varianti paydo bo‘lganida, ko‘pchilik e’tiroz qilgandi.

«Tentakmisan? Bu sen uchun pasayish bo‘lishi mumkin, axir ular qo‘yi ligaga tushib ketishi mumkin. U holda sen hech qachon jahon chempionatiga bora olmaysan».

U paytlarda «Nyukasl» pastdan uchinchi o‘rinni egallab turardi. Lekin o‘n besh yoshimdan beri kim menda orzum haqida so‘rasa, Premer-ligada to‘p surishni aytardim. Shuning uchun ham «Nyukasl»ga bordim. Boshida mendan himoyaga e’tibor qaratish talab etilardi. Esimda, yutaverdik, yutaverdik, lekin hech 18-o‘rindan ko‘tarila olmasdik. Go‘yo kimdir bizni tubga yelimlab qo‘ygandek edi.

«Lester» bilan o‘yinda, menimcha, o‘sha kuni «Nyukasl»ga oshiq bo‘ldim. O‘sha o‘yinda ikkita gol urdim. Bir-biriga o‘xshamaydigan gollar. Birinchisi, Rio ko‘chalaridagi gollarimga o‘xshaydi. Darvozabon to‘pni ushlamoqchi bo‘lib otildi, men hakam xushtak chalmagani uchun to to‘p darvozaga kirmaguncha tepaverdim. Ikkinchi gol esa 90+5-daqiqada bo‘ldi. O‘z tomonimizda to‘pni egallab oldik va men butun maydonni yugurib o‘tdim. Bir payt yuqorilab kelayotgan to‘pni ko‘rganimda, o‘sha onamning suzish to‘garaklaridagi o‘rganganlarim qo‘l keldi. Xuddi delfin kabi havoga sakradim, og‘ayni.

Muxlislarning qiyqirig‘i hamon qulog‘im ostida jaranglaydi. Futbolkamni yirtib yubordim va ana shunda haqiqatan ham Premer-ligada ekanimni to‘liq his qildim. Bu muhitni hech qachon, hatto Braziliyada ham ko‘rmaganman. O‘yin tugagach, maydonda yotgancha shu kunlarga yetkazgani uchun Xudoga beadad shukur aytganimni unutmayman.

Foto: Getty Images 

Shundan so‘ng, umuman yutqazmoqchi emasligimizni his qildik. Mavsumni 11-o‘rinda tugatganimiz, keyin «Manchester Yunayted» bilan Liga kubogida o‘ynaganimiz, bu ishonchning hammasi o‘sha oqshom paydo bo‘lgan, nazarimda.

Men bu yerda afsona bo‘lmoqchiman. Klub katta top-jamoaga aylanmoqchi ekanini bilib turibman. Bu yerga uzoq yo‘lni bosib kelganim, juda ko‘p muvaffaqiyatsizliklarni boshdan kechirganim hammasini qadrlashim kerakligini o‘rgatadi. Nyukasl ko‘chalarida 39-raqamli libosni kiyib olgan bolakaylarni, qizaloqlarni ko‘rganimda, tabiiyki, g‘urur tuyaman. Bu menga salfetkani ko‘tarib, «Vaska» futbolchilaridan dastxat so‘rab yurgan paytlarimni eslatadi.

So‘nggi paytlarda ko‘chada ko‘p onalar oldimga kelib, bir narsani iltimos qilishyapti:

«Brunu, iltimos, soch turmagingni o‘zgartirishning iloji bormi? Senga qarab, mening qizim ham sochini oq rangga bo‘yamoqchi bo‘lyapti»

Buni eshitganda men o‘z bolaligimni, 2002 yilgi mundial paytida onamga sochimni Ronaldo kabi uchburchak qilib oldirishni yalinganimni yodga soladi. Farqi, men ulg‘ayib tushunib yetgan haqiqat ham bor – futbolchilar daho emaslar. Biz ham boshqa insonlar kabi asabiylashamiz. Biz ham boshqalar kabi xato qilamiz, muvaffaqiyatsizlikka uchraymiz.

Ammo hamon futbol men uchun sehrli o‘yinligicha qolaveradi. Onam oddiy do‘konda ishlardi, mening o‘sishim uchun juda ko‘p aziyat chekkan. Otam har kuni, har tuni sariq taksida yurib, yagona o‘g‘lining sendvich yoki pishloq yeyishi uchun mehnat qilgan. Hozir esa uni Nyukasl ko‘chalarida to‘xtatib, birga rasmga tushishadi.

U bu yerda mashhur. Afsonaviy 039.

Haqiqiy 39»

Brunu Gimaraesh
ThePlayersTribune uchun.

Ko‘proq yangiliklar: