Sport | 12:47 / 18.10.2021
26139
15 daqiqa o‘qiladi

«Barsa»da g‘alaba, «Roma» goldan mahrum bo‘ldi, «Tottenhem» o‘yini to‘xtab qoldi, Niderlandiyada tribuna quladi

Yevropa futbolida yakshanba kuni ro‘y bergan asosiy voqealar.

Italiya: Shomurodov zaxiradan tushdi, «Napoli» birinchi o‘ringa qaytdi

«Yuventus» — «Roma» — 1:0 (Moyze Kin, 16).

Joze Mourinyu hayron qoldirishdan to‘xtamaydi. Uning boshqaruvidagi «Roma» — Italiya chempionatining eng quvnoq jamoalaridan biri, vaqti-vaqti bilan o‘z muxlislarini infarkt holatiga tushiradi, holbuki so‘nggi yillarda portugaliyalik mutaxassis deganda zerikarli va haddan tashqari pragmatik uslub tushunilardi. «Speyshlvan» axboriy maydonda ham tez-tez ko‘rinish beradi, Turinga safar oldidan Konor Makgregor bilan uchrashdi.

Pragmatizm esa hozirda Massimiliano Allegri qaytgan «Yuventus»da kuzatilmoqda, u o‘yin arafasida hamkasbini maqtovlarga ko‘mdi va hozirgi «Roma»da xarakter va ehtiros paydo bo‘lganini e'tirof etdi. Bir tomondan, aynan shu jihatlar «bo‘rilar»ga Turinda muvaffaqiyat olib kelishi mumkin edi. Birinchi bo‘lim so‘ngida mehmonlarning kuchli pressingi natijasida hujumni qarshi olgan Kellini to‘pni yo‘qotdi, ushbu hujum davomida Mxitaryanga fol ishlatilgani uchun penalti belgilandi. Ammo ushbu fol uchun hakam hushtagi chalinishidan oldin to‘pga ega chiqqan Abraham uni darvozaga kiritishga ulgurgandi va Daniele Orsato davom etayotgan hujumni to‘xtatmasligi kerak edi.

Ammo shu vaqtgacha qatorasiga 13 marta «nuqta»da adashmagan Veretu Shchensnini duelda yenga olmadi. Yakunda polshalik darvozabonning bu seyvi va Moyze Kinning bosh bilan bergan aniq zarbasi «Keksa sinora»ga qatorasiga oltinchi o‘yinda g‘alabani nishonlash uchun yetarli bo‘ldi. O‘zbekistonlik hujumchi Eldor Shomurodov o‘yin oxirida Varetuni almashtirdi, ammo mezbonlar himoyasi ustunlikni saqlab qoldi. «Yuventus» so‘nggi uch o‘yinda darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi: bir so‘z bilan aytganda turinliklar Allegri sxemasida qanday o‘ynalishini yana eslab olishdi.

«Napoli» — «Torino» — 1:0 (Osimhen, 86)

Mavsumni sakkiz g‘alaba bilan boshlagan va klub rekordini takrorlagan neapolitanliklar chempionlarga xos o‘yin namoyish etishmoqda. Luchano Spalletti jamoasi o‘yin sifati nuqtayi nazaridan bo‘lmasa-da, vaziyatdan kelib chiqib natija uchun o‘ynash borasida hammaga dars bermoqda. O‘yinning birinchi qismida Insine penaltini aniq ijro etolmadi. Bu mavsumda u kuchli beshlik chempionatlaridagi eng omadsiz futbolchi bo‘lib turibdi, u besh bor 11 metrdan zarba ijro etib, faqat ikki gol urgan. Ammo jamoani bu safar ham Osimhen qutqardi. Nigeriyalik futbolchi so‘nggi yetti o‘yinda 8 gol urishga erishdi, top-5 ligalarda hamon ochko yo‘qotmay borayotgan yagona jamoa bo‘lib qolayotgan neapolliklar Italiyada turnir jadvalini boshqarishmoqda, lekin jamoani keyingi turda «Roma»ga qarshi qiyin safar o‘yini kutmoqda.

Ispaniya: Fati va Depay — top-bog‘lam
«Barselona» — «Valensiya» — 3:1 (Fati, 13. Depay, 41, penalti. Filippe Koutinyu, 85 — Gayya, 5)

Terma jamoalar o‘yinlari uchun tanaffus ko‘k-anorranglilar jamoasida so‘nggi o‘yinlarda «Benfika» va «Atletiko»dan uchralgan qaqshatqich mag‘lubiyatlardan keyin o‘ziga kelib olish uchun imkon berdi. Ma'lum darajada «Barselona» prezidenti Joan Laportaning Ronald Kumanni qo‘llab-quvvatlash haqidagi qarori ham o‘yinga ta'sir ko‘rsatdi. Ushbu mutaxassisning tanqidchilari bundan xursand bo‘lishmadi va «Valensiya» sardori Gayya o‘yinning boshidayoq uzoq masofadan yo‘llagan zarbasi bilan hisobni ochganida, skeptiklarda navbatdagi noroziliklar uchun asos paydo bo‘ldi.

Lekin shu bilan birga tan olish kerakki, kataloniyaliklarning hozirgi murabbiylar shtabi yoshlar bilan a'lo darajada ishlamoqda. Yakshanba kuni muxlislar yana bir bor 17 yoshli Gavining ajoyib o‘yiniga guvoh bo‘lishdi, shuningdek, qariyb bir yillik tiklanishdan keyin maydonga qaytgan Ansu Fati yanada kuchliroq o‘ynay boshladi. Unda yangi shartnoma masalasida muammolar yuzaga kelgani haqida xabarlar chiqdi, ammo bu uning o‘yiniga ta'sir ko‘rsatmagan.

O‘tkazib yuborilgan goldan ko‘p o‘tmay 18 yoshli ushbu forvard jamoaning yangi yetakchisi Depay bilan kombinatsiyani golga aylantirib, hisobni tenglashtirdi, bo‘lim oxirida niderlandiyalik havbek uchun penalti ishlab berdi. Ikkinchi bo‘lim davomida «Valensiya» qaytishga urindi, ammo mezbonlar himoyada ishonchli harakat qilishdi, o‘yin oxirida muxlislar anchadan buyon kutgan yana ikki voqea ro‘y berdi — Filippe Koutinyu gol urdi va yozdan buyon davolanishda bo‘lgan Aguero «Barsa»da debyut qildi. Endi Pedri tezroq sog‘ayib safga qaytishini kutish qoldi.

Germaniya: «Bavariya» Leverkuzenni yakson etdi
«Bayyer» — «Bavariya» — 1:5 (Shik, 55 — Levandovski, 3, 30. Myuller, 34. Gnabri, 36, 37)

«Bavariya», shubhasiz, bundesliganing boshqa jamoalari uchun kosmos, ammo aynan shuning uchun ham bu jamoani kim yenga olishi bo‘yicha intriga kuchli. Leverkuzendagi o‘yin shunisi bilan ham ahamiyatli ediki, o‘yin natijasiga ko‘ra sakkizinchi turdan keyin chempionatda kim peshqadamlik qilishi ma'lum bo‘lardi. Odatda aynan shunday o‘yinlarda myunxenliklar mukammal va beshafqat mashinaga aylanadi, Levandovskining tezkor goli chempionlar Yulian Nagelsmann boshchiligidagi ilk mag‘lubiyatdan (o‘tgan turda «Ayntraxt» Myunxendan 2:1 hisobidagi g‘alaba bilan qaytgandi) qanchalar alamzada ekanini ko‘rsatib berdi.

Ammo baribir yakshanba kunida bo‘lgani kabi bu qadar ustunlik - normal holat emas. Kutilgan jang raqibni xo‘rlashga aylanib ketdi, 30-daqiqadan 37-daqiqagacha bo‘lgan vaqt xuddi futbol simulyatorlaridagi kabi kechdi, mehmonlar 8 daqiqa ichida 4ta gol urishdi: birinchi golini nozik harakat bilan urgan Levandovski ikkinchi golida sherigidagi to‘p "o‘g‘irlab" uni darvozaga kiritib yubordi, keyin Zyulening zarbasini Myuller tovoni bilan darvozaga to‘g‘rilab yubordi, Gnabri uning uzatmasiga oyoq qo‘yish bilan (shvedka - oyoqning tashqi qismi bilan zarba berish) hisobni yanada yiriklashtirdi va bir daqiqa o‘tib uning o‘zi beshinchi golni urdi... Gollardan uchtasida himoyachilar assistentlik qilishdi va «Bavariya»ning tvitterida shunday nokamtar yozuv paydo bo‘ldi: «Beshta. Bizni to‘xtatishga harakat qilib ko‘ring!».

Myunxenliklar ikkinchi bo‘limda Chempionlar ligasi haqida o‘ylab, kuch tejashga o‘tishdi. Shu tufayli Shik leverkuzenlik muxlislarga taskin beruvchi golni urdi - uni yana bir bor (beshinchi marta) vunderkind Virs golli uzatma berdi, uning mavsumdagi assistlari soni 6taga yetdi. «Bayyer» tarkibi «Bavariya»ga raqobat qilish uchun hali yoshlik qiladi, jamoa sentyabrda liganing yana bir grandi «Borussiya» Dortmundga qarshi o‘yinda g‘alabani saqlab qola olmagandi (3:4).

Angliya: Nyukaslda yangi era
«Nyukasl» — «Tottenhem» — 2:3 (Uilson, 2. Dayyer, 89, avtogol — Ndombele, 17. Keyn, 22. Son Xin Min, 54)

Ikkinchi davrada bu jamoalarning o‘zaro o‘yini afishasi boshqacharoq jaranglaydi, axir «qarg‘alar» tez orada yangi hayot boshlashga va superklubga aylanishga tayyorlanmoqda. Ammo hozircha ular xavfli hududda joylashgan, Stiv Bryusning bosh murabbiylikda yana qancha qolishi noma'lum. Angliyadagilar u hozircha lavozimini saqlab qolishi, chunki «Nyukasl»ning yangi menejmenti yangi bosh murabbiy tanlashda shoshilib xato qilishni istamasligi haqida yozishmoqda. Qolaversa, mavsum qizigan pallada ishsiz yurgan kuchli mutaxassis topish qiyin, bandlari esa mish-mishlarni inkor qilib, hozirgi ish joyidan ketishni istamasligini aytdi, masalan Brendan Rodjyers va Joze Mourino.

Shunday ekan, yakshanba kuni Bryus bosh murabbiylik kursisida 1000-o‘yinini o‘tkazdi, uning shogirdlari esa maydonga yuqori kayfiyatda tushib kelishdi — Uilson yangi rahbariyat davridagi ilk o‘yinda 107-soniyadayoq hisobni ochdi. Klub Saudiya Arabistoni fondi tomonidan sotib olinishi munosabati bilan arabcha elementlar aks etgan liboslardagi ko‘plab muxlislar bu golni katta xursandchilik bilan nishonlashdi.

Ammo baribir mo‘jiza sodir bo‘lmadi, birinchi bo‘lim o‘rtalarida «Tottenhem» hisobda oldinga chiqib oldi, Keyn esa nihoyat joriy mavsumda chempionatdagi gollari hisobini ochdi.

Arbitr avvaliga uning golini bekor qildi, faqat videotakrordan keyin Harri ofsaydda qolmagani tasdiqlandi. Bu Keynning APLDa safar o‘yinlarida urgan 88-goli bo‘ldi, u bu borada Alan Shirerni ortda qoldirib, begona maydonlarda eng ko‘p gol urgan Ueyn Runini (94) ta'qib etishga kirishdi.

O‘yin favqulodda holatsiz o‘tmadi. Birinchi bo‘lim oxirlarida tribunadagi tomoshabinlardan birining ahvoli yomonlashdi. Muxlislarning ishorasini vaqtida ko‘rib qolgan Regilon bu haqda o‘yin bosh hakamiga xabar berdi, o‘yin ma'lum vaqtga to‘xtatildi, «shporlar»ning boshqa bir himoyachisi Dayyer esa tibbiy shtab xodimlari tezlik bilan tribunaga defibrillyator olib borishi uchun barcha ishni qildi. Tez orada muxlis o‘ziga keltirildi va shifoxonaga olib ketildi, o‘yin davom ettirildi.

Muammo hal etilgach, birinchi bo‘lim oxiriga yetkazib qo‘yildi, qo‘shib berilgan 8 daqiqa ichida Keyn — Son Xin Min juftligi yana bir gol urdi. Ikkinchi bo‘limda mezbonlar o‘yinni qutqarishga urindi, ammo Shelvi maydonga tushishidan 15 daqiqa o‘tib qizil kartochka olishi bu vazifani murakkablashtirdi. O‘yin oxirida Dayyerning avtogoli hech narsani o‘zgartirmadi. Natijaga qarab aytish mumkinki, Bryus — yangi xo‘jayinlar kelgani uchungina emas, klubning natijalar uchun ham iste'foga chiqarilishi mumkin. Bu murabbiy bilan «Nyukasl» o‘z maydonida hisobda oldinda borilgan o‘yinlarda yakunda ustunlikni boy berib, jami 28 ochko yo‘qotgan.

Fransiya: irodali «Marsel»
«Marsel» — «Loryan» — 4:1 (Kamara, 27. Genduzi, 56, 90+2. Milik, 85 — Lorente, 13, penalti)

Xorxe Sampaoli jamoasida xarakter paydo bo‘ldi. Marselliklar joyi kelganda jinniliklar qilishi mumkin, ammo ular taslim bo‘lishni istashmaydi. Argentinalik mutaxassis bahorda bosh murabbiylikka tayinlanganidan buyon jamoa hisobda ortda borayotgan o‘yinlarida iroda ko‘rsatishi evaziga 15 ochko qo‘lga kiritilgan. Bu uchrashuvda uch holatni qayd etish mumkin. Birinchidan, ikki golga mualliflik qilgan Genduziy juda ajoyib o‘yin namoyish etdi. Ikkinchidan, uzoq vaqt davolanishda bo‘lgan Milik mavsumdagi ilk golini urdi, u yo‘qligida «Marsel» markaziy hujumchisiz o‘ynashiga to‘g‘ri keldi. Nihoyat, liga 1ning joriy mavsumida assistentlik bo‘yicha het-trik Payyet tomonidan amalga oshirildi. Natijada — bu turda «Nitssa» mag‘lubiyati tufayli marselliklar turnir jadvalida uchinchi o‘ringa ko‘tarildi.

Niderlandiya: fojiaga bir qadam
NeK — «Vitess» — 0:1 (Frederiksen, 16)

Foto: LAURENS LINDHOUT/GETTY IMAGES

«Vitess» NeK bilan safardagi derbida sakkiz yil ichida ilk marta g‘alabaga erishdi - 16-daqiqada Nikolay Frederiksen Ussama Darfaluning uzatmasini golga aylantirdi. Lekin bu g‘alabani nishonlash fojiali tugashi mumkin edi. Arnemlik futbolchilar mehmon muxlislar joylashgan sektorga yaqinlashganida, fanatlar sinxron ravishda sakray boshlashdi va ularning ostidagi tribuna qulab ketdi. Ularning baxtiga, Neymegendan berilgan ma'lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida jabrlanganlar yo‘q.

Fotohisobotlarga ko‘ra, ularni baxsiz hodisadan tribuna ostida konteyner joylashgani qutqarib qolgan - odamlar yuqori balandlikdan pastga qulashdan qutulib qolishgan.

Kun statistikasi
2005 yildan buyon ilk marta Devid Moyyes jamoasi Rafael Benites jamoasini yengishga muvaffaq bo‘ldi. «Everton» uchun bu mavsumda uy o‘yinlaridagi ilk mag‘lubiyatga aylandi.

Xulen Lopetegi «Sevilya» bosh murabbiyligiga tayinlanganidan buyon jamoa la liganing safar o‘yinlarida 9-marta 1:0 hisobida g‘alaba qozondi.

«Vest Hem» futbolchilari Moyyes boshqaruvida 29 marta «standartlar»dan (penaltisiz) gol urishdi. Bu o‘tgan yil yanvaridan buyon (shotlandiyalik mutaxassis o‘shanda jamoa bosh murabbiyligiga kelgandi) APLdagi eng yaxshi natija.

Niderlandiyada «Vitess» va NeK o‘rtasidagi uchrashuvda 35 marta qoidabuzarlik qayd etildi.

Mavzuga oid