Xanchjou-2022 Osiyo o‘yinlari oldidan matbuot anjumani o‘tkazildi

Sport 09:42 / 13.09.2023 16652

O‘zbekiston delegatsiyasi necha sportchi bilan Xanchjou-2022 Osiyo o‘yinlarida ishtirok etadi? Delegatsiya bayroqdorligiga nomzodlar kim? Jamoalar oldiga qanday vazifalar qo‘yilgan? Shu va boshqa savollarga bo‘lajak Osiyo o‘yinlari oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida batafsil javob olindi. 

«Olimpiya va Paralimpiya shon-shuhrati» muzeyida o‘tgan tadbirda Yoshlar siyosati va sport vazirligi, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi rahbariyati ishtirok etdi. Tadbir davomida OAV xodimlari O‘zbekiston delegatsiyasining rejalari bilan yaqindan tanishdi.

Yoshlar siyosati va sport vaziri Adham Ikromov Osiyo o‘yinlarida 38ta sport turida 350dan ortiq atletlarimiz qatnashishini ta’kidlab, bu O‘zbekiston tarixidagi eng yaxshi natija ekanligi, Jakartada o‘tgan Osiyo o‘yinlarida bo‘lganidek muvaffaqiyatli natija (umumjamoa hisobida 5-o‘rin) kutilayotgani haqida gapirdi. 

MOQ bosh kotibi Oybek Qosimov bayroqdor bo‘lishga Bahodir Jalolov, Muzaffar To‘raboyev, Akbar Jo‘rayev, Ulug‘bek Rashidov, Safina Sadullayeva, Zaynab Dayibekova, Svetlana Radzivil kabi nomzodlar borligini, yakuniy qaror tez kunda e’lon qilinishini aytdi.

O‘zbekiston dzyudo federetsiyasi raisi Azizjon Kamilov dzyudochilardan Davlat Bobonov jarohatidan tiklanganini, Muzaffar To‘raboyev yaxshi formada ekanligini ma’lum qildi.

O‘FA vitse-prezidenti Ravshan Ermatovning aytishicha, turnirga futbol bo‘yicha asosan «Olimpik» o‘yinchilaridan iborat jamoa boradi, musobaqa FIFA kunlariga to‘g‘ri kelmagani uchun legionerlar jalb qilinmaydi. 

Shuningdek, matbuot anjumanida sport tennisi, ot sporti, shaxmat, kibersport bo‘yicha tayyorgarlik masalalari ham tilga olindi.

Ko‘proq yangiliklar: