Prezident qarori bilan, Istiqbolli loyihalar milliy agentligiga kapital bozorini tartibga solish bo‘yicha vakolatlar berildi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligining bu boradagi quyidagi funksiya, vazifa va vakolatlari ILMAga o‘tadi:
- qimmatli qog‘ozlar savdosi tashkilotchilari va Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi faoliyatini tartibga solish;
- korporativ boshqaruvni rivojlantirish;
- sug‘urta tashkilotlari faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirish.
Agentlik bu sohalarda tartibga solish, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini amalga oshirish bo‘yicha vakolatli organ etib belgilandi.
Bundan tashqari, qaror bilan “Fond bozorining axborot resurs markazi” davlat unitar korxonasi va Korporativ axborot yagona portali (openinfo.uz) agentlikka beg‘araz o‘tkazilishi belgilandi.
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi haqida
Agentlikning ustuvor vazifasi kriptoaktivlar aylanmasi sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish, kriptoaktivlar aylanmasi sohasida investorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini ta’minlashdir.
2017 yilda Loyiha boshqaruvi milliy agentligi sifatida tashkil etilgan. 2022 yilda esa Istiqbolli loyihalar milliy agentligi nomi bilan qayta tashkil etildi.
2023 yil boshida Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov jurnalistlarning kripto-aktivlar investitsiya vositasi bo‘la oladimi degan savoliga javoban, bunga konservativ yondashishi va unga munosabati salbiy ekanini aytgandi. Istiqbolli loyihalar milliy agentligi unga raddiya berib, Markaziy bankning kripto-aktivlar aylanmasi sohasida vakolatli organ emasligi, shuning uchun bunday bayonot berishga haqli emasligini bildirgandi.