Rubl qadrsizlanishi oqibatlari: bu – Rossiyani unga hayotiy zarur bo‘lgan migrantlardan mahrum qilishi mumkin

Iqtisodiyot 17:16 / 03.09.2023 34418

Rublning yozgi qulashi Rossiyaga qo‘shni davlatlar iqtisodiyotiga ham ta’sir qildi. Misol uchun, 2016 yildan beri eng yuqori ko‘rsatkichga chiqqan tanga avgust oyi o‘rtalarida, rubldan keyin keskin pasayishni boshladi. Va hatto 15 avgust kuni Rossiya banki asosiy stavkani keskin oshirganidan keyin rubl o‘z qulashini biroz sekinlashtirganda ham, tanga yana bir necha kun qadrsizlanishda davom etdi. Qozog‘iston Milliy banki milliy valutaning qadrsizlanishini «rublning zaiflashishiga reaksiya» deya izohladi. «Meduza» nashri rubl kursi haqiqatan ham MDH mamlakatlari valutalarini o‘z bilan birga jarga tortishi va bu nima uchun mehnat migrantlarining Rossiyadan chiqib ketishiga olib kelishi mumkinligini o‘rgangan.

Umuman olganda, qanday omillar MDH mamlakatlari valuta kurslariga ta’sir qiladi?

MDH mamlakatlari iqtisodiyotlari ancha o‘xshash, ammo baribir bir-biridan farq qiladi. «Bu xuddi shokolad qutisiga o‘xshaydi: barcha ta’mlar har xil, ammo ularni nimadir birlashtiradi», deydi yirik moliyaviy kompaniya iqtisodchisi.

  • «Ayrim davlatlarda, masalan, Ozarboyjon va Turkmanistonda milliy valuta kursi tartibga solinadi. Bu ozarboyjon manati yoki turkman manatining almashinuv kurslari Markaziy banklar tomonidan qattiq belgilab qo‘yilgani va amalda deyarli o‘zgarmasligini anglatadi», deydi Freedom Finance Global tahlilchilari nashrga bergan sharhida.
  • Boshqa mamlakatlarda, xususan, O‘zbekiston va Tojikistonda davlat valuta kursini qisman tartibga soladi.
  • Armaniston va Qozog‘istonda valuta kursi Rossiyadagi kabi erkin qo‘yiladi (o‘zgaruvchan). Ya’ni milliy valutalar qiymati birinchi navbatda valuta bozoridagi talab va taklif bilan belgilanadi. Kursga bozor omillari ta’sir ko‘rsatadi: masalan, tanga kursi neft narxi o‘zgarishiga bog‘liq.

Rublning qo‘shni mamlakatlar valutalari bilan qanday bog‘liqligi bor?

Rossiya mintaqadagi eng yirik iqtisodiyotlardan biri hamda Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) mamlakatlari va MDHning ko‘plab davlatlari uchun asosiy savdo sherigi hisoblanadi. Bundan tashqari, rubl YeOII davlatlari o‘rtasidagi savdoda dominant valuta. YeOII doirasidagi xalqaro hisob-kitoblarning aksariyati rus valutasida amalga oshirildi: rublning eksport va importdagi ulushi 70 foizdan yuqori. Bu, xususan, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Armaniston va boshqa mamlakatlar kompaniyalari Rossiya bilan savdo qilish uchun rubl sotib olishini anglatadi.

Bundan tashqari, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Armanistondan ko‘plab migrantlar Rossiyaga ishlash uchun keladi. Ular rublda maosh oladi va tez-tez uyiga pul jo‘natib turadi. Bu ham MDH mamlakatlari iqtisodiyoti rublga bog‘liqligini kuchaytiradi. «Masalan, Tojikistonda mehnat migrantlari daromadidan keladigan moliyaviy oqim yalpi ichki mahsulotning uchdan bir qismini tashkil qiladi», deydi yirik moliyaviy kompaniya iqtisodchisi.

Rublni MDH davlatlariga nafaqat mehnat muhojirlari, balki Rossiyadan ketgan Rossiya Federatsiyasi fuqarolari ham olib keladi. Bu, ayniqsa, Ukrainada keng ko‘lamli urush boshlanganidan keyin ancha ko‘paydi va valuta kurslariga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi: milliy valutalar mustahkamlana boshladi, chunki qochib kelgan ruslar rublni sotdi, bozorda takliflarni ko‘paytirdi va mahalliy valutani sotib oldi. Natijada, 2022 yilda MDHning uch davlati valutasi birdaniga AQSh dollariga nisbatan eng mustahkam 10 ta valuta qatoriga kirdi, bular Armaniston drami, Gurjiston larisi va Tojikiston somoniysi.

Armaniston va Gurjistonda naqd pul oqimi davom etdi, shuning uchun dram va lari 2023 yilda ham mustahkamligicha qoldi. Ammo Tojikistonda vaziyat aksincha bo‘ldi. Somoniy 2023 yilda pasayishni boshladi: yil boshidan buyon AQSh dollarining tojik valutasiga nisbatan kursi 8 foizga o‘sib, 10,2 somoniydan 11 somoniyga yetdi. Bu ko‘p jihatdan somoniyning rublga kuchli qaramligi bilan izohlanadi. Natijada tojik valutasi ham rus valutasidan keyin arzonladi.

Bu bog‘liqlik haqiqatan ham MDH davlatlarining valuta kurslarini belgilaydigan darajada kuchlimi?

«Rubl, shubhasiz, ularga ta’sir qiladi, lekin to‘g‘ridan to‘g‘ri va barcha valutalarga emas. Rossiya bilan qattiq bog‘langan kichik iqtisodiyotga ega davlatlar rublga ko‘proq qaram. Boshqa mamlakatlar uchun rublning tebranishi shunchaki, valuta kursiga bilvosita ta’sir qiluvchi omillardan biri bo‘lib qoladi», deya tushuntiradi Freedom Finance Global tahlilchilari.

«Mehnat migrantlari daromadlarining katta oqimi tufayli Tojikiston milliy valutasining almashuv kursini rubl ta’siriga eng ko‘p qaram deb atash mumkin», deya ta’kidlaydi yirik moliyaviy kompaniya iqtisodchisi.

Rubl Armaniston va Gurjiston iqtisodlariga ham ta’sir ko‘rsatadi, ammo ushbu mamlakatlarning valuta kurslariga ta’sir qiluvchi boshqa muhim omillar ham bor. Masalan, arman drami uchun muhim omil — bu og‘ir paytlarda (inqiroz, pandemiya yoki urush paytida) arman diasporasidan Armanistonga pul oqimi kuchayishidir. Shuning uchun dram possovet hududidagi deyarli eng barqaror valutadir: so‘nggi besh yil ichida u rublga nisbatan 50 foizga mustahkamlandi.

Gurjiston uchun esa ko‘p sonli sayyohlarning doimiy oqimi muhim ahamiyatga ega. Bu va boshqa omillar hozircha rublning zaiflashuvini muvozanatlashtirmoqda.

Qozog‘istonda vaziyat ancha murakkab. Qozog‘iston ham Rossiya kabi yirik neft eksportchisi hisoblanadi. Shuning uchun Qozog‘iston tangasining kursi rubl kabi neft narxi o‘zgarishiga juda bog‘langan. «Rubl kursi va neft narxi — tangaga ta’sir ko‘rsatuvchi ikki asosiy omil», degan Qozog‘iston Milliy banki raisi o‘rinbosari Aliya Moldabekova 2019 yilda.

«Biroq, Qozog‘iston Rossiyaga undan sotib olganidan ko‘ra ko‘proq mahsulot eksport qiladi. Shuning uchun, ayrim vaziyatlarda tanga rubldan teskari impuls oladi», deydi yirik moliyaviy kompaniya iqtisodchisi.

«Masalan, 2022 yilda rublning kuchli qimmatlashishi tanga qadrsizlanishiga olib keldi va Qozog‘istonda narxlar o‘sishi tezlashishiga sabab bo‘ldi. Rublning tanga bilan aloqasi birinchi qarashda tuyuladigandek aniq emas», deya tushuntiradi ekspert.

«YeOII mamlakatlari valutalaridan Belarus rubli Rossiya rubliga eng ko‘p qaram», deydi Rossiya banki iqtisodchisi.

«Rossiya Belarusning eng yirik savdo sherigi va respublikaning ko‘plab fuqarolari Rossiyaga ishlash uchun keladi, shuning uchun haqiqatan ham qaramlik bor», deya bu fikrga qo‘shiladi yirik moliyaviy kompaniya iqtisodchisi.

«Biroq, bu holatda, milliy valutalar kurslari o‘rtasida qat’iy bog‘liqlik yo‘q, chunki Rossiya rubli kursi Rossiya Federatsiyasi Markaziy banki tomonidan tartibga solinmaydi, Belarus rubli kursiga esa ko‘pincha Belarus Milliy bankining aralashuvi ta’sir qiladi», deydi Freedom Finance Global tahlilchilari.

Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan keyin MDH mamlakatlari iqtisodiyotlari va rubl o‘rtasidagi aloqa mustahkamlandimi yoki zaiflashdi?

Mustahkamlandi. Gap shundaki, urush boshlanganidan keyin Rossiya G‘arb ishlab chiqaruvchilarining mahsulotlari importidan uzildi ammo, aslida, ko‘plab tovarlar Rossiya Federatsiyasiga parallel import orqali va ko‘pincha aynan MDH davlatlari orqali kirib kelishda davom etmoqda.

Qozog‘iston, Armaniston, Gurjiston va boshqalar Rossiya Federatsiyasiga sanksiyaga tushgan tovarlarni yetkazib beruvchi asosiy hablarga aylandi. Masalan, Rossiya va Armaniston o‘rtasidagi tovar aylanmasi yiliga qariyb ikki baravarga ko‘payib, 5 milliard dollarni, Rossiya bilan Qozog‘iston o‘rtasida 10 foizga oshib, 26 milliard dollarni, Rossiya va Gurjiston o‘rtasida 60 foizga oshib, 2,3 milliard dollarni tashkil etdi.

Bu milliy valutalarning rublga bog‘liqligining yana bir omilini — marjaga qaramlikni yaratdi. Ya’ni G‘arb tovarlarini qayta sotuvchilar oladigan rubldagi daromadga bog‘liqlik. Agar bu daromad butun milliy iqtisodiyot uning ta’sirini o‘zida his qiladigan darajada katta bo‘lsa, daromadning keyingi pasayishi mahalliy valutaga bosimni oshirishi mumkin va u rubldan keyin pastga qulaydi.

Zaif rubl Rossiyadan migrantlarning ketib qolishi bilan qanday bog‘liqlikka ega?

Rublning qulashi migrantlarning Rossiyaga ishlash uchun kelish istagiga ham bevosita ta’sir qiladi. Bu rubl kursining nafaqat dollar va yevroga, balki MDH davlatlari valutalariga nisbatan ham qadrsizlanishi sabab sodir bo‘ladi.

Masalan, 2023 yil boshidan beri rubl kursi qirg‘iz so‘miga nisbatan 22 foizga, o‘zbek so‘miga nisbatan 18 foizga, tojik somoniysiga nisbatan 15 foizga, arman drami va qozoq tangasiga nisbatan 25 foizga pasaygan.

Oqibatda rublda maosh oluvchi migrantlar o‘z daromadlarining bir qismini yo‘qotdi va Rossiyada ishlash ular uchun allaqachon unchalik jozibali ko‘rinmay qoldi.

«Valuta kursi qulashi tufayli migrantlarning uchdan bir qismi Rossiya Federatsiyasini tark etishi mumkin», deya prognoz qilgan Moskvadagi o‘zbek diasporasi vakili Bahrom Ismoilov.

«Rubl zaiflashishi ayniqsa, quruvchi migrantlar uchun Rossiya bozori jozibadorligini kamaytiradi», degan Quruvchilar milliy assotsiatsiyasi (Nostroy) rahbari Anton Glushkov. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozircha ishchilar o‘z joylarida qolmoqda, ammo vaziyat ikki-uch oydan so‘ng o‘zgarishi mumkin.

Moskva davlat universiteti va «Rossiya migrantlari federatsiyasi» jamoat tashkiloti o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, 2021 yilda Rossiya Federatsiyasidagi migrantlarning o‘rtacha maoshi 47,1 ming rublni tashkil qilgan. Qurilish va ta’mirlashda ishlaydigan migrantlar eng ko‘p daromad topgan — 54 ming rubl.

2022 yil oxirida Rossiya Federatsiyasidagi mehnat muhojirlari soni 2021 yildagiga nisbatan 33 foizga oshgan (aniq raqamlarda o‘sish 847 ming kishini tashkil etgan).

Bunday kuchli o‘sish ikki omil bilan bog‘liq.

  • Birinchidan, pandemiyadan so‘ng Rossiyadagi migrantlar soni deyarli to‘rt baravarga kamaydi va faollik faqatgina 2021 yildan tiklana boshladi.
  • Ikkinchidan, mustahkam rubl ham ta’sir o‘tkazdi. 2022 yil eksportning katta hajmi va importning qisqarishi tufayli rubl jiddiy mustahkamlandi: yozda Moskva birjasida dollar kursi 50 rublgacha tushdi, faqat yil oxiriga kelib, Amerika valutasi yana 70 rublga yaqinlashdi.

«Rossiyada ishlayotgan migrantlar haqiqatan ham rubl qadrsizlanishi tufayli mamlakatdan chiqib ketishi mumkin», deydi Rossiya banklaridan birining iqtisodchisi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu Rossiya Federatsiyasidagi shusiz ham og‘ir bo‘lgan mehnat resurslari muammosini yanada kuchaytiradi.

«Rubl qadrsizlanishi migrantlarning Rossiya Federatsiyasiga kelishini to‘xtatuvchi yagona va hatto eng muhim omil emas. Rossiya Ukraina bilan urush holatida va ko‘plab migrantlar, ular ham frontga chaqirilish mumkinligiga haqli ravishda ishonadi», deydi yirik moliyaviy kompaniya iqtisodchisi. Albatta, boshqa davlat fuqarosini urushga safarbar qilish ancha qiyin, ammo xavf bor va migrantlar buni hisobga oladi.

Migrantlar soni qisqarishi Rossiya Federatsiyasi uchun yomonmi?

Agar qisqa muddatga bo‘lsa, ha. Ishchi kuchi tanqisligi iqtisodiyot uchun muammoga aylanmoqda va migrantlar ketishi vaziyatni yanada yomonlashtiradi.

Rossiyada mehnatga layoqatli aholi soni urushga qarshi insonlarning mamlakatidan qochib ketishi va yuz minglab yoshlarning frontga chaqirilishi fonida qisqarishda davom etmoqda. 2022 yili 35 yoshgacha bo‘lgan ishchilar soni 1,3 million kishiga kamaydi. Bu mehnat bozori kuzatuvlari tarixidagi eng katta pasayishdir (agar 2020 yilgi pandemiya davri hisobga olinmasa).

2023 yil iyun oyida ishsizlik yana bir bor rekord darajada kamayib, 3,1 foizga tushdi. Gaydar instituti ma’lumotlariga ko‘ra, aprel oyida Rossiya kompaniyalarning 35 foizi kadrlar yetishmovchiligi muammosini boshdan kechirgan, iyul oyida esa bu miqdor 42 foizga yetgan.

Migrantlarning katta oqimiga qaramay, 2022 yilda ularning soni pandemiyadan oldingi davr, 2019 yilga nisbatan 15,3 foizga kamligicha qoldi. Daromadlar pasayishi tufayli yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan qaytib ketish vaziyatni yanada og‘irlashtirishi mumkin.

Yirik moliyaviy firma iqtisodchisi aytishicha, migrantlarda tanlash imkoniyati bor, ular ancha tez rivojlanayotgan Turkiya, shuningdek, Janubiy Koreyaga ketishi mumkin. Mutaxassis fikricha, Rossiya migrantlar uchun raqobatlashishiga va ularning maoshini oshirishiga to‘g‘ri keladi. Shu bilan birga, migrantlar harbiy xavflardan himoyalanadimi yoki yo‘qmi, bu ham aniq emas.

Ko‘proq yangiliklar: