Britaniya qirolining Londondagi qarorgohi ta’mirlash ishlari tufayli uch yilga yopiladi

Jahon 18:15 1042

Britaniya monarxlarining Londondagi qarorgohi hisoblanuvchi Bukingem saroyi rekonstruksiya ishlari sabab joriy yilning dekabr oyidan boshlab 2027 yilgacha yopiladi, deb xabar beradi The Times gazetasi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, saroyni ta’mirlash ishlariga qariyb 462 million dollar sarflanadi. Rekonstruksiya davomida davlat tadbirlari Vindzor saroyida o‘tkazib turiladi. Ammo Charlz III saroyning shimoliy qanotidagi xonasini o‘z mablag‘laridan ta’mirlashga qaror qilgan. Qolgan mablag‘lar davlat g‘aznasidan ajratiladi

Ta’kidlanishicha, ta’mirlash ishlaridan keyin Buyuk Britaniya qiroli Charlz III saroyga ko‘chib o‘tmaydi, balki Londondagi Klarens-haus qarorgohida qoladi.

The Times’ning eslatishicha, Britaniya ommaviy axborot vositalari 2017 yildayoq Charlz III Bukingem saroyidan qirollik qarorgohi sifatidan voz kechishni rejalashtirgani haqida yozgan. Monarxga toj kiydirilganidan keyin saroy Charlz III qarorgohi bo‘lib qolishi aytilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yil may oyida Vestminster abbatligida Charlz III ga Buyuk Britaniya va Hamdo‘stlikning boshqa davlatlari qiroli sifatida toj kiydirish marosimi bo‘lib o‘tgan. Natijada, 2022 yil 8 sentabrda rasman taxtga o‘tirgan Charlz III davlat boshlig‘iga aylangan hamda mamlakat qonunlarini va o‘zi oliy hukmdori sanaluvchi Anglikan cherkovini himoya qilishga qasamyod keltirgan.

Ko‘proq yangiliklar: