Rossiya armiyasi adlov yo‘li bilan yuzlab yamanliklarni Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etishga yolladi, deb xabar beradi Financial Times.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, ularga Rossiyada yuqori maoshli ish va mamlakat fuqaroligi va’da qilingan. Yamanliklar RFga kelganida, ular Mudofaa vazirligi bilan shartnomalar imzolashga majburlangan va urushga yuborilgan.
FT’ning hisoblashicha, yamanlik askarlarni yollash joriy yilning iyulida boshlangan. Jurnalistlar 3 iyul sanasi qo‘yilgan shartnomalardan biri bilan tanishib chiqqan bo‘lib, hujjat Nijniy Novgoroddagi shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatchilarni saralash markazi rahbari tomonidan imzolangan.
Urushga jalb etilgan Nabil ismli shaxsning aytishicha, sentabr oyida 200 nafar yamanlik Moskvaga kelib, frontga yuborilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, guruhdagilarning ayrimlari tajribali harbiy hisoblanadi, ammo ko‘pchiligi hech qanday tayyorgarlikdan o‘tmagan. Nabilning ta’kidlashicha, uni Rossiyaga «xavfsizlik» va «muhandislik ishi» sohasidagi serdaromad ish borligi bahonasida og‘dirib olishgan. U Rossiyada pul ishlab, o‘qishini tamomlamoqchi bo‘lgan.
FT suhbatdoshlaridan yana biri — Abdullaning so‘zlariga ko‘ra, unga dron ishlab chiqarish korxonasida ish borligini aytishib, bir martalik 10 ming dollar va har oy 2 ming dollardan maosh va’da qilishgan. 18 sentabrda Moskvaga kelganida boshqa yamanliklar bilan Rossiya poytaxtidan besh soat uzoqlikdagi qandaydir obektga olib ketishgan. Ular shartnoma imzolashdan bosh tortganida, o‘sha yerda bo‘lgan erkaklardan biri ularning boshi uzra pistoletdan o‘q uzgan.
Abdullaning aytishicha, shundan keyin ularni Ukraina bilan chegaraga olib ketishgan, oddiy harbiy tayyorgarlik tashkil etilib, Rostov yaqinidagi harbiy bazaga yuborishgan. Abdulla o‘zi bilan birga kelganlarning aksariyati Ukrainada halok bo‘lganini ta’kidladi.
Avvalroq aldov yo‘li orqali Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzishga majburlanib, Ukrainadagi urushga yuborilgan 45 nafar Hindiston fuqarosi RF armiyasidan bo‘shatilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Iyul oyida Vladimir Putin Rossiya Ukrainadagi urushga jalb etilgan barcha hindistonliklarni armiyadan bo‘shatib yuborishga va’da bergandi. Bu Hindiston bosh vaziri Narendra Modi Moskvaga tashrifi davomida o‘rtaga qo‘ygan talabidan keyin sodir bo‘ldi. «Sizning o‘z g‘oyalaringiz bor, juda energiyaga boy insonsiz. Hindiston va hind xalqi manfaatlari uchun natijaga erishishni bilasiz», — degan edi Putin Modi bilan norasmiy uchrashuvda.
Hindiston hukumati 2024 yil boshidayoq Ukrainadagi urushga jalb etilgan hindlar bo‘yicha Moskvaga murojaat qilgandi. Xususan, Hindiston Tashqi ishlar vazirligi RF Mudofaa vazirligidan hindlarning shartnomalari tugamasidan armiyani tark etishlariga ruxsat berishini so‘ragan.