Bank kartasidan o‘g‘riliklar uchun javobgarlik belgilanadi 

Jamiyat 21:36 / 28.08.2023 20544

Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Zuhra Shodiyeva xabar berdi. 

— Bank hisobidagi yoki kartasidagi pullarni o‘g‘irlash kabi holatlarga nisbatan javobgarlik belgilanmagani bunday qilmishlar takror sodir etilishiga sharoit yaratmoqda, - dedi deputat. — Shuningdek, axborotni nooshkora to‘plashga mo‘ljallangan maxsus vositalarning zamonaviy turlari mamlakatimizga erkin tarzda kirib kelishi va savdosi jadallashib, ijtimoiy tarmoqlar orqali keng targ‘ib qilinayotganligi sababli iste’molchilar qamrovi kengayib bormoqda. Ushbu maxsus vositalardan foydalanishning qonuniy tartibi belgilanmagani g‘arazli niyatdagi shaxslar tomonidan sir hisoblanadigan ma’lumotlarni qonunga xilof ravishda to‘plash hamda ulardan jinoiy maqsadlarda foydalanishga sharoit yaratmoqda. 

Deputat maxsus vositalar nima ekaniga aniqlik kiritmadi. 

Qayd qilinishicha, Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqidagi qonun loyihasi ishlab chiqiladi va yuqoridagi kabi holatlar bilan bog‘liq ma’muriy va jinoiy javobgarlik choralari belgilanadi. 

Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi kelgusida axborot texnologiyalari yordamida sodir etilgan jinoyatlarni fosh etishga huquqiy asos yaratishi aytilmoqda. 

Bundan tashqari, kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilik hujjatlarini buzish va qonunga xilof ravishda mayningni amalga oshirish uchun javobgarlik belgilanishi mumkin. 

Ko‘proq yangiliklar: