Tinimsiz mehnat va ortga chekinmaslik keltirgan omad. Milliy brend asoschisining murakkab hayot yo‘li haqida 

Jamiyat 22:04 / 25.08.2023 48754

“Dehqon”, “domla”, “daydi”, “palapartish”, “bozorboy”... O‘zbekistonlik tadbirkor Aleksey Manshayev o‘zi ishlab chiqarayotgan sumka, hamyonlarni mana shu nomlar bilan atagan. U o‘zbek mahsulotlarini dunyoga o‘zbekcha nomlar bilan mashhur qilishni istaydi. Qahramonimiz mardikorlikdan charm sanoatiga qanday kelib qolgani, hozirda 300 xil modelda mahsulot chiqarayotgan fabrikasining faoliyati – umuman o‘zi bilan bog‘liq qiziq voqealar haqida gapirib berdi. 

Aleksey Manshayev 1978 yilda Toshkentda tavallud topgan. U 26 yildan beri charm mahsulotidan sumka, hamyon, ayollar uchun turli aksessuarlar, qolaversa, uy uchun kerakli ashyolar, turli matolardan kiyim-kechaklar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. U chiqarayotgan barcha mahsulotlar “Kanishka” brendi ostida sotiladi. 

“Kanishka Fur” MChJ bosh direktori Manshayev salkam 30 yildan beri biznes maydonida, ammo shunga qaramay, u o‘zini tadbirkor deb bilmaydi. Asosiy faoliyatini ijod, dizaynerlik bilan bog‘laydi. 

“O‘zbek tilida birinchi bo‘lib so‘kishni, keyin qizlar bilan gaplashishni o‘rgangandim” 

Yoshligimda mardikor bozorga chiqardim. Mardikor bozorda bir bola bilan tanishdim. Menga ish taklif qildi, men u ishning nimaligini ham bilmasdim. “Shu ishni qilasan, shuncha oylik olasan”, – deb ishga chaqirdi. Xom terini tortib, mix bilan qoqar edim. Juda og‘ir ish bo‘lardi. O‘sha vaqtlarda mo‘yna, qorako‘l terilarni bichib, moda bo‘lgani uchun shubalar qilar edik, Rossiyaga jo‘natardik. Aynan o‘sha yillarda tikish, bichish, terilarni ajratishni – umuman shu sohada ishlash texnologiyasini o‘rgandim. Keyin esa ishxonamiz yopildi, to‘satdan ishsiz qolib ketdim. Shundan so‘ng hamma ishni o‘zim qaytadan boshladim, noldan emas, 3-4 ta tikuv mashina, 4 nafar xodim bor edi. Shular bilan ishimizni boshqatdan boshladik.

Ishxonamiz Sebzor-eski shaharda joylashgandi, o‘sha yerda o‘zbek tilini ham o‘rganganman. O‘zi aslida o‘zbek tilini bilmasdim, rus mahallada katta bo‘lganman, rus maktabda o‘qiganman. Ishxonaga kelgach, qarasam, hech kim rus tilini bilmaydi. O‘zbek tilida birinchi bo‘lib so‘kishni, keyin qizlar bilan gaplashishni o‘rgangandim. Keyin sekin-sekin qolgan so‘zlarni o‘rgandim. 3-4 oydan so‘ng o‘zbek tilida yaxshi gapirishni boshladim.

Faoliyatimizning boshida “oborod”larimiz uncha ham katta bo‘lmasdi, men, 2 nafar bola va 2 nafar tikuvchimiz bo‘lardi. Men o‘zim bichardim, 2 bola ishlardi, ichkarida yana tikuvchilarimiz tikishardi. Biz butun teri olmasdik, unga pulimiz bo‘lmas edi. Kichkina qismlarni, qolib ketgan “otxod”larni kilogrammlab sotib olib, o‘zim dizaynerlikka qiziqqanim uchun nimadir o‘ylab, mahsulot ishlab chiqarardik. Teridan qolgan qoldiqlarni kilogrammi 1 dollardan hisoblab chiqardim, keyin undan nimadir yasab, taxminan 100 dollarga sotardim. Miyani ishlatib, ko‘proq foydali ish qilar edim. Bizga qaysidir ma’noda arzon ham tushar edi. Masalan, mahsulotlarimiz 50 dollardan tushsa, 100 dollarga sotar edik. Faqat ko‘p mehnat ketardi. O‘zbekistonda hech kim bu ishlarni qilmasdi, baribir sifatli qilishmasdi. Men esa buni o‘ylab, yangi texnologiyalarini topib bajarardim. 

“Menda hech qanday iqtidor bo‘lmagan, shunchaki pul topish, ota-onamni boqish uchun harakat qilar edim” 

Ishxonada ham yotib qolar edim. Bir kun uyga borar edim, keyingi kuni esa yo‘q. Teri bichadigan stolimiz ustiga terini tashlab, uning ustiga yotib, ustimga ham terini tashlab uxlar edim. Sovuq vaqtida hamma suvaraklar sovuqdan qochib, issiqqa, mening ichimga kirib ketardi. Ertalab terini ochib qarab, suvaraklarni haydab, ovqatlanib yana ishlashga ketardim. Boshqa yigitlar kuniga 2 ta po‘stin uchun teri bichishsa, men 3 ta bichardim. Ko‘proq pul topaman deb kechasi bilan ishlar edim. Keyinchalik qo‘shimcha pul topgach, alohida uyga chiqib ketdim. Alohida uyda ijarada yashardim, o‘sha yerda ham butun xonaning yarmi teri bo‘lib yotardi. Ishdan uyga qaytardim, televizorga qarab terini kesib, nimadirlar qilar edim. Kechki 1-2 gacha qancha kuch bo‘lsa, terilarni bichib, ertalab borib shularni tiktirar edim. Ko‘p ishlar edim, menda hech qanday iqtidor bo‘lmagan, shunchaki pul topish, ota-onamni boqish uchun harakat qilar edim. Haliyam yuguraman, ishxonaga kelaman, eski kiyimlarimni kiyib, o‘zim teri ajrataman, teri tushiraman, bozorga tushaman, bozordan material sotib olaman, avtomobil tomiga ortaman. Hamma katta, qimmat mashinada shuncha ko‘p narsa olib ketishimga hayron bo‘lib qaraydi, “bunday mashinada shuncha narsa olib ketish uyat, sharmanda”, – deydi.

Keyin ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yib olgach, taxminan 5-10 yillardan keyin institutga kirdim. O‘zimning hunarimga yaqin oliygohni qidirdim, Toshkent yengil-sanoat institutiga yoki Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga topshirmoqchi bo‘ldim, lekin hammasiga kirish qimmat edi. Bittasiga 10 ming dollar, ikkinchisiga 15 ming dollar so‘raydi. O‘sha vaqtda menda uncha pul bo‘lmasdi. So‘ng qarasak, yangi dizaynerlik instituti ochildi. Rasm chizishni ozmuncha bilardim, keyin 30 yoshlarimda shu institutga sirtqi ta’limiga kirdim. O‘qish vaqtida juda ko‘p xorij davlatlariga: Germaniya, AQSh, Xitoyga borganman. 

“Majbur bo‘lganimdan tadbirkor bo‘lib ketganman, lekin o‘zim dizaynerman” 

Ishxonada hammamiz bitta katta oilamiz. Xodimlarni tanlab-tanlab olamiz. 10-20 yildan ortiq ish tajribasiga ega odamlar ko‘p. Hammasi bittadan ko‘payib borgan, aytyapman-ku, agar men haqiqiy tadbirkor bo‘lganimda bizda 1,5 ming nafar odam ishlardi. Mening xarakterim umuman boshqacha, o‘zim dizaynga qiziqaman, nimadir yangi narsani yaratishga qiziqaman. Majbur bo‘lganimdan tadbirkor bo‘lib ketganman, lekin o‘zim dizaynerman. Yoshligimdan san’atga qiziqardim, hamma rassomlarni taniyman. O‘zi aslida maktabni tugatgach, falsafa-psixologiya fakulteti bor oliygohga kirmoqchi bo‘lganman. Raqobat kuchli bo‘lgani, pulim bo‘lmagani, kambag‘al bo‘lganim sabab repetitorga pul yo‘q edi, keyin u OTMga ham kira olmadim.

Biz ko‘proq tabiiy charmdan sumka, hamyon, kamar, g‘ilof – umuman 300 xil turdagi mahsulotlarni ishlab chiqaramiz. Materiallardan ham futbolka, shim chiqaramiz, qolaversa, uy uchun gilam, yostiqlarni ham qilamiz. Tushimda ham fikr kelsa, ishxonaga kelib, o‘shani narsani qilishga urinamiz. Miyamga nima kelsa, o‘shani sinab ko‘raman. Dizaynerlik, hunarimning nimasi yoqadi? Katta yoshda bo‘lishimga qaramay, yosh boladek istagan narsamni yasasam bo‘ladi. Qo‘limga qalam, ruchka, qog‘ozni olib, ozgina rasm chizsam bo‘ldi, bitta sumka, uning ushlagichini chizaman, yigitlarga beraman, texnologiya bilan uni ishlab chiqaramiz. Yosh boladek o‘ynab, pul topsa bo‘ladi, zo‘r-ku.

Biz sumka, hamyonlarimizning hammasiga o‘zbekcha nom beramiz. Chunki ishchilarning hammasi o‘zbeklar, o‘zbek tilida so‘zlashadi. Ularga osonroq bo‘lsin deb o‘zbekcha beramiz. Biz chet el so‘zlariga qiziqmaymiz, aksincha o‘zimizning so‘zlarimizni mashhur qilishga urinamiz. Masalan, “dehqon” sumkamiz bor, bu sumka odamlarning paxta terib yurgan xaltalariga o‘xshaydi. “Domla”, “daydi”, “rais”, “qalqon”, “cho‘pon”, “to‘qim”, “bozorboy” nomli sumkalarimiz ham bor.  

Intervyuning to‘liq qismini yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin. 

Dilshoda Shomirzayeva suhbatlashdi.
Tasvirchilar: Abdusalim Abduvohidov, Boymirza Halilov,
Montaj ustasi: Abdusalim Abduvohidov.

Ko‘proq yangiliklar: