Botlar kim yoki nima: ular ijtimoiy tarmoqlarda qanday ish olib borishadi?

Jamiyat 21:50 / 23.08.2023 35905

Eng oddiy misollar: Telegramdagi chat-bot sizga kerakli ma’lumotni topib beradi; Google’ning qidiruvchi roboti saytlarni kuzatadi — shu sababli biz o‘z so‘rovimizga ko‘ra kerakli sahifani topa olamiz.

Shunday fursatlar ham bo‘ladiki, botlardan nojo‘ya maqsadlarda ham foydalaniladi va bu albatta siyosat bilan bog‘liq bo‘lmasligi ham mumkin. Aytaylik, obunachalarni yig‘ish, layklar va ijtimoiy tarmoqlardagi ko‘rishlar sonini ko‘paytirish, saytga trafikni oshirish — bular asosan botlarning ishi.

Masalan, reklamadan pul ishlash uchun Twitch o‘yin strimingida firibgarlar virtual tomoshabinlar, hattoki chatning virtual a’zolarini ham yaratishadi. Ba’zan bunaqa sxemalarda qo‘l bilan boshqariluvchi botlardan foydalaniladi. Masalan, o‘nlab arzon qurilmalariga Instagram o‘rnatilgan odamni tasavvur qiling. U buyurtmaga ko‘ra layklar sonini oshirib beradi.

Shu sababli bot-inson va haqiqiy robot o‘rtasidagi farq juda kam. Agar biror harakat uchun odamlarni yollash kerak bo‘lsa, hozir buni osongina amalga oshirish mumkin. Maosh evaziga yollanma odamlarni e’tiroz bildirayotgan olomonga aylantirish yoki kimnidir maqtash uchun yollashda hattoki internet ham shartmas. Shuning uchun astroturfing bo‘yicha mutaxassislar zamonaviy bot fermalarining ajdodi deb sanaladi.

«Astroturfing» iborasi ilk marta 1985 yilda paydo bo‘lgan. U AstroTurf deb nomlanuvchi sun’iy o‘t ishlab chiqaruvchi firma nomiga qo‘yilgan. Uning bosh g‘oyasi pastki qatlamdagi (inglizchada bu grassroots, ya’ni «o‘tning ildizi» deb ataladi) jamoatchilik tashabbusining taassurotlarini sun’iy yaratib, siyosatchilarga ta’sir o‘tkazish bo‘lgan. Astroturfing jamoatchilik bosimi tushunchasi bilan o‘ynashishi sababli u demokratik davlatlarda keng tarqalgan; qayerlardadir u taqiqlangan va firibgarlik sxemasi sanaladi.

Internetgacha bo‘lgan davrda astroturfing sun’iy yaratilgan assotsiatsiyalar, «aktivistlar»ning murojaatlari, matbuotda pul evaziga chop etiladigan materiallarga asoslangan. Hozir ular bot fermalarning feyk akkauntlar, bloglar, kelishib olib sharh yozish kabi butun vositalaridan foydalanishmoqda.

Diktaturalar trollar armiyasi va bot fermalaridan faol foydalanishadi. Bu yerlarda pulga ishlovchi komment yozuvchilar fosh etilgan taqdirda ham saylov jarayoniga ta’sir o‘tkazishi xavfi juda kam. Avtokratlar jamoatchilik muhabbatidan muxolifatga qarshi qurol sifatida ham foydalanishadi.

Internetda botlar yordamida jamoatchilik fikri shakllantirilishiga qachondan boshlab kirishilgani aniq emas. «Bot» iborasining o‘zini ham insonlarga nisbatan darhol qo‘llay boshlashmagan.

Bu ishga eng birinchi bo‘lib Xitoy qo‘l urgan, deb taxmin qilinadi. U yerda hukumatparast trollar nolinchi yillar o‘rtalarida sezilarli tarzda urchiy boshlagan. G‘arbda ularni «50 sentlik partiya» deb atashgan — har bir kommenti uchun to‘lanadigan yarim yuan tufayli. Aytishlaricha, hozir «partiya» a’zolarining soni 300 mingdan oshgan va ulardan bir qismi ishi uchun pul olmasligini ta’kidlaydi.

Boshqa tomondan, nahotki metodichka bo‘yicha ishlovchi insonlar jamoatchilik fikriga ta’sir o‘tkaza olsa, degan savol tug‘iladi.

Botlar kimnidir nimagadir ishontira oladimi o‘zi?

Ishontirganda qandoq! Yaqqol misol — internet do‘konlarda sotiladigan mahsulotlar ostidagi feyk sharhlar. Jahon iqtisodiy forumining ancha konservativ bahosiga ko‘ra, 2021 yilda mana shunday yolg‘ondakam sharhlar tufayli butun dunyodagi iste’molchilar 152 milliard dollarlik tovarlar va xizmatlarni xarid qilishgan.

Siyosiy maqsadlarga erishishda ham ahvol shunaqa. 2017 yilda Oksford universiteti jahonning 28 davlatini qamrab olgan kiberqo‘shinlar va trollarning auditini chop etgan. Tadqiqotchilar aniqlashicha, ijtimoiy media bilan manipulyatsiya qilish — keng tarqalgan siyosiy amaliyot bo‘lib, uni qo‘llayotgan rejimga bog‘liq.

Avtokratiyalar ko‘pincha o‘z aholisiga yo‘naltirilgan kampaniyalarni o‘tkazishgan. Juda kam qismi xorijliklar bilan ishlashgan. Demokratlar esa, aksincha, ijtimoiy tarmoqdagi kampaniyalardan xorijliklarga ta’sir o‘tkazish uchun foydalanishgan. O‘z fuqarolarini hukumat emas, siyosiy partiyalar «allalashgan».

Ishonch-e’tiqod haqida gapirilsa, Filippin bu borada etalon misol bo‘la oladi. Aynan shu yerda inflyuenserlar va trollar armiyasi 2016 yilda avtoritar populist Rodrigo Dutertega prezidentlik saylovida g‘alaba qozonishga ko‘maklashib yuborgan. Internetdagi kommentchilarni yollaganini uning o‘zi ham rad etmagan.

Koshki hammasi saylov bilan tugagan bo‘lsa. Ingliz tilida so‘zlashuvchi Filippin yuzlab bot fermalarining vataniga aylangan. Oradan bir necha yil o‘tib, ular mamlakat tashqarisidagi har qanday buyurtmachiga o‘z xizmatlarini taklif qila boshlashgan. Shu sababli Facebook kompaniyasining saylovga nisbatan ommaviy siyosati uchun mas’ul vakili aynan Filippinni «Global dezinformatsiya epidemiyasidagi nolinchi patsiyent» deb atagan.

Troll va botlardan siyosatchini hokimiyat tepasiga keltirish uchun kimnidir nimagadir ishontirish doim ham talab qilinmaydi. Ba’zan shunchaki chalkashtirish, aldash yoki yo‘ldan urish kifoya.

Nolinchi yillarda Rossiyada propaganda feyklarini tarqatish uchun «yolg‘on brandspoyti» sxemasidan foydalanilgan. Uning mohiyati ishonchli ma’lumotni yashirish emas, haqiqatni ataylab izchil bo‘lmagan va o‘taketgan va haqiqatdan yiroq yolg‘on axborotlar ummonida cho‘ktirib yuborishdan iborat bo‘lgan. Informatsion xaos tufayli faktlar, mish-mishlar, uydirma va g‘irt yolg‘onni farqlab bo‘lmay qoladi — barcha versiyalar qanaqadir «loyqalangan» va kimdir tomonidan «puli to‘langan»dek ko‘rinish oladi.

Botlar — ana shunday «loyqa» versiyalarni yetkazish uchun eng yaxshi vosita.

Balkim ular bot emasdir?

Bo‘lishi mumkin. Foydalanuvchi o‘zi bilan bahslashayotgan insonning motivlariga hech qachon amin bo‘la olmaydi — ko‘pincha unga g‘azabli va g‘arazli maqsadni yopishtiradi. Bu chindan ham samimiy nuqtayi nazar ekanligini tekshirish ko‘pincha imkonsiz. Ayniqsa, odam o‘z hamfikrlari bilan ko‘p suhbatlashgan bo‘lsa.

Ijtimoiy tarmoqlarda bizning o‘zimiz, shuningdek, algoritmlar yordamida lentamizni shunday qurib olamizki, har birimiz o‘z informatsion pufagimiz ichida qolib ketamiz. Qachonki bizning ruxsat etilgan pufagimizdan tashqaridagi fikrga duch kelib qolsak — bu shokka sabab bo‘ladi. Bunday fikr bildirayotganlarni bot (ya’ni, aslida u bunday fikrda emas, buyurtmani bajaryapti) deb hisoblash — bu bizning himoya reaksiyamiz. Axir odam o‘zini «normal» deb hisoblashni va atrofidagi insonlar ham «normal» ekaniga ishonishni istaydi.

Pandemiya va ayniqsa urush ko‘plab hollarda fikrni qo‘llamaydigan insonlar bilan muloqotni imkonsiz darajaga chiqarib qo‘ydi.

Boshqacha fikrdagi inson bilan to‘qnash kelishda his qilinadigan shok — hayotimizga ijtimoiy tarmoqlar yoki Ukrainadagi urush olib kirgan qandaydir narsa emas. Bunga o‘xshash narsa internet hali ommalashmagan, kichik hamjamiyatlar hamfikrlardan iborat paytlarda ham ro‘y bergan.

Rossiyadagi veb-brigadalar to‘g‘risidagi dastlabki tadqiqot «Katta og‘aning virtual ko‘zi» 2003 yilda chiqqan. Unda ta’kidlanishicha, 1998-1999 yillardagi forumlarda Rossiyada demokratik va liberal e’tiqoddagi insonlar ko‘pchilikni tashkil etgan. Nolinchi yillar boshidan barcha chiqishlarning 60–80 foizini «totalitar fikrlar» tashkil eta boshlagan, bu botlar brigadasi harakatga kelganidan dalolat, deyilardi.

Hozir, oradan 20 yil o‘tgach Rossiya internetining dastlabki foydalanuvchilari veb-brigadalar emas informatsion shokka ro‘para kelganining ehtimoli kattaligi aytilmoqda. 90-yillarda Rossiyada oddiy internet foydalanuvchisi oddiy rossiyalikdan keskin farq qilardi: u yoshroq, boyroq, bilimliroq, o‘sha payt uchun ekzotik hisoblangan kasb egasi (tizim administratori yoki piarchi) bo‘lgan. U albatta liberal yoki g‘arbparast bo‘lmagan bo‘lishi mumkin — biroq buning ehtimoli mamlakat bo‘yicha o‘rtacha olinganidan yuqoriroq bo‘lgan.

Ayni paytda qandaydir alohida «internet foydalanuvchilari» yo‘q, xuddi alohida bir «kiyim kiyuvchilar» yo‘qligi singari. Bu 2003–2005 yillarda boshlangan, keng polosali internet avval uylarda, nolinchi yillar oxirlarida esa telefonlarda paydo bo‘la boshlagach. Endilikda oddiy rossiyalik internetda ham oddiy rossiyalik.

Kreml o‘shanda televideniyeni jilovlashga ulgurgan edi. Keyin ma’lum bo‘ldiki, uning yonida butunlay boshqa, nazorat ostida bo‘lmagan axborot makoni o‘sib chiqqan. Tez orada u yerdagi xalq soni televizor qarshisidagi odamlar soni bilan tenglashdi. 

«Ichkaridan» bu qandaydir tajovuzdek ko‘rinardi. Aynan o‘sha paytlarda «Odam ishlayapti, uni tushunish kerak», degan mem paydo bo‘lgan edi, ya’ni u bu gaplarni chin ko‘nglidan emas, pul olib yozyapti degan ma’noda. Hozir shu emotsiya lo‘ndagina ko‘rinishga ega: «Axir bu bot-ku?!»

O‘shanda ham, hozir ham bu ta’kidlar asosga ega emas, deb aytib bo‘lmaydi. Siyosatshunos Stanislav Belkovskiy kam sonli «maxsus o‘qitilgan brigada» 2000–2001 yillardayoq paydo bo‘lganini aytgan edi. Lekin u bu gapni 2009 yilda — kremplparast botlar va internet-OAV oddiy holga aylangan paytda gapirgan.

2005 yildan boshlab ular yordamida Rossiya hukumati Ukrainadagi inqilobdan so‘ng «zarg‘aldoq tahdid»ga qarshi turishgan. Ularga dastlabki trollar fabrikasi va hukumatparast saytlarni qurishda 90-yillar oxirlaridagi internet-tadbirkorlar yordam berishgan.

2023 yilga kelib pudratchilarning texnik jihozlanganligi va tarkibi o‘zgardi. Biroq «axir u bot-ku?!» degan himoya reaksiyasi hamon o‘sha-o‘sha. 

Ko‘proq yangiliklar: