2025 yilgacha Gazli gaz omborining hajmi 10 mlrd kubga yetkaziladi

Iqtisodiyot 16:27 / 23.08.2023 21259

Rossiyaning “Forus” kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Gasli Gaz Storage” MChJ QK Gazli gazni yerostida saqlash inshootining quvvatini uch barobardan ko‘proqqa – 10 mlrd kubga yetkazish ustida ish olib borilmoqda. Bu haqda gaz ombori smena boshlig‘i Elbek Qandimov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

“Loyihaning birinchi bosqichida gazni yerosti gaz inshootida saqlash 3 mlrd kubdan 6 mlrd kubgacha oshirilib, ikkinchi bosqichda 6 mlrd kubdan 10 mlrd kubga yetkaziladi. Bugungi kunda “GKS 6A” kompressor stansiyasining qurilish ishlari to‘liq yakunlanib, ishga tushirish ishlari olib borilmoqda. Siemens kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan ikkita SGT-750 gaz turbinasi o‘rnatilgan”, - deydi Elbek Qandimov.

Telekanal reportajida aytilishicha, Gazli gazni yerostida saqlash inshootining hajmini 10 mlrd kub metrgacha yetkazish hamda Gazli konining gaz va neft uyumlarida qo‘shimcha geologiya qidirish ishlarini bajarish, ularni yakunlovchi bosqichda ishlatish loyihasi oktyabr oyida to‘liq quvvatda ishlay boshlaydi.

“Uzoq vaqt mobaynida ekpluatatsiya qilib kelinayotgan “Gazli” konini qayta ishlash va 6 ta gorizontdan gaz qazib olish, bitta gorizontdan neft qazib olishni ko‘paytirish nazarda tutilgan”, - deyiladi lavhada.

Qo‘shimcha qilinishicha, korxonada 2025 yilga qadar ikkinchi bosqich loyihasi ishga tushiriladi.

Loyihaning umumiy qiymati – 557,4 mln dollar. Shundan korxonaning to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya miqdori 268,7 mln dollarga teng, yillik daromad 580 mlrd so‘m, budjetga soliq tushumlari 60 mlrd so‘mni tashkil qiladi. Umumiy ishlab chiqarish quvvati sutkasiga o‘rtacha 28-30 mln kub metr.

Gazli gaz ombori hajmini kengaytirish loyihasi

Gazli gazni yerostida saqlash inshootining hajmini 10 mlrd kub metrgacha oshirish prezidentning 2022 yil 28 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida nazarda tutilgan.

2020-2025 yillarga mo‘ljallangan loyiha doirasida nafaqat inshoot hajmini oshirish, balki Gazli konining gaz va neft uyumlarida qo‘shimcha geologiya-qidiruv ishlarini bajarish va ularni yakunlovchi bosqichda ishlatish loyihasini amalga oshirish ham rejalashtirilgan, unga ko‘ra:

• gazni yerosti gaz inshootida saqlash — 10 mlrd kub metrgacha,

• tabiiy gaz qazib olish — 1,1 mlrd kub metrgacha,

• neft qazib olish — 114 ming tonnagacha oshiriladi;

Gazli gaz saqlash inshooti haqida

2017 yilda Gazli omborining gaz ishlab chiqarish quvvati 3 milliard kub metrga teng bo‘lgan. Hukumat o‘sha vaqtda xorijiy hamkorlari bilan birgalikda ombor quvvatini 10 milliard kub metrgacha oshirishni rejalashtirayotganini ma’lum qilgandi.

Prezidentning 2018 yil 3 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi ikki tomonlama strategik hamkorlik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga binoan “O‘ztransgaz” AJ va “Forus” AJ (Rossiya Federatsiyasi) hamkorlikda “Gazli Gas Storage” mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi qo‘shma korxona ta’sis etilgan.

MChJning 60 foiziga “Forus”, 40 foiziga “O‘ztransgaz” egalik qiladi.

“Gazli Gas Storage” MChJ QKning asosiy vazifasi Gazli konining gaz gorizontlari va neft qatlamlarini qo‘shimcha qidirish va qo‘shimcha ishlab chiqish bilan kompleks ravishda kon majmuasidagi yerosti gaz ombori gaz saqlash hajmlarini oshirish hisoblanadi.

Aytilishicha, umumiy quduqlar soni 350 taga yetkazilgan. Kompressor stansiyasining gaz yetkazib berish quvvati 16 dan 20 mln kub metrgacha.

2022 yil oxirida energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Kun.uz’ga bergan intervyusida O‘zbekistonda mavjud 2 ta gaz gaz saqlash ombori (Andijonning Xo‘jaobod tumanida va Gazlida)dan kuniga 20 mln kub metr atrofida yozda haydalgan gaz ajratib olinayotganini ma’lum qilgandi.

Vazir Gazlidagi gaz konidan 60 yil davomida foydalanib kelinganini ta’kidlarkan, murakkab geologik tuzilmali qatlamlarni inobatga olgan holda Rossiyaning “Forus” kompaniyasi bilan birga qo‘shma korxona tuzilganini aytgandi. “Hozirda bu korxona burg‘ilash ishlarini olib bormoqda va oldin olib bo‘lmagan qatlamlardan gaz ajratib olmoqda”, - degandi vazir.

Ko‘proq yangiliklar: