Bugun, 21 avgust kuni, AOKAda biznes-ombudsman rahbariyati va mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi. Tadbirda joriy yilning birinchi yarmida amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
62 nafar mansabdorga jazo tayinlangan
2023 yilning dastlabki 6 oyi davomida biznes-ombudsmanga tadbirkorlardan 4414 ta, «Tadbirkor virtual ofisi» axborot portali orqali 3907 ta murojaat kelib tushgan. Tahlil asosida aniqlangan qonunbuzilishi holatlari bo‘yicha 19 ta taqdimnoma kiritilgan, 62 nafar mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Biznes-ombudsman devonida «Tadbirkor virtual ofisi» axborot portalida ochiq murojaatlarni qabul qilish, umumlashtirish va nazorat qilish imkonini beruvchi alohida bo‘lim ochilib, 1100 qisqa raqami orqali murojaatlarni qabul qiluvchi «Sall-markaz» faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Eng ko‘p murojaat kelib tushgan hududlar:
- Qashqadaryo viloyati – 425 ta;
- Qoraqalpog‘iston R. – 330 ta;
- Surxondaryo viloyati – 253 ta;
- Toshkent shahri – 251 ta;
- Samarqand viloyati – 239 ta.
Murojaatlarning 27 foizi bank-kredit, 14 foizi infratuzilma, 13 foizi yer, bino va inshoot ajratish, 7 foizi soliq, 4 foizi mansabdor shaxslarning xatti-harakati, 3 foizi sud va boshqa organ hujjatlarining ijrosi va 32 foizi boshqa masalalarga oid.
Tekshirishlar miqdori 40 foizga kamaygan
2022 yil 13 sentabrda «Nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatida tekshiruvlar va profilaktika tadbirlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilingandi. Qarorda tadbirkorlik sub’yektlarining faoliyatiga asossiz ravishda aralashish keskin ravishda cheklangandi.
Shu nuqtai nazardan 2023 yil yanvar-iyun oylari davomida amalga oshirilgan tekshiruvlar soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 34 ming 865 taga kamaygan.
Xususan, 2022 yil yanvar-iyun oylarida tadbirkorlar faoliyatida jami 89 ming 64ta tekshiruv o‘tkazilgan bo‘lsa, joriy yilda ushbu ko‘rsatkich 54 ming 199 tani tashkil qilgan.
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish borasida 1 675 ta ta’sir chorasi qo‘llangan, shundan 24 mlrd so‘mlik 79 ta da’vo arizasi (shikoyat), 81 ta taqdimnoma, 9 ta ogohnoma, 32 ta xulosa va 1 474 ta ma’muriy bayonnomalardir.
Natijada, 13 milliard so‘mlik da’vo tadbirkorlar foydasiga qanoatlantirilib, 11 ta qaror (hujjat) bekor qilingan, 113 nafar mas’ul shaxs intizomiy javobgarlikka tortilgan, 37 mln so‘mdan ortiq asossiz hisoblangan qarzdorlik bekor qilingan.
Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqiy kafolatlarini mustahkamlashga, ularni rivojlantirishni rag‘batlantirishga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan 25 ta taklif ishlab chiqilib, prezident administratsiyasiga kiritilgan.
Avvalroq, Savdo-sanoat palatasi va biznes-ombudsman soha vakillari bilan birga tadbirkorlarning ochiq-oshkora reytingini joriy etishi xabar qilingandi.
Bunda, kelgusi yil 1 yanvardan boshlab reytingi yuqori korxonalar:
- barcha turdagi soliq tekshiruvlaridan ozod qilinadi;
- ularga qo‘shilgan qiymat solig‘ining ortiqcha qismi bir kunda qaytarib beriladi;
- qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi guvohnomasini vaqtinchalik to‘xtatib turish amaliyoti bekor qilinadi.