Zarshid Qamarov hamda Azizbek Yusupov maktabning 11-sinfiga o‘tishdi. Shunga qaramay ular allaqachon IT yo‘nalishida ma’lum qadamlarini tashlab ulgurdi. Hozir ular topayotgan mablag‘ katta bir oilani bemalol ta’minlay oladi.
IT – so‘nggi yillarda aynan ushbu qisqartma ibora juda ommalashdi. Ya’ni axborot texnologiyalari. Yoshlarning aksariyati “aytishnik” bo‘laman, deyapti. Sohaga katta yoshlilar ham qiziqa boshladi. Umuman olganda, ushbu sohaga zamonaviy, kelajagi bor yo‘nalish sifatida qaralmoqda.
Aytish mumkinki, “Bir million dasturchi” loyihasi qisqa vaqt ichida axborot texnologiyalariga qiziqishi bo‘lgan bir necha yuz minglab yoshlarga ushbu soha bilan shug‘ullanish, maxsus kurslarda qatnashish, bir qator imtiyozlar va kasb-hunarli bo‘lish imkoniyatini bermoqda.
Bizning suhbatdoshlarimiz ham aynan shu loyiha va tashabbus ortidan o‘zini kashf qilayotgan, kelajagini belgilab olayotgan yoshlardir.
Samarqand shahridagi 9-ixtisoslashgan davlat umumta’lim maktabi o‘quvchilari Zarshid Qamarov hamda Azizbek Yusupov allaqachon IT yo‘nalishi bo‘yicha ma’lum qadamlarini tashlab ulgurdi.
“Men robototexnika hamda radiotexnikaga qiziqaman. Dastlabki amaliy ishimni maktabimizning o‘zida qo‘llab ko‘rdim. Odatda qo‘ng‘iroq chalish uchun har kuni bir o‘qituvchi mas’ul bo‘lib, tanaffus va dars vaqtida qo‘lda qo‘ng‘iroq chalib, hammani ogohlantiradi. Men yaratgan “Aqlli qo‘ng‘iroq” o‘qituvchilarimizni aynan mana shu yumushdan qutqardi. Maxsus kod kiritilgan ushbu qurilma kerakli vaqt davomida tanaffus va dars vaqtini bildiruvchi qo‘ng‘iroq chaladi. Shu uchun ham kimdir band bo‘lishiga ehtiyoj qolmadi. Buyurtma asosida Samarqand iqtisodiyot va servis institutiga ham xuddi shunday “Aqlli qo‘ng‘iroq” yasab berdim”, – deydi Azizbek Yusupov.
Azizbek ushbu qurilmani yasash uchun uncha katta mablag‘ ketmasligini aytmoqda. Barcha ta’lim muassasalariga xuddi shunday “Aqlli qo‘ng‘iroq”larni o‘rnatish mumkin.
Zarshid Qamarov esa arxitektura va dizayn yo‘nalishiga qiziqadi. Hozirgi vaqtda ko‘plab xususiy firmalar bilan hamkorlikda ishlamoqda. Bino va obektlar dizayni, maketini yasab berish orqali maktabdanoq qo‘shimcha daromad qilish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
Zarshid va Azizbek birgalikda “Aqlli uy” loyihasi ustida ishlayotganini ma’lum qilishdi. Ushbu loyihaning bir qator afzalliklari va o‘ziga xosligi bor. Birinchi navbatda, tabiat ne’matlaridan to‘g‘ri foydalanish, suvni isrof qilmaslik, yomg‘ir suvini to‘plab, ekinlarni sug‘orish, hatto iste’mol qilish ham mumkinligi haqida bosh qotirishmoqda. O‘z navbatida o‘quvchilar amalga oshirmoqchi bo‘lgan loyihada barcha xavfsizlik talablariga e’tibor qaratilmoqda. Begonalar bu uyga kirolmaydi, kimdir kirishga urinsa ogohlantirish beriladi. Shuningdek, ichkarida gaz qoplanib, xavf paydo bo‘lsa, uy derazalari avtomat tarzda ochiladi.
Ushbu o‘quvchilar bilan suhbatlashib, IT haqiqatan ham zamonaviy va kelajagi bor yo‘nalish ekaniga amin bo‘ldik. Ular o‘quvchilik davridanoq yirik loyihalar, jiddiy rejalar ustida bosh qotirmoqda. Bu dunyoqarashlariga ham ijobiy ta’sir qilyapti. Ularning fikricha, yaqin kelajakda O‘zbekiston ham shu soha egalariga nihoyatda ehtiyoj sezadi. Zarurat bo‘lsa, uydan chiqmay turib ham butun dunyodan taklif va buyurtmalar olish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.
Ming dollar oylik havoyi gap emasligini isbotlagan o‘qituvchi
Bu kabi yoshlarni tarbiyalayotgan, ularga zamonaviy bilim berayotgan o‘qituvchi bilan ham suhbatlashdik. Shahnoza Ahmatova biz bilan suhbatda hozirgi kunda ming AQSh dollaridan ortiq oylik olayotgan o‘qituvchilardan biri ekanini yashirib o‘tirmadi.
Shahnoza Ahmatovaning ko‘plab shogird-o‘quvchilari “Bir million dasturchi” loyihasi ishtirokchisi.
“Mahalliy va xalqaro tanlovlarda ishtirok etishdan hech qachon qo‘rqmaganman. Ko‘plab sertifikatlarim bor. “Bir million dasturchi” loyihasi bo‘yicha ham sertifikatga ega bo‘ldim. Ushbu sertifikat bilan loyiha tinglovchilariga trenerlik qilishim mumkin. Bir qator ustamalarim bor. Yashirmayman, ayni vaqtda ming AQSh dollaridan ortiq oylik olaman. Zarshid va Azizbekka o‘xshagan shogirdlarimiz esa shu mehnatlarimizning eng yaxshi mevasi, deb bilaman. Ularning yutug‘idan faxrlanaman”, – dedi Ahmatova.
Mazkur maktabda yaratilgan erkin va zamonaviy muhit har yili Zarshid va Azizbekka o‘xshagan yigit-qizlarni tarbiyalash imkoniyatini bermoqda. Ular maktabni bitirar-bitirmas oliy o‘quv yurtlariga kirib, yaxshi bir kasbga ega bo‘lyapti. Aytish mumkinki, “Bir million dasturchi” loyihasi aynan shu maktab misolida ham o‘zini oqlamoqda.