Kpler tahliliy kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, sanksiyalar ostidagi Eron nefti importi so‘nggi o‘n yillikda eng yuqori ko‘rsatkichlarga yetgan, chunki jahonda neft narxi o‘sib borayotgani narxi arzonlashtirilgan bu neftni tobora jozibador qilmoqda.
Eron esa neft eksportini tobora oshirmoqda, chunki geosiyosiy vaziyat nuqtayi nazaridan shunga sharoit yetilgan. Eng ko‘p neft Xitoyga yetkazib berilmoqda. Pekin tomonidan bitum qorishmasi importini nazorat qilish susaytirilishi ham Eronga o‘z neftini shu mahsulot nomi ostida maskirovka qilib yetkazishi, yuklarning bojxonadan tezroq o‘tkazishi uchun sharoit hozirlagan, deyishmoqda bozorda ishtirok etayotgan treyderlar.
Kpler’ning baholashicha, avgust oyida jahonning eng yirik neft importchisi hisoblanuvchi Xitoy Erondan kuniga 1,5 mln barrel xom neft xarid qilmoqda. Bu yilning dastlabki 7 oyidagi kunlik o‘rtacha 917 ming barrelga taqqoslansa, Kpler 2013 yildan buyon kuzatish olib borayotgan ko‘rsatkichlar ichidagi eng yuqorisi bo‘ladi.
Iyun oyi oxirlaridan buyon etalon hisoblanuvchi Brent markali neft narxlarining beshdan bir qismga oshishi katta qismdagi neftni xarid qiluvchi Xitoyning Shandong provinsiyasida joylashgan mustaqil neftni qayta ishlash zavodlarida pasaytirilgan narxlarda neft xarid qilish uchun rag‘bat uyg‘otdi.
Treyderlarga ko‘ra, ayni paytda Eronning asosiy ikkita navli nefti Brent navli neftga nisbatan barreliga 10 foizlik chegirma bilan yetkazilmoqda, bu Rossiya neft navlarining narxidan ham pastroq. Rossiyaning Urals navli nefti iyul oyida barreliga o‘rtacha 64,37 dollar bo‘lgan, avgustda uning narxi 70 dollargacha ko‘tarildi. Eron neftini esa Xitoyga tashish ham arzon.
«Belgilab qo‘yilgan narxlar qancha yuqori bo‘lsa, Shandong neftni qayta ishlash zavodlari uchun Eron neftini izlab topishda risk va daromad nisbati shunchalik yaxshi bo‘laveradi», — degan Kpler’ning neft bo‘yicha katta tahlilchisi Humoyun Falakshohiy. Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy hukumat ma’lumotlarida neft ko‘pincha Malayziyadan yetkazilmoqda, deya tasniflanadi, shuningdek, ba’zan u yanada arzon Venesuela nefti bilan aralashtirilgan bo‘lsa aralashma bitum qorishmasi sifatida ham ko‘rsatilishi mumkin.
Mustaqil neftni qayta ishlovchilar, jargonda «choynaklar» o‘z neft importi bo‘yicha kvotasini sarflab qo‘ymaslik uchun Eron neftini bitum aralashmasi sifatida maskirovka qilishmoqda.
Aprel oyida Xitoy hukumati Shandong provinsiyasida xomashyo importini tekshirishni boshlagandi, bu Eron va Venesueladan og‘ir neft navlari oqib kirishini bir muddat to‘xtatib turgan edi. O‘shandagi tekshiruv sabablari hanuz aniq emas, biroq treyderlarning aytishicha, nazorat yaqindan boshlab yana susaytirilgan.
Xitoyga neft oqimlarini kuzatish bilan shug‘ullanuvchi yana bir kompaniya Vortexa Ltd.ga ko‘ra, joriy oyda Xitoy kuniga 1 mln barrel Eron neftini xarid qilgan, bu borada rekord 2022 yil dekabrida ro‘y bergan — 1,3 mln barrel. Tankerlarni kuzatuvchi firmalarning bir-biriga zid baholari oqimlar tahlilining turli usullaridan foydalanishlari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
«Neft xomashyosi importiga kvotalar va neft zomashyosi bo‘lmagan mahsulot standartlaridagi noaniqlar Xitoyning avgustda neft import qilishini to‘xtatib turibdi», — degan Vortexa tahlilchisi Emma Li. Uning so‘zlariga ko‘ra, Eron nefti eksporti o‘sishining bir qismi suzuvchi omborlar hissasiga ham to‘g‘ri kelishi mumkin.
Soha Kpler va Vortexa kabi kompaniyalar ma’lumotlariga tayanishga majbur, chunki Eron neftining xaridi Xitoy bojxonasi ma’lumotlariga kiritilmaydi. Bojxona ma’lumotlarida 2022 yil iyunidan buyon hech qanday import ko‘rsatilmagan.
Ko‘pincha aralashma bitum qorishmasi sifatida tasniflangan Eron nefti so‘nggi vaqtlarda «boshqa og‘ir neft» sifatida ham ko‘rsatilmoqda. Bojxona ma’lumotlariga ko‘ra, boshqa navli neft importi iyun oyida may oyiga nisbatan 88 barobarga ko‘paygan, bitum qorishmasi xaridi esa 4 barobarga. Malayziya har ikki toifadagi neftning eng yirik yetkazib beruvchisi hisoblanadi.