Har kuni zinapoyadan foydalanish kerak - buning uchun 5 ta sabab bor

Jamiyat 13:34 / 16.08.2023 29054

Tananing beldan pastki qismini kuchliroq qiladi

Zinapoyadan ko‘tarilish — son va boldirlarning kuchliroq, mustahkam bo‘lishiga xizmat qiladi. Tepaga ko‘tarilishda ko‘p mushaklar faollashadi, bu esa ularning yanada rivojlanishishi uchun zamin yaratadi. 

Kardiomashg‘ulot

Zinadan chiqib-tushish yurak-qon tizimi uchun foydali intensiv kardiomashg‘ulot hisoblanadi. Bu odamdagi umumiy chidamlilikni oshiradi, yurakni mustahkamlashga ko‘mak beradi.

Kaloriyalarni sarf etish

Zinaga ko‘tarilishda mushaklar faollashadi, mashg‘ulot intensivligi yuqori bo‘ladi. O‘z navbatida bu vaznni me’yorda saqlash uchun foydali bo‘lgan jarayon — ko‘proq kaloriya yoqish imkonini beradi.

Muvozanatning yaxshilanishi

Zinadan tepaga chiqish yoki pastga tushishda odamdan harakatni bir me’yorda, muvozanatda ushlash talab qilinadi. Ya’ni diqqat kerak bo‘ladi. Natijada insonning diqqati bir joyga jamlanadi. Doimiy mashg‘ulotlar bu boradagi ko‘nikmalarni yaxshilaydi.

Metabolizm uchun foydasi

Intensiv jismoniy mashg‘ulotlar inson organizmida moddalar almashinuvini va oziq-ovqat hazm bo‘lishini tezlatishga yordam beradi. Bu esa organizmning umumiy metabolizmi hamda samaradorligini yaxshilaydi.

Xo‘sh, qanday qilib zinada yurishni kundalik odatga aylantirish mumkin?

1. Liftdan ko‘ra zinapoyadan chiqishni afzal ko‘ring, ayniqsa, buni qisqa masofalarda odatga aylantiring.

2. Ishda ham, uyda ham kun davomida zinadan bir necha marta foydalaning.

3. Turli balandlik va zinalardan iborat ko‘chalar bo‘ylab sayr qilishga odatlaning. 

Xavf-xatar

Foydali mashg‘ulotning xavflari ham mavjud. Qachonki ehtiyotkorlik bo‘lmasa va xavfsizlik qoidalariga rioya etilmasa, qator muammolarga duch kelish mumkin.

Jarohat va yiqilish. Shoshilayotgan vaqtda qadamni noto‘g‘ri bosish orqali odam yiqilishi va buning oqibatida turli jarohatlar (shikastlanish, sinish, ko‘karish kabi) olishi mumkin. 

Bo‘g‘im va mushaklarga bosim. Zinada yurish bo‘g‘imlar, ayniqsa, tizzaga ortiqcha bosim berishi mumkin. Bo‘g‘imlarida muammosi bor odamlardan zinada harakatlanayotganda juda ehtiyotkor bo‘lishi talaba etiladi.

Kuchli og‘riq. Ba’zi holatlarda zinapoyadagi harakatdan so‘ng odam belida yoki bo‘g‘imlarida qattiq og‘riq sezishi mumkin. Bu ham, albatta, sog‘liqdagi muammolar sabab yuzaga chiqadi. 

Zinadagi harakatlarni kundalik odatga aylantiradiganlar xavf ehtimolini kamaytirish uchun bir nechta qoidaga amal qilishi zarur:

  • oyoq ostiga qarash va qadamlarni nazorat qilish;
  • chiqish va tushishda zina tutqichidan ushlash;
  • poshnasi silliq bo‘lgan poyabzal bilan zinada yugurmaslik;

Agar kundalik to‘liq jismoniy mashg‘ulotlarga vaqtingiz bo‘lmasa, zina bo‘ylab harakatlarni o‘zingiz uchun mashg‘ulotga aylantirishning ayni vaqti. Faqat xavfsizlik qoidalarini unutmasangiz bas.

 

Ko‘proq yangiliklar: