Erta o‘limdan samarali himoya – kamida 4 ming qadam bilan bunga erishish mumkin

Jamiyat 15:09 / 09.08.2023 19514

Sog‘lom bo‘lish uchun kuniga 10 ming qadam yurish ko‘pchilik uchun amalga oshirish qiyin bo‘lgan sehrli raqamday tuyulishi mumkin. Lekin olimlar sog‘lik uchun foydali bo‘lishiga 5 ming qadamdan kami ham yetarli bo‘lishini aniqlashdi.

Dunyo bo‘ylab 226 ming ishtirokchi qatnashgan yangi tadqiqotda 4 ming qadam har qanday sababga ko‘ra sodir bo‘ladigan bevaqt o‘lim xavfini kamaytirish uchun yetarli ekanini aniqlandi. Yurak va qon tomirlariga foydali bo‘lishi uchun 2,3 ming qadam ham yetarli bo‘ladi. Lekin qancha ko‘p yurilsa, shuncha sog‘lik uchun foydani sezish mumkin, demoqda tadqiqotchilar.

4 ming qadamdan boshlab to 20 ming qadamgacha har ming qadam erta o‘lim xavfini 15 foizgacha kamaytirib boradi.

Polshaning Lodz universiteti va AQShning Jon Hopkins tibbiyot universitetlari jamoalari insonning yoshi, jinsi va qayerda yashashidan qat’i nazar piyoda yurishdan oladigan foydalarini tadqiq qilib ko‘rishdi.

Lodz universiteti professori Matsey Banaxning aytishicha, garchi davolovchi preparatlar soni ko‘payib borayotgan bo‘lsa-da, ular sog‘lik uchun yagona himoya vositasi bo‘lolmaydi.

"Men ishonamanki, biz har doim turmush tarzimizdagi o‘zgarishlarga: diyeta va jismoniy harakatga e’tiborli bo‘lishimiz kerak. Ular tahlillarimiz qanday bo‘lishining eng asosiy ko‘rsatkichlari hisoblanadi, yurak-qon tomir kasalliklarini kamaytirish va uzoq yashashda samarasi katta", deydi Matsey Banax.

Foto: Getty Images

Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, yetarlicha jismoniy harakat qilmaslik har yili 3,2 mln erta o‘limga sabab bo‘ladi. Bu — dunyoda eng ko‘p uchrashi jihatdan to‘rtinchi o‘rinda turadigan o‘lim sababi hisoblanadi.

Fitnes murabbiyi Hani Faynning ta’kidlashicha, bir joyda ko‘p o‘tirish metabolizmni sekinlashtiradi, mushaklar o‘sishi va ularning kuchiga ta’sir qiladi. Bu esa mushaklarda og‘riq va achishishlar paydo bo‘lishiga olib keladi.

"Bir joyda ko‘p o‘tirish turli xil belog‘riqlarga olib keladi. Ofisda ko‘p o‘tiradigan odamlarning beli stressli tarzda doimiy bir xil holatda bo‘ladi. Bu esa keyinchalik muammoli holatlarga olib kelishi mumkin", deydi u.

Hani Faynga ko‘ra, oddiygina yumushlar: turish, xarid qilish, pol artish, telefonda yurib turib gaplashish kabilar ham bizni nisbatan faol qiladi va tanamizda kaloriyalar nisbatan faolroq parchalanishiga yordam beradi".

Turmush tarziga doimiy yurishni qo‘shish esa qon bosimini pasaytiradi, mushaklarni kuchaytiradi. Bundan tashqari, sayr qilish energiyani oshiradi, endofrin beradi va sog‘lom vaznni saqlashga hissa qo‘shadi.

Qanday qilib sayr qilish kerak?

  • Eng avval bekatgacha 10 daqiqalik yo‘lni piyoda bosib o‘tish;
  • Do‘stlar bilan uchrashuvda piyoda sayr qilishni tanlash;
  • Homiladorlikda doimiy sayrni odat qilish;
  • Ofisda har soatda o‘rindan turish uchun eslatmalardan foydalanish;
  • 10 daqiqalik sayrni sekinlik bilan ko‘paytirib, yarim soatga yetkazish mumkin. 
Ko‘proq yangiliklar: