Toshkent shahri va viloyatidagi 5 ta metan-shoxobcha salkam 1 mln dollarlik gaz o‘g‘irlagani aniqlandi

Jamiyat 23:40 / 07.08.2023 24801

Energetika vazirligi huzuridagi O‘zenergoinspeksiya, huquqni muhofaza qilish organlari va «Hududgazta’minot» AJ xodimlari bilan hamkorlikda Toshkent viloyati va Toshkent shahrida joylashgan avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalarida tezkor tadbir o‘tkazildi. Unda bir qancha qonunbuzarliklar aniqlangan.

Jumladan, Toshkent viloyatining Piskent tumanida joylashgan «K.I.K» korxonasiga qarashli 3 ta shoxobchada o‘rnatilgan gazni hisobga olish uskunalarida nazorat qilinadigan ma’lumotlar iste’molchilar aralashuvi bilan qisman yo‘qotilishiga yo‘l qo‘yilgan. Ya’ni gazni hisobga olish uskunasining elektr ta’minoti tizimidan vaqti-vaqti bilan uzib qo‘yish yo‘li bilan iste’mol qilingan tabiiy gaz hajmining haqiqiy ko‘rsatkichlari yashirilgan. Oqibatda, iste’mol qilingan tabiiy gaz hajmi hisobini yuritish uchun o‘rnatilgan uskunalarning elektron xotira ma’lumotlari yo‘qotilgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 3 ta shoxobcha umumiy hisobda 8 milliard so‘mga yaqin tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan.

Toshkent viloyati, Chinoz tumanida joylashgan «K.P.» korxonasiga qarashli shoxobchada o‘rnatilgan «AvtoPilot PRO» rusumli elektron hisoblagichga o‘rnatilgan bir marotabalik nazorat tamg‘asi qasddan buzilgan va hisoblagichdagi ko‘rsatkichlar tashqi ta’sir yordamida kamaytirib ko‘rsatilgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 1,9 mlrd so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgan.

Toshkent shahri, Sergeli tumanida joylashgan «N.Z.F.B» korxonasiga qarashli shoxobchada gaz hisobdoniga tashqi ta’sir ko‘rsatilgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 1,3 mlrd so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgan.

Aniqlangan holatlar yuzasidan rasmiylashtirilgan hujjatlar huquqni muhofaza etuvchi organlariga taqdim qilingan.

Ko‘proq yangiliklar: