O‘zbekistonda hokim lavozimi joriy etilganiga 33 yil to‘ldi. O‘tgan davr mobaynida 6 nafar arbob 10 yil va undan ko‘proq muddat hudud rahbari lavozimida bo‘ldi, ulardan biri viloyat hokimi lavozimiga 16 yil davomida loyiq ko‘rildi. Shuningdek, 3 nafar hokim 3 tadan viloyatni boshqargani bilan ajralib turadi.
O‘zbekistonda hokim lavozimi 1992 yil 4 yanvarda ta’sis etilgan. Arab tilidan kirib kelgan bu so‘z “hukm, farmon beruvchi” ma’nolarini anglatadi.
Hozir mamlakatda jami 221 nafar hokim faoliyat olib bormoqda. Shundan 13 nafari poytaxt va viloyatlarga, 208 nafari esa – tuman (shahar)larga rahbarlik qilyapti. Yangi Toshkent tumani tashkil etilishi bilan, jami hokimlar soni 222 nafarga yetadi.
Biz hokim lavozimi joriy etilganiga 33 yil to‘lishi munosabati bilan, eng uzoq vaqt viloyat hokimi yoki Qoraqalpog‘iston Respublikasi hukumati raisi lavozimida ishlagan arboblarga e’tibor qaratamiz.
Eng ko‘p ishonch bildirilgan hokimlar
O‘zbekistonda eng uzoq yil viloyat hokimi lavozimida ishlagan mansabdor bu – Erkinjon Turdimov. U jami 16 yil davomida viloyat hokimi lavozimida bo‘ldi: 8 yil Navoiy (2008-2016 yillar), 2 yil Surxondaryo (2016-2018 yillar), 6 yil Samarqand (2018-2024 yillar) viloyatlarini boshqardi.
Turdimovdan tashqari, yana ikki hokim 3 ta viloyatni boshqargan. Bular: Zoyir Mirzayev (Samarqand, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlari, jami 10 yildan ortiq) va Turob Jo‘rayev (Surxondaryo, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlari, jami qariyb 6 yil).
Bitta viloyatda uzoq vaqt rahbarlik qilish bo‘yicha mutlaq rekordchi – Samoyiddin Huseynov. U Buxoro viloyatini 1996 yildan 2011 yilgacha, ya’ni 15 yil boshqargan.
Husenovning rekordini yaqin yillarda Andijon viloyatining amaldagi hokimi Shuhrat Abdurahmonov yangilashi mumkin. U hozirgi kursisiga o‘tirganiga qariyb 12 yil bo‘ldi.
Yana ikki arbob 10 yil davomida hudud rahbari bo‘lgan: Bahodir Yangiboyev Qoraqalpog‘iston hukumatini, Qobiljon Obidov esa Andijon viloyatini bir dekada boshqargan.
Shuhrat G‘aniyev Farg‘onaga, Nuriddin Zayniyev Qashqadaryoga 9 yil rahbarlik qilgan.
Yana bir qator davlat xizmatchilari ikkita hududda hokimlik lavozimida ishlagan. Xususan, amaldagi prezident Shavkat Mirziyoyev Jizzax va Samarqandda, O‘ktam Barnoyev Samarqand va Buxoroda, Erkin Ro‘ziyev Samarqand va Toshkent viloyatlarida, Kozim To‘laganov Toshkent shahri va Toshkent viloyatida, Xayrullo Bozorov Namangan va Farg‘ona viloyatlarida eng yuqori lavozimda bo‘lgan.
Hokimlar uchun eng qo‘nimsiz hudud – Toshkent viloyati. Amaldagi hokim Zoyir Mirzayev viloyatning 15-rahbari hisoblanadi. Hozirgacha Surxondaryo va Samarqand viloyatlarida ham 13 tadan hokim ishlagan. Taqqoslash uchun, ayni paytda o‘z faoliyatini olib borayotgan Shavkat Abdurazzoqov Namanganning oltinchi, Normat Tursunov Navoiyning, Shuhrat Abdurahmonov Andijonning yettinchi hokimlaridir.
Bitta viloyatga ikki marta rahbarlik qilganlar ham bor. Masalan, Qobiljon Obidov 1993-1996 yillar hamda 1997-2004 yillarda Andijon viloyatini, Rustam Xolmatov esa 2008-2013 yillar va 2019-2021 yillarda Toshkent viloyatini boshqargan.
Aksariyat mansabdorlar hokimlikdan keyin davlat boshqaruv tizimidagi boshqa yo‘nalishlarda o‘z faoliyatini davom ettirgan. Jumladan, Zoyir Mirzayev Samarqand viloyati hokimi lavozimidan bosh vazir o‘rinbosari – qishloq va suv xo‘jaligi vaziri lavozimiga ko‘tarilib, bir muddat o‘tganidan keyin tuman hokimi darajasigacha mansab pillapoyalaridan pastlagandi. Quyi bo‘g‘indagi bir yillik ish faoliyatidan keyin esa yana viloyat hokimi (Qashqadaryo viloyati) rutbasiga qaytdi.
Samarqand viloyatining boshqa bir sobiq hokimi Turob Jo‘rayevning ishdan ketishi esa so‘nggi yillarda ochiqlangan eng katta korrupsiyaviy jinoyatlardan biri hisoblanadi. 2019 yilda Jo‘rayev “jinoiy guruh rahbari” sifatida ko‘p qavatli turar joylar qurish uchun pudratchilardan jami 2 mln 140 ming dollar miqdorida pora olgani uchun 13 yilga qamalgandi.
Hokimlarni saylash tizimiga o‘tish kechiktirildi
Hokimlarning qo‘l ostidagilarni haqoratli so‘zlar bilan kamsitishi, majburiy mehnatga jalb qilishi, kun va tunning istalgan vaqtida yig‘ib, majlis o‘tkazishi ko‘pchilik uchun ajablanarli holat emas. Joylardagi aksariyat maishiy muammolar hokimlik bilan bog‘liq. Bu buzish ishlari bo‘ladimi yoki ichimlik suvi, yo‘llarga asfalt yotqizish, daraxtlar, obodonchilik, kreditlar, ish o‘rinlarimi, hammasi yakunda mazkur tuzilmaga borib taqaladi.
Shu jihatdan faol jamoatchilik anchadan beri hokimlarni xalq tomonidan saylash masalasini ko‘tarib keladi.
2023 yilga kelib, bu masalada uzil-kesil yakuniy qaror qabul qilingani oydinlashdi: hokimlar saylovi hozircha bo‘lmaydi, joriy bosqichda faqat hokimlarning vakillik organlariga rahbarligi tugatiladi.
2023 yilda yangilangan Konstitutsiyaga asosan, 2024 yildagi saylovdan keyin viloyatlar va Toshkent shahri miqyosida hokimlarning mahalliy kengashlarga raislik qilishiga barham berildi. Kengashlarga deputatlar orasidan raislar saylandi. Tuman (shahar)larda bu tartib 2026 yil 1 yanvardan amal qila boshlaydi.
Fikrimizcha, mahalliy ijro hokimiyati rahbari mahalliy aholi tomonidan umumiy, teng va to‘g‘ridan to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan ikki muddatdan ko‘p bo‘lmagan muddatga saylanishi masalasini kun tartibiga qaytarish maqsadga muvofiq.
Mamlakatdagi eng katta mansab egasi – davlat rahbari ham xalq tomonidan saylanadi. Viloyat va tumanlar kesimida ham ushbu jarayonni yo‘lga qo‘yish fuqarolarning siyosiy faolligini oshiradi va davlat boshqaruvidagi ishtirokini kuchaytiradi.
Saylov orqali boshqaruvga kelgan hokim xalq oldida ko‘proq mas’uliyat his qiladi, mahalliy muammolar va ehtiyojlarni yaxshiroq tushunadi, ularni hal qilishga ko‘proq intiladi.
Doston Ahrorov