Ayrim xaridorlar avtosalondan olingan shartnomalarni qayta sotuvga qo‘ydi

Iqtisodiyot 16:44 / 07.08.2023 47205

8 oylik tanaffusdan so‘ng, UzAuto Motors 4 avgust kuni Chevrolet Cobalt, Lacetti va Damas modellari uchun shartnoma berish boshlanganini e’lon qildi. Buning ortidan avtosalonlarda ajiotaj yuzaga keldi. Monopol kompaniya esa kontraktatsiyani ochganidan 24 soat o‘tmay yana noma’lum muddatga yopdi.

Sun’iy tarzda yuzaga keltirilgan talabning ortishi sababli turli xil savdo platformalarida, xususan, OLX'da UzAuto Motors avtomobillari uchun shartnomalar sotuvi boshlandi.

Masalan, bitta olibsotar Damas-2 avtomobiliga 3 dona shartnomasi borligi, ularning har birini 250 dollarga sotishi mumkinligini ta’kidlab, e’lon joylashtirgan.

Boshqa bir sotuvchi esa Cobalt avtomobiliga olingan shartnomaning o‘ziga 25 mln so‘m pul so‘ragan.

Bundan tashqari, Lacetti L-optima shartnomasi uchun 1000 dollar qo‘shimcha haq so‘ralgan e’lonlarni ham uchratish mumkin.

“O‘zavtosanoat” vakilining Kun.uz'ga izoh berishicha, olingan shartnomalarni boshqa odamning nomiga qayta rasmiylashtirish imkoniyati yo‘q. Agar 7 kun ichida ko‘zda tutilgan mablag‘ to‘lanmasa, shartnoma avtomatik ravishda bekor qilinadi.

Telegram'dagi Uzavtosavdo_bot ma’lumotlariga tayanilsa, 7 avgust holatiga ko‘ra, shartnoma imzolash imkoniyati mavjud bo‘lgan UzAuto Motors'ning eng arzon modellari: Onix – 221 mln 640 ming so‘mdan, Tracker-2 esa 223 mln 824 ming so‘mdan boshlanadi. Onix uchun 4359 ta, Tracker-2 uchun 12890 ta navbat ham bor.

Damas, Sobalt va Lacetti kabi modellar uchun qancha navbat borligini ko‘rsatuvchi statistik raqamlarni ochiqlash to‘xtatilgan.

Ko‘proq yangiliklar: