Rossiyaning «Janub» qo‘shinlar guruhi qo‘mondoni, general-polkovnik Gennadiy Anashkin Seversk yo‘nalishidagi vaziyat tufayli o‘z lavozimidan olingan. Bu haqda dastlab harbiy muxbirlar hamda urush tarafdori bo‘lgan Z-kanallar mualliflari o‘z manbalariga asoslanib xabar tarqatdi, keyinroq RBK nashrining RF mudofaa vazirligidagi manbasi ushbu ma’lumotni tasdiqlab, bu o‘zgarish «rejali rotatsiya» doirasida amalga oshirilganini ma’lum qildi.
Anashkin lavozimidan olingani haqida harbiy muxbir Yuriy Kotenok, harbiy bloger Kirill Fedorov, shuningdek, «Voyennyy osvedomitel» va «Rybar» telegram-kanallari birinchilardan bo‘lib xabar tarqatgandi.
Fedorovning ma’lumotiga ko‘ra, iste’fo sababi «dezinformatsiya va qo‘mondonlikni chalg‘itish» bo‘lgan. Uning qayd etishicha, avvalroq ham «aholi yashash punktlari faqat xaritada egallangan» ushbu yo‘nalishda brigada komandirlari ishdan olingani bilan bog‘liq ma’lumotlar kelgandi. Kotenok ham Anashkin ishdan olinishini «oliy qo‘mondonlikka haqiqiy holat bo‘yicha haqiqatni yetkazishni istamaslik» bilan izohlagan.
«Rybar» telegram-kanali muallifi yozishicha, «Janub» guruhi qo‘mondonligi almashishi chindan ham Seversk yo‘nalishidagi muammolar oqibati bo‘lgan. U bir necha aholi yashash punktlari nomini sanagan — Belogorovka, Grigorovka, Serebryanka, Zolotarevka, Verxnekamenskoye, Viyemka — bular «yolg‘on va behuda yo‘qotishlar sinonimi»ga aylangani qayd etilgan.
Rossiya mudofaa vazirligi so‘nggi vaqtlarda o‘z hisobotlarida muntazam ravishda «Janub» qo‘shinlari guruhi «raqib mudofaasi ichkarisiga harakatlanayotgani» va «Rybar» keltirgan aholi yashash manzillarida ham Ukraina qurolli kuchlariga og‘ir zarbalar berayotgani haqida xabar qilgandi.
Rossiya mudofaa vazirligi Anashkin tayinlangani haqida ham, ishdan olingani haqida ham rasman xabar bermagan.
Gennadiy Anashkin Ryazan 1993 yilda oliy havo-desant qo‘mondonligi o‘quv yurtini tamomlagan, HDQ qismlarida xizmat o‘tagan, 2008 yilda Gurjistondagi harbiy harakatlardagi ishtiroki tufayli Rossiya Federatsiyasi qahramoni unvonini olgan.
2024 yil bahoriga qadar Anashkin 8-gvardiya umumqo‘shin armiyasiga qo‘mondonlik qilgan. Kreml saytida may oyida e’lon qilingan xabardan u 2024 yil may oyida Janubiy harbiy okrug qo‘mondoni vazifasini bajaruvchi etib tayinlanganini bilish mumkin. Bungacha ushbu lavozimni general-polkovnik Sergey Kuzovlev egallab turgandi, keyinroq u Moskva harbiy okrugi qo‘shinlari qo‘mondoniga aylangan.