Jahon | 21:59 / 15.03.2025
5679
6 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy Kursk oblastida janglar davom etayotganini aytdi

Tramp ortidan Pentagondagi manba ham Kursk oblastida ukrain harbiylari qurshov holatida ekanini xabar qilgan.

Foto: Ukraina prezidenti ofisi

AQSh prezidenti Donald Tramp 14 mart kuni «minglab ukrainalik askarlar rus harbiylari tomonidan to‘liq o‘rab olingani hamda juda yomon va zaif holatda» ekanini aytdi. Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putinni «ularga rahm qilish»ga chaqirgan, aks holda, uning so‘zlariga ko‘ra, «Ikkinchi jahon urushidan beri kuzatilmagan dahshatli qirg‘in» ro‘y beradi.

Katta ehtimol bilan, Tramp Kursk oblastidagi ukrain harbiylarini nazarda tutgan. Tarqalgan videoyozuvlarga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari bo‘linmalari Kursk oblastidagi platsdarmning katta qismini tark etgan, shu bilan birga katta yo‘qotishlarga uchragan. Ukraina armiyasi nazorati ostida faqat «Sudja» chegara o‘tish punkti va uning atrofidagi bir nechta qishloq qolmoqda. Rossiya dronlari zarbalari tufayli bu hududlarga ta’minot yetkazib berish qiyinlashgan bo‘lsa-da, qurshov holati yo‘q.

Taxminlarga ko‘ra, Trampning bayonoti Pentagonning bahosiga asoslangan: amerikalik harbiy anonim tarzda NBC News telekanaliga ma’lum qilishicha, RF qurolli kuchlari Kursk oblastida ukrain harbiylarini «deyarli to‘liq o‘rab olgan», Ukraina qurolli kuchlarining ayrim bo‘linmalari chekinayotib, texnikani tashlab ketgan.

Vladimir Putin Trampning iltimosini bajarishga tayyorligini ma’lum qildi. «AQSh prezidentining chaqirig‘ini samarali amalga oshirish uchun Ukraina harbiy-siyosiy rahbariyati o‘z harbiy bo‘linmalariga qurollarni tashlash va taslim bo‘lish bo‘yicha tegishli buyruq berishi zarur», – dedi Putin 14 mart kuni Rossiya Xavfsizlik kengashi yig‘ilishi boshlanishidan oldin. Keyingi kuni Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov TASS muxbiriga Putinning qurolni tashlash taklifi hali ham amalda ekani, ammo ukrainlarning «vaqti sag‘ri terisi kabi qisqarayotgani»ni aytdi.

Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi Trampning bayonotidan ko‘p o‘tmay, Rossiya harbiylari Kursk oblastidagi Ukraina bo‘linmalarini o‘rab olgani haqidagi da’volar «haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi va rossiyaliklar tomonidan siyosiy maqsadlar hamda Ukraina va hamkorlarga bosim o‘tkazish uchun yaratilgani» haqida xabar berdi.

Bosh shtabning ma’lum qilishicha, Ukrainaning «Kursk» qo‘shinlari guruhining operatsion zonasida harbiy harakatlar davom etmoqda. «Ukraina mudofaa kuchlari bo‘linmalari qayta guruhlanishni amalga oshirdi, mudofaaning qulayroq chiziqlariga o‘tdi va Kursk oblasti hududida belgilangan vazifalarni bajarmoqda. Jangchilarimiz dushmanning hujumkor harakatlarini qaytarmoqda va unga barcha turdagi qurollardan samarali o‘t ochib zarba bermoqda», – deyiladi Ukraina tomoni bayonotida. Bosh shtab «bo‘linmalarni qurshab olish xavfi yo‘qligi»ni ta’kidlagan.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 15 mart kuni Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiyning Kursk oblastidagi Ukraina harbiylarining holati haqida hisobotini olganini ma’lum qildi:

Qurolli kuchlarimizning Kursk oblastining ayrim rayonlaridagi operatsiyasi davom etmoqda. Bo‘linmalar vazifalarni aynan kerakli tarzda bajarmoqda. Ukraina kuchlari tufayli Kursk oblastida Rossiyaning ko‘plab kuchlari boshqa yo‘nalishlardan olib chiqildi. Bizning qo‘shinlarimiz Kursk oblastida Rossiya va Shimoliy Koreyaning tegishli guruhlarini ushlab turishda davom etmoqda. Qo‘shinlarimiz qurshovga tushmagan. Putin Ukraina qo‘shinlari Kursk oblastida qurshovda ekani haqida yolg‘on gapirmoqda. Rossiya Ukraina qo‘shinlarini Kursk yo‘nalishida qurshovga olmoqchi, ammo Rossiya emas, Ukraina hududida. Va biz qayerda ekanini bilamiz.

Zelenskiyning qo‘shimcha qilishicha, Ukraina rasmiylari Rossiya Ukraina sharqiy chegarasi bo‘ylab qo‘shin to‘playotganini ko‘rib turibdi. «Bu bizning Sumiga zarba berish istagidan dalolat beradi. Biz buni tushunamiz va qarshilik ko‘rsatamiz. Istardimki, barcha hamkorlar ham Putin aynan nimani rejalashtirayotgani, nimaga tayyorgarlik ko‘rayotgani va aynan nimani e’tiborsiz qoldirishini tushunishsin. Rossiya kuchlarining to‘planishi Moskvaning kelajakda ham diplomatiyani e’tiborsiz qoldirish niyatida ekanidan dalolat beradi. Rossiya urushni cho‘zayotgani aniq», – dedi Ukraina prezidenti.

Meduza nashri Ukraina rahbarining mahalliy ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan nutqidan mazmunini saqlagan holda boshqa iqtiboslarni ham keltirgan.

- Hamma Ukraina AQSh bilan muzokaralarda g‘alaba qozonganiga ishonadi, dedi Zelenskiy.

- Qo‘shma Shtatlar ishg‘ol qilingan hududlar masalasini ko‘tardi, ammo Ukraina ularni Rossiyaniki deb tan olmaydi.

- Ittifoqchilarning xavfsizlik kafolatlari, shuningdek, Ukrainaning NATOga a’zoligi haqidagi qaror Rossiyaning xohishiga bog‘liq bo‘lishi mumkin emas.

- Agar rossiyaliklar 30 kun davomida o‘t ochishni to‘xtatishga tayyor bo‘lmasa, demak ular Trampning taklifiga rozi emas.

- O‘t ochishni to‘xtatish rejimiga 30 kun emas, balki biroz ko‘proq vaqt kerak bo‘lishi mumkin, asosiysi, AQSh Rossiyaning «lekin»lariga bo‘yin egmasligi lozim.

- Agar Rossiya sulhni buzsa, biz o‘zimizni himoya qilishda davom etamiz.

Mavzuga oid