Iyun oyida Misrda YTHga uchragan o‘zbekistonlik ayol vataniga qaytarildi

Jamiyat 12:40 / 06.08.2023 21606

Misrda 6 iyun kuni sodir bo‘lgan YTHda jabrlanib, og‘ir tan jarohati olgan O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan ayol ikki oydan so‘ng vataniga qaytarildi, deya xabar bermoqda «Dunyo» axborot agentligi.

Og‘ir tan jarohati olgan bemor Qohiradagi shifoxonalardan birining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgandi. Unga o‘pkada pnevmotoraks, tos suyagi va chap boldiri sinishi tashxisi qo‘yilgan, yuzi va tanasida ko‘plab g‘urralar (gematoma) borligi aniqlangan.

O‘zbekiston elchixonasi xodimlari bemorning ahvolini birinchi kundanoq kuzatib borgan. U 12 iyun kuni Misr sog‘liqni saqlash vazirligi ko‘magida hukumatning insonparvarlik yordami sifatida Qohiradagi Nosir ilmiy-tadqiqot va davolash institutiga bepul davolanish uchun yotqizilgan. Statsionarda bemor zarur tibbiy ko‘rik va tadqiqotlardan o‘tkazilgan.

5 avgust kuni u O‘zbekistonning Qohiradagi elchixonasi, Uzbekistan Airways aviakompaniyasi, Misr sog‘liqni saqlash vazirligi hamda o‘zbekistonlik mutaxassislar ko‘magida Sharm ash-Shayx-Toshkent reysi bilan O‘zbekistonga jo‘natilgan.

Elchixona Misrga borishni rejalashtirayotgan o‘zbekistonliklarni oldindan tibbiy sug‘urta qilish va chet elda qolish vaqtida ehtiyot choralarini ko‘rishga chaqirdi.

Ko‘proq yangiliklar: